Özbekiston va Afğoniston savdosi 5 milliard dollarga yetişi mumkin
Afğonistonning Mozori-Şarif şahrida Surxondaryo va Balx viloyatlari tadbirkorlari muzokaralar ötkazib, bir qator kelişuvlarni imzoladi. Şuningdek, afğon şifokorlarining Termizdagi tibbiyot markaziga taşrifini taşkil etişga kelişildi.

Oʻzbekiston va Afgʻiston oʻrtasidagi savdo 5 milliard dollarga yetishi mumkin
«Dunyo» axborot agentligi xabariga koʻra, tadbirkorlar oʻrtasidagi bevosita muzokaralarda oʻzaro savdoni koʻpaytirish va qoʻshma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari muhokama qilingan.
Tomonlar parrandachilik, toʻqimachilik va yengil sanoat, oziq-ovqat hamda qurilish materiallari ishlab chiqarishda hamkorlik uchun katta salohiyat borligini qayd etgan.
Balx viloyati Savdo-investitsiya palatasi sekretariati rahbari Asadulloh Asadiy surxondaryolik tadbirkorlarni qishloq xoʻjaligi, sanoat, qurilish materiallari ishlab chiqarish, togʻ-kon sanoati va parrandachilik sohalariga sarmoya kiritishga taklif qilgan.
Afgʻon tomoni maʼlumotiga koʻra, Andijon viloyati investorlari ishtirokida Balxda parrandachilik fabrikasini qurish loyihasi amalga oshirila boshlangan.
Balx viloyati Sanoat va savdo boshqarmasi boshligʻi Mavlaviy Ahmadxon Xodim ikki mamlakat oʻrtasidagi savdo hajmi oʻsib borayotganini taʼkidlagan. Uning bahosiga koʻra, yaqin yillarda oʻzaro tovar ayirboshlash 5 milliard dollarga yetishi mumkin.
Xodim oʻzbekistonlik tadbirkor va investorlarga zarur koʻmak koʻrsatishga tayyorligini ham bildirgan.
Muzokaralar yakunida turli yoʻnalishlar boʻyicha kelishuvlar imzolangan. Ularning qiymati va batafsil shartlari xabarda ochiqlanmagan. Delegatsiya aʼzolari Balx viloyatidagi sanoat korxonalari faoliyati bilan ham tanishgan.
Sogʻliqni saqlash sohasidagi hamkorlik Balx viloyati Sogʻliqni saqlash boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Sayed Ahmad Shadob bilan uchrashuvda muhokama qilingan.
Tomonlar yaqin kunlarda afgʻon shifokorlari guruhining Termiz shahridagi Xalqaro savdo markazi hududida joylashgan AKFA Medline Ayritom koʻp tarmoqli tibbiyot markaziga tashrifini tashkil etishga kelishgan. Tashrif davomida oʻzaro anglashuv memorandumini imzolash rejalashtirilgan.

