“16 yoshimda berilgan mashina bir oilani otasiz qoldirdi”: mahkum hikoyasi
Davolanish uchun Namanganga borgan 28 yoshli navoiylik YPX xodimi fojiali tarzda vafot etadi. Uni urib ketgan Onix o‘smir boshqaruvida edi. Bu mashina 16 yoshidagi tug‘ilgan kuniga otasining sovg‘asi bo‘lgan va bola hech qanday hujjatsiz 2 yil mashina haydab yurgan.

**"16 yoshimda berilgan mashina bir oilani otasiz qoldirdi": Mahkumning achchiq hikoyasi**
Namanganda davolanayotgan 28 yoshli navoiylik YPX xodimi fojiali tarzda hayotdan ko‘z yumdi. Uni urib yuborgan "Onix" avtomobilini 16 yoshli o‘smir boshqargan. Bu mashina uning 16 yoshga to‘lgan kuniga otasining sovg‘asi bo‘lib, bola ikki yil davomida hech qanday hujjatsiz avtomobil haydab yurgan.
Kun.uz va Jazoni ijro etish departamenti hamkorligida tayyorlangan navbatdagi ko‘rsatuv so‘nggi paytlarda ko‘paygan, voyaga yetmaganlarning rulga o‘tirishi oqibatida yuz berayotgan fojialarga bag‘ishlandi. Hozirda shu sababdan jazo muddatini o‘tayotgan mahkumning hikoyasi ham shular jumlasidan.
2025-yil 25-noyabr kuni Namangan shahri Islom Karimov ko‘chasida dahshatli yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Davolanish uchun Namanganga kelgan Navoiy viloyati YPX xodimi Doniyor Nurullayev piyodalar o‘tish yo‘lagidan o‘tayotganida raqamsiz qora "Onix" uni urib yubordi.
**"16 yoshimda otam mashina sovg‘a qildi"**
Avtomobil ichida ikki nafar voyaga yetmagan o‘smir bo‘lgan. Ular Instagram orqali jonli efir qilib ketayotgan edi. Rulda esa 16 yoshli Hasanboy Ziyovuddinov bo‘lgan.
"2024-yilda, 16 yoshga to‘lgan kunim otam avtomashina sovg‘a qilgandi. 16 yoshimda rulga o‘tirganman. 2025-yil 25-noyabr kuni shu o‘zimga tegishli, qarindoshimning nomida bo‘lgan mashinada Namangan shahrida Afsona yo‘nalishidan Do‘stlik yo‘nalishiga qarab ketayotgan edik. Yonimda do‘stim Instagram'da to‘g‘ridan-to‘g‘ri efir qilib ketayotgan edi. Islom Karimov ko‘chasidagi gospital yonidan qayrilganimda sherigim birdaniga "odam" dedi. Tormozni bosganimda odamni urdim. Tushsam, mendan 7 metr chamasi uzoqda ekan, borganimda ko‘zlari ochiq, nafas olayotgan edi. 103 chaqirdim, shifoxonaga olib ketishdi. Keyin IIB xodimlari kelib bayonnoma rasmiylashtirayotganda u odamning joni uzilganini eshitdim", deydi mahkum.
Ammo bu "Onix" Hasanboy uchun shunchaki tug‘ilgan kun sovg‘asi emas edi. Bu 16 yoshli o‘smirga berilgan cheksiz erkinlik edi. Tergov materiallariga ko‘ra, u hech qanday haydovchilik huquqisiz ikki yil davomida avtomobil boshqarib kelgan. Shu vaqt ichida uning avtomobili to‘rt marta jarima maydonchasiga olib ketilgan. Har safar jarima to‘lanib, mashina qaytarib olingan. Oxirgi marta avtomobilni jarima maydonchasidan chiqarishga yordam bergan IIB xodimi ham ayni paytda jazo o‘tamoqda.
Hasanboy belgilangan jazo muddatini o‘tab, bir kun uyiga qaytadi. Ammo halok bo‘lgan Doniyor Nurullayev hech qachon qaytmaydi. Uning farzandlari esa otasiz ulg‘ayadi. Bir otaning o‘g‘liga mashina sovg‘a qilishi, boshqa bir otaning farzandidan judo bo‘lishiga sabab bo‘ldi.
**"Avtomobil obro‘ ramziga aylanganda..."**
Psixoterapevt Gavhar Teshaboyevaga ko‘ra, jamiyatda avtomobilni obro‘ va qudrat belgisi sifatida qabul qilish xavfli psixologik jarayonlarni shakllantirishi mumkin.
"Hozirgi kunda insonlar uchun pul, mansab, qanaqadir statuslar qadriyatga aylandi. Ya’ni insonning puli, obro‘si bo‘lsa, u qadrli. Afsuski, moddiyatga, moddiy yetuklikka intilishimiz ortida ma’naviy qoloqlik, nafs nazoratining buzilishi, boshqa insonlarning hayotini qadrsizlantirish yuz berdi. Moddiyat birinchi o‘ringa chiqqan joyda ma’naviyat, ruhiyat qadrsizlanadi. Masalan, poygaga intilish bo‘ladi: aql buning xavfli ekanini his qiladi, lekin nafs "bos, pedalni bos, senda hech qanaqa halokat bo‘lmaydi. Bu poygada yutasan", degan fikrni beradi. Nafsning aytgani bizga yoqadi. Shunday tarzda nafsning ortidan doimiy quvish natijasida inson nafsning quliga aylanib qolganini sezmay qoladi. Inson bir marta qoidani buzib ko‘rsa, bu xulq unda yana qayta takrorlanadigan bo‘lsa, bu ko‘nikmaga aylanadi. Ya’ni xatti-harakatiga singdi, bu uning taqdiriga aylandi. Bu ko‘cha harakati qoidalarini buzishdan boshlanadi yoki odamlar bilan munosabatlar buziladi. Asta-sekin bu buzilishlar yuqoriga qarab chiqib boraveradi. Jamiyatning qoidalarini buzadi. Keyinchalik jinoyatga qo‘l urishi mumkin. Hech qanaqa cheklovlari bo‘lmagan, liberal o‘sgan, nima istasa qilgan, shunday tushunchada o‘stirilgan bolalarda katta yoshga kelganda narsistik buzilishlar, shaxs buzilishlari yuzaga chiqadi. Ba’zida ko‘ramiz, ziyoli oila, lekin nimagadir farzandi noqobil. Chunki bu oila bolasining hamma moddiy ta’minotini qilib berdi, uning ma’naviy-ruhiy tarbiyasi bilan shug‘ullanmadi. Bola ma’lum yoshga yetganda kamchiliklari ko‘rina boshlaydi – bu bolaga berilgan chegarasiz imkonlar natijasi".
**Muammo faqat rulda emas**
Ayrim ota-onalar mehrini qimmatbaho sovg‘alar bilan ifoda etadi. Ammo hali qonun oldida avtomobil boshqarish huquqiga ega bo‘lmagan o‘smirga berilgan kalit ba’zan xavf manbaiga aylanishi mumkin. Chunki muammo faqat ruldagi odamda emas. Muammo mashinani obro‘, tez yurishni jasorat, qoidani buzishni esa epchillik deb qabul qilayotgan jamiyatda.

