“7,4 mlrd so‘m talon-toroj qilingan” - Toshkentda o‘pirilib tushgan yo‘l o‘tkazgich ishi bo‘yicha hukm o‘qildi
Mirzo Ulug‘bek tumanidagi yo‘l o‘tkazgichning bir qismi o‘pirilib tushishi bo‘yicha qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi sudda ko‘rib chiqilib, 6 kishi jinoiy jazoga tortildi. Sud hukmiga ko‘ra, qurilish ob’yektida 6 mlrd 177 mln so‘mlik ishlar yaroqsiz bajarilgan va 1,2 mlrd so‘mlik ish amalda bajarilmagan holda qo‘shib yozilgan.

Toshkentda Temur Malik va Buyuk Ipak yo‘li ko‘chalari kesishmasidagi yo‘l o‘tkazgichning bir qismi qulab tushishi bilan bog‘liq ish bo‘yicha sud hukmi o‘qildi. Ushbu hodisa natijasida 7,4 milliard so‘m byudjet mablag‘lari talon-toroj qilingani aniqlandi. Kun.uz sud hujjatlari bilan tanishib, tafsilotlarni ma’lum qildi.
**Sudlanuvchilar**
Jinoyat ishida 6 nafar shaxs sudlangan:
* **Akmal Murodov** – “O‘zyo‘lko‘prik klasterining Toshkent viloyati filiali” davlat muassasasi 12-turkumli umumiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari;
* **Sanjar Mannonov** – “Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini qurish va rekonstruksiya qilish direksiyasi” DM direktor o‘rinbosari – bosh muhandisi;
* **Zafar Sharaxmedov** – “Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini qurish va rekonstruksiya qilish direksiyasi” DM muhandislik texnik nazorat va bajarilgan ishlarni qabul qilish bo‘lim bosh mutaxassisi;
* **Abdumutal Isropilov** – “O‘zyo‘lko‘prik klasterining Toshkent viloyati filiali” DM ishlar bo‘limi ish boshqaruvchisi;
* **Nurshod Mavlonov** – “Yo‘l loyiha byurosi” MChJ 1-sun’iy inshootlarni loyihalashtirish bo‘limi loyiha bosh muhandisi;
* **Obid Adilov** – “Grand nur yo‘l qurilish” MChJ direktori.
Sudlanuvchilarga nisbatan dastlab qo‘llanilgan qamoq va uy qamog‘i ehtiyot choralari keyinchalik garovga almashtirilgan.
**Ayblov**
Sud hukmiga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 24-martdagi qarori bilan Toshkent halqa yo‘lining Temur Malik ko‘chasidan o‘tgan qismini hamda ushbu yo‘ldagi yo‘l o‘tkazgichni rekonstruksiya qilish va yangisini qurish belgilangan. Shu maqsadda “O‘zyo‘lko‘prik klasterining Toshkent viloyati filiali” DM va “Umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini qurish va rekonstruksiya qilish direksiyasi” DM o‘rtasida 2024-yil yanvar oyida 118 milliard 996 million so‘mlik, 2024-yil avgust oyida esa qo‘shimcha kelishuvlar bilan 94 milliard 15 million so‘mlik pudrat shartnomalari tuzilgan.
Aniqlanishicha, ob’yektda 4 ta monolit beton tayanch devorlari ostki qismidagi poydevor, tayanch devorlari, yer ishlari, qayta ko‘mish ishlari, ustki asos qatlami va tayanch devorlarining tashqi bezak ishlari bilan jami 6 milliard 177 million so‘mlik yaroqsiz qurilish ishlari amalga oshirilgan. Shuningdek, 433 million so‘mlik bazalt geosetka va 766 million so‘mlik qum-shag‘al aralashmasini yotqizish ishlari amalda bajarilmagan bo‘lsa-da, bajarilgan ishlar dalolatnomasiga kiritilgan.
Sud hujjatida sudlanuvchilar o‘zaro til biriktirib, jami 7 milliard 377 million so‘m miqdoridagi byudjet mablag‘larini o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgani, buning oqibatida 12-mart kuni yo‘l o‘tkazgich tayanch devorining bir qismi qulab tushgani qayd etilgan.
**Sudlanuvchilarning himoyasi**
Sudlanuvchilarning 5 nafari aybiga iqrorlik bildirmagan.
Akmal Murodov o‘z ko‘rsatmasida ayblovni inkor etib, 7 milliard 377 million so‘m byudjet mablag‘lari talon-toroj qilingani oqibatida yo‘l o‘tkazgich tayanch devorining bir qismi qulab tushgani haqidagi holat maqbul dalillar bilan tasdiqlanmaganini ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, jinoyat ishi materiallarida yaroqsiz qurilish ishlari amalga oshirilganligi asossiz ko‘rsatilgan. Shuningdek, dastlabki loyiha-smeta hujjatlarida qum-shag‘al aralashmasi hamda bazalt geosetka yotqizish ishlari nazarda tutilmaganini, bu ishlar faqat 2025-yil iyul oyida qo‘shimcha ishlar smetasiga kiritilganini bildirgan. Uning fikricha, pudratchi tomonidan bajarilgan 6 milliard 177 million so‘mlik ishlar yaroqsiz emas, balki sifatsiz bajarilgan bo‘lib, shartnoma talablariga muvofiq bartaraf etilishi mumkin bo‘lgan kamchiliklar hisoblanadi. Shu bois 7 milliard 377 million so‘m byudjet mablag‘lari talon-toroj qilingani haqidagi xulosa haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini aytgan.
Qolgan 4 nafar sudlanuvchi ham aybiga iqrorlik bildirmasdan, shunga o‘xshash ko‘rsatmalar bergan.
Faqat Abdumutal Isropilov o‘ziga nisbatan e’lon qilingan ayblovga qisman iqror bo‘lgan. U sudda qurilish ishlari dastlab loyiha-smeta hujjatlarisiz bajarilganini, 1- va 2-bosqich bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlariga tirgak devorlar uchun qum-shag‘al aralashmasi hamda bazalt geosetka yotqizish ishlari kiritilmaganini, faqatgina 2025-yil iyul oyida ishlab chiqilgan qo‘shimcha ishlar smetasida mazkur ishlar kiritilganini ma’lum qilgan.
**Ekspertlar xulosasi**
Transport prokuraturasi qaroriga asosan respublika sud ekspertizasi markazi ekspertlari va bir nechta mas’ul tashkilotlar mutaxassislari ishtirokida ob’yektda o‘rganish o‘tkazilgan.
Hukmda keltirilishicha, o‘rganish jarayonida quyidagi kamchiliklar aniqlangan va ular yo‘l o‘tkazgich tayanch devorining qulashiga sabab bo‘lgani aytilgan:
* 3-sonli tayanch tirgak devorining monolit qismida yuqori qism anker armaturalarining pastki qismiga kirish uzunligi atigi 400–450 mm.ni tashkil etgan. Bu loyihada nazarda tutilgan 750 mm talabdan kam;
* devor panjaralarini bog‘lovchi ko‘ndalang armaturalar loyihaviy qadamlarga rioya etilmasdan o‘rnatilgan;
* betonning himoya qatlami qalinligi loyihaviy ko‘rsatkichdan oshib ketgan;
* devor qalinligi o‘zgargan joylarda gorizontal sovuq choklar mavjud va aynan shu choklar bo‘ylab yuqori qism qulab tushgan;
* betonlashtirish choklari konstruksiya mustahkamligini ta’minlaydigan tarzda joylashtirilishi lozim bo‘lgan bo‘lsa-da, mazkur talablarga rioya etilmagan.
Mutaxassislar, agar qulab tushgan tayanch devor qurilish normalari va qoidalari hamda qurilishga oid boshqa normativ hujjatlar talablariga to‘liq rioya qilingan holda barpo etilganida, mazkur qulash holati yuzaga kelmagan bo‘lardi, degan xulosaga kelgan.
**Jazo**
JIB Mirzo Ulug‘bek tuman sudi hukmi bilan sudlanuvchilar mansab soxtakorligi (JK 209-moddasi) hamda o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish (JK 167-moddasi) jinoyatlarida aybli deb topilgan. Ularga 1 yil muddatga moddiy va mansabdorlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda 116,2 million so‘mdan (biriga 112,5 million so‘m) jarima jazosi tayinlandi.
Bosh prokuratura depozit hisobraqamiga qo‘yilgan jami 7 milliard 377 million so‘m pul davlat foydasiga o‘tkazilishi belgilandi. Hukmdan norozi taraflarga apellyatsiya instansiyasiga shikoyat berish yoki protest bildirish huquqlari tushuntirilgan.
**Hodisa tafsilotlari**
2026-yil 12-mart kuni Mirzo Ulug‘bek tumanida 2024-yilda qayta qurilgan “Buyuk Turon” ko‘prigiga olib chiquvchi yo‘lning bir qismi o‘pirilib ketgan edi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan suratlardan ko‘rinishicha, o‘pirilish – yo‘l o‘tkazgichning Temur Malik ko‘chasidan Buyuk Ipak yo‘li ko‘chasiga olib chiquvchi qismida sodir bo‘lgan.
“Buyuk Turon” ko‘prigi (“Troitskiy most” ham deyiladi) – Temur Malik ko‘chasini rekonstruksiya qilish loyihasi doirasida 128,6 milliard so‘mga qayta qurilgan bo‘lib, 2024-yil avgust oyida – Mustaqillik bayrami arafasida foydalanishga topshirilgandi.
Hodisadan hech kim jabrlanmagan. Voqea joyiga zudlik bilan avariya xizmatlari, texnik mutaxassislar va mas’ul tashkilotlar vakillari yuborilib, hodisa sodir bo‘lgan hudud o‘rab olingan. Ko‘p o‘tmay yo‘l o‘tkazgich devori o‘pirilib tushishi videosi paydo bo‘ldi. Keyinchalik holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi.

