“Zita va Gita” filmidagi salbiy qahramon — Kaushalyaning keyingi hayot yo‘li qanday kechdi? (foto)

“Zita va Gita” filmidagi salbiy qahramon — Kaushalyaning keyingi hayot yo‘li qanday kechdi? (foto)
Bolalar aktrisasi, qahramon, yovuz ayol va komediya aktrisasi sifatida tanilgan Manorama hind kinematografiyasida qariyb 60 yil faoliyat yuritdi. Ko‘plab tomoshabinlar uni ayniqsa “Zita va Gita” filmida Zitani qiynagan Kaushalya obrazi orqali eslab qoladi.
Manorama 1926-yil 16-avgustda Laxorda tug‘ilgan. Onasi irland, otasi esa nasroniy-hindu bo‘lgan. Uning asl ismi Erin Issak Deniels edi va u tug‘ilganda cho‘qintirilgan. Ota-onasi musiqa bilan shug‘ullangani sababli, Erin bolaligidan mumtoz raqs va musiqa sirlarini o‘rgangan. U juda erta sahnaga chiqishni boshlagan va bir kuni mashhur rejissyor R.K.Shorining e’tiboriga tushgan. Qizning raqsini ko‘rgan rejissyor otasidan uning filmlarda rol o‘ynashiga ruxsat olib, unga Manorama ismini bergan. O‘sha paytda u 10 yoshda edi. U ilk bor “Xazanchi” filmida suratga tushgan. Yillar davomida Manorama Panjobning eng talabgir aktrisalaridan biriga aylangan. Keyinchalik u “Champa”, “Badnami”, “Chunariya” filmlarida o‘sha davrning mashhur aktyorlari — Majnu, Nissar va Vasti bilan birga rol ijro etgan.
Hindiston bo‘lingach, aktrisa Mumbayga ko‘chishga majbur bo‘lgan. Yangi joyda hayot uchun kurashdan qiynalgan paytda, umidini uzayotgan Manoramaga aktyor Chandramoxan yordam qo‘lini cho‘zgan. U nafaqat uning Mumbayda qolishiga ko‘ndirgan, balki turli prodyuser va rejissyorlar bilan ham tanishtirgan.
Vaqt o‘tishi bilan aktrisaga takliflar birin-ketin kela boshlagan, biroq ularning barchasi ikkinchi darajali rollar edi. Manorama juda yoshligida aktyor al-Nosirga turmushga chiqqan, 20 yoshida esa ular ajrashgan. Keyin u hayot yo‘lini aktyor Rajan Xaksar bilan bog‘lagan. Ularning Rita Xaksar ismli qizi bor. Rita ham 1973-yilda “Suraj va Chanda” filmida rol o‘ynagan, ammo turmushga chiqqach, kino olamini tark etgan.
Manoramaga salbiy rollar bo‘yicha ketma-ket takliflar kelgan. “Ko‘zlarim shafqatsizlarcha qisilar, hatto ovozim xirilloq ohangda edi”, − degan edi aktrisa intervyularning birida. Komik qahramon sifatida u ketma-ket “Million rupiya”, “Ikki gul”, “Gul va ikki bog‘bon”, “Bombeydan Goaga” hamda “Zita va Gita” filmlarida suratga tushgan.
O‘tgan asrning 70-yillariga kelib, unga deyarli rol taklif qilinmay qo‘ygan. 80-yillar ham aktrisa uchun juda og‘ir kechgan. U ko‘p yillik turmushidan ajrab, yolg‘iz yashashga majbur bo‘lgan. Faqat “Uchrashuv” filmida kichik rolda ko‘rinib, shundan so‘ng yana ko‘zdan g‘oyib bo‘lgan. 80-yillar oxiri va 90-yillarning boshida aktrisa hind seriallarida ishlay boshlagan. Dehliga ko‘chib kelib, Shohrux Xon ishtirok etgan “Dustak” serialida rol ijro etgan.
2000-yillarning boshida aktrisani Balaji Telefilms ishlab chiqqan “Kashti” va “Kundali” filmlarida ko‘rish mumkin edi. 2005-yilda Manorama “Suv” filmida suratga tushgan va tanqidchilar uning ijrosidan hayratda qolgan.
Aktrisaning aytishicha, bu uning birinchi va oxirgi tanlovi bo‘lgan. Film suratga olishidagi muammolar sababli ishlar 5 yil o‘tib davom ettirilgan, biroq aktyorlar tarkibi o‘zgartirilgan. Bu Manoramaning so‘nggi roli edi. Karyerasi davomida 150 ta filmda suratga tushgan aktrisa 2008-yil 15-fevralda vafot etgan. Afsuski, kino sanoati vakillaridan hech biri Manoramani so‘nggi yo‘lga kuzatishga kelmagan.

