Zilzila paytida qanday harakatlanish kerak: ko‘rgazmali qo‘llanma

**Zilzila paytida qanday harakatlanish kerak: ko‘rgazmali qo‘llanma**
Zilzila sodir bo‘lib, yer qimirlay boshlaganda, sizning keyingi harakatlaringiz xavfsizligingizga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Al Jazeera nashri tayyorlagan ushbu ko‘rgazmali qo‘llanmada uyingizning zilzilabardoshligini oshirish va favqulodda vaziyatlar uchun zaruriy buyumlar to‘plamini tayyorlashdan tortib, zilzila paytida va u tugaganidan keyin o‘zingizni himoya qilishgacha bo‘lgan beshta amaliy qadam tushuntirilgan.
**Xonadoningiz zilzilaga bardoshlimi?**
Zilzila paytida ko‘riladigan ehtiyot choralari yer silkinishidan oldin boshlanadi. Uyingiz, ishxonangiz yoki maktabingiz atrofini ko‘zdan kechirib, kuchli tebranishlar vaqtida qulashi, sinishi yoki xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan narsalarni aniqlab oling.
Kitob javonlari va shkaflar kabi baland mebellarni devorga mahkamlang, og‘ir yoki mo‘rt buyumlarni esa pastki javonlarga qo‘ying. Yiqilib tushishi mumkin bo‘lgan televizor va boshqa yirik jihozlarni mustahkamlang.
Gaz, elektr toki va suvni xavfsiz o‘chirishni o‘rganing, shuningdek, asosiy boshqaruv moslamalari qayerda joylashganini bilib oling. Derazalar, oynalar va yiqilishi mumkin bo‘lgan boshqa narsalardan uzoqroq turing.
**Favqulodda vaziyatlar uchun zaruriy anjomlar to‘plamini tayyorlab qo‘ying**
Zilziladan so‘ng elektr energiyasi, suv ta’minoti va aloqa uzilishi mumkin. Kerakli anjomlarning qo‘l ostingizda bo‘lishi, favqulodda vaziyat paytida ularni qidirib yurmasligingizni ta’minlaydi.
Favqulodda vaziyatlar to‘plamiga quyidagilar kirishi kerak: ichimlik suvi, uzoq saqlanadigan oziq-ovqat mahsulotlari, birinchi yordam qutichasi, fonar, zaxira batareykalar, batareykada yoki qo‘lda ishlaydigan radio, hushtak va zaruriy dori-darmonlar.
Shuningdek, o‘zingiz bilan ko‘chma quvvatlagich (poverbank), muhim hujjatlarning nusxalari, bir oz naqd pul va oyog‘ingizni shisha siniqlari hamda turli chiqindilardan himoya qilish uchun pishiq poyabzal oling.
**Zilzila boshlanganda nima qilish kerak?**
Agar zilzila boshlanganda bino ichida bo‘lsangiz, silkinish to‘xtamaguncha ichkarida qolib, o‘zingizni himoya qiling.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi yer silkinganda ko‘chaga yugurib chiqmaslikni tavsiya qiladi. Tushayotgan shisha siniqlari, vayronalar va boshqa buyumlar hududni o‘ta xavfli qilib qo‘yishi mumkin, shu sababli joyingizda qolsangiz, jarohatlanish ehtimoli kamayadi.
* **Egiling:** Tizzalab, kaftlar bilan yerga tayanib oling.
* **Yashirining:** Mustahkam stol yoki yozuv stoli ostiga kirib, boshingiz va bo‘yningizni himoya qiling. Agar yaqin atrofda pishiq pana joy bo‘lmasa, deraza va boshqa xavflardan saqlanib, ichki devor yoniga o‘ting.
* **Ushlab turing:** Silkinish to‘xtaguncha pana joyingizni mahkam ushlang va u bilan birga siljishga tayyor turing.
**Eng xavfsiz harakatlar atrofdagi vaziyatga bog‘liq**
Har qanday vaziyatga mos keladigan yagona yechimning o‘zi yo‘q. Qaysi xavflardan saqlanish kerakligi atrofdagi sharoitga bog‘liq.
* **Bino ichida:** Ichkarida qoling, yashirining, engashing va biror narsani mahkam ushlang.
* **Do‘kon yoki idorada:** Ichkarida qoling, javonlar va derazalardan uzoqlashing hamda boshingizni himoya qiling.
* **Maktabda:** O‘qituvchilar va xodimlarning ko‘rsatmalariga rioya qiling hamda boshingizni mustahkam stol yoki parta ostiga yashiring.
* **Avtomobilda:** Ko‘priklar, elektr uzatish tarmoqlari, daraxtlar va boshqa xavfli narsalardan yiroqroq, xavfsiz joyda to‘xtang. Silkinish to‘xtamaguncha avtomobildan chiqmay turing.
* **Ochiq joyda:** Binolar, elektr tarmoqlari, daraxtlar va qulashi mumkin bo‘lgan har qanday narsadan uzoqroq ochiq maydonga o‘ting.
* **Liftda:** Lift to‘xtamaguncha ichkarida qoling. To‘xtaganidan so‘ng, agar xavfsiz bo‘lsa, liftdan chiqing.
**Silkinish to‘xtagach**
Avvalo o‘zingizni va atrofdagilarni jarohatlar bor-yo‘qligiga tekshiring. So‘ngra xavf-xatarlarni aniqlash uchun atrof-muhitni ko‘zdan kechiring.
Yer silkinishi to‘xtagani xavf o‘tib ketganini anglatmaydi. Aftershoklar (takroriy silkinishlar) kuzatilishi mumkin. Shuningdek, zilzilalar natijasida yong‘inlar, gaz sizib chiqishi, binolarning shikastlanishi, oynalarning sinishi va elektr uzatish liniyalarining uzilishi kabi holatlar yuzaga kelishi mumkin.
Agar shikastlangan quvur yoki gaz hidi tufayli gaz sizib chiqayotganiga shubha qilsangiz, zudlik bilan u yerni tark eting. Gazni o‘zingiz yoqishga urinmang. Agar elektr simlari shikastlangan bo‘lsa, ularga tegmang va elektr ta’minotini o‘chirish bo‘yicha mahalliy tavsiyalarga rioya qiling.
Takroriy silkinishlarga tayyor turing. Agar silkinish qaytalansa, egiling, panaga o‘ting va biror narsani mahkam ushlab turing.
Zilziladan so‘ng telefondan ehtiyotkorlik bilan foydalaning. Telefon tarmoqlarini ortiqcha yuklamaslik uchun keraksiz qo‘ng‘iroqlardan tiyiling. Iloji boricha matnli xabarlar yoki mobil internetdan foydalaning, favqulodda aloqa va rasmiy xabarlarni olish uchun telefoningiz yoningizda bo‘lsin. Ekran yorqinligini pasaytirish, keraksiz ilovalarni yopish va agar mavjud bo‘lsa, pover bankdan foydalanish orqali batareya quvvatini tejang.
Zilziladan keyin hushyorlikni saqlang, rasmiy ma’lumotlarga amal qiling va xavfsiz ekanligiga ishonch hosil qilgach, boshqalarga yordam bering. To‘g‘ri tayyorgarlik va vazminlik bilan harakat qilish hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin.

