Ziroat Mirziyoyeva rahbarligidagi Global tarmoq bolalar salomatligi uchun dunyo Birinchi xonimlarini birlashtiradi
Birinchi xonimlar ishtirokidagi format bolalar onkologiyasi va boshqa og‘ir kasalliklar bilan bog‘liq masalalarga yuqori darajada

Ziroat Mirziyoyeva boshchiligidagi Global tarmoq bolalar salomatligi yo‘lida dunyo Birinchi xonimlarini birlashtiradi
Samarqandda bo‘lib o‘tgan «Bolalar farovonligiga investitsiya: Kelajak avlodlar barqaror va adolatli taraqqiyoti sari yo‘l» Jahon sammiti doirasida AQShning St. Jude bolalar ilmiy-tadqiqot shifoxonasi vitse-prezidenti, St. Jude Global direktori Karlos Rodriges-Galindo og‘ir va hayot uchun xavfli kasalliklarga chalingan bolalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan Global tarmoq tashkil etilganini e’lon qildi.
O‘zbekiston Respublikasining Birinchi xonimi, «Zamin» xalqaro jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Ziroat Mirziyoyeva ushbu tarmoqqa ikki yil muddatga rahbarlik qiladi.
Birinchi xonimlarni birlashtiruvchi xalqaro tarmoq
Global tarmoqning asosiy jihati shundaki, u turli davlatlarning Birinchi xonimlari va davlat rahbarlarining turmush o‘rtoqlarini bolalar salomatligi masalasida bir maydonga jamlaydi.
Platforma doirasida mamlakatlar o‘rtasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish, tajriba va axborot almashish, og‘ir kasalliklarga chalingan bolalarni qo‘llab-quvvatlashga doir amaliy tashabbuslarni ilgari surish ko‘zda tutilgan.
Biroq Global tarmoqning vazifasi faqat sohaviy hamkorlik bilan cheklanmaydi. Birinchi xonimlar ishtirokidagi ushbu format bolalar onkologiyasi va boshqa og‘ir kasalliklar bilan bog‘liq masalalarga xalqaro miqyosda yuqori darajada e’tibor qaratish imkonini beradi.
Shu ma’noda, Global tarmoq bolalarning sifatli tibbiy yordam olishi, qo‘llab-quvvatlanishi, o‘sishi va rivojlanishi uchun zarur sharoitlarni yaratish masalalarini ham xalqaro hamkorlik kun tartibiga olib chiqadi.
Ziroat Mirziyoyevaning raisligi — erishilgan natijalar e’tirofi
Mazkur qaror O‘zbekistonda bolalar onkologiyasi sohasida erishilgan yutuqlarning xalqaro e’tirofi bo‘ldi. Buning zamirida Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida sohada amalga oshirilgan tizimli islohotlar — ixtisoslashtirilgan tibbiy yordamni rivojlantirish, zamonaviy diagnostika va davolash imkoniyatlarini kengaytirish hamda bolalarni zarur dori vositalari bilan ta’minlash borasidagi tub o‘zgarishlar turibdi.
Shuningdek, Ziroat Mirziyoyevaning saratonga chalingan bolalarni qo‘llab-quvvatlash, ularning sifatli tibbiy yordamdan foydalanishini ta’minlash, hayotiy holatidan qat’i nazar, har bir bolaning o‘sishi va rivojlanishi uchun sharoit yaratishdagi faol va yetakchi roli alohida qayd etilgan.
Birinchi xonimning raislikka kirishish marosimi Bolalar onkologiyasi bo‘yicha xalqaro kongress doirasida o‘tkazildi.
Global tarmoqning keyingi qadami qanday bo‘ladi?
Global tarmoq faoliyati Samarqanddagi Jahon sammiti bilan cheklanib qolmaydi. Boshqa mamlakatlarning Birinchi xonimlari ham unga qo‘shilish va tarmoq rivojiga amaliy harakatlar bilan hissa qo‘shishga taklif etilmoqda.
Global tarmoqning navbatdagi yig‘ilishini 2027 yil may oyida Jenevada Jahon sog‘liqni saqlash assambleyasi doirasida yoki 2027 yil sentyabr oyida Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasi doirasida o‘tkazish rejalashtirilgan.
Ziroat Mirziyoyeva rahbarlik qiladigan dastlabki ikki yil Global tarmoqning shakllanishi, unga yangi mamlakatlarni jalb qilish va ular o‘rtasida amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish nuqtai nazaridan muhim davr bo‘ladi.
Shu tariqa, og‘ir va hayot uchun xavfli kasalliklarga chalingan bolalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha dunyo Birinchi xonimlarini birlashtiradigan yangi xalqaro hamkorlik maydoni ish boshlamoqda. Unga O‘zbekiston Birinchi xonimining rahbarlik qilishi mamlakatda bolalar onkologiyasi sohasida to‘plangan tajriba va erishilgan natijalarni xalqaro miqyosda ilgari surish uchun yangi imkoniyat yaratadi.

