Zidan Messi uchun «yuz marta ovoz berishga» tayyorligini aytganmi?
Zidan 39 yoshli Messini haqiqatan ham «Oltin toʻp»ga eng munosib va tarixdagi eng buyuk futbolchi deb atadimi? Internetda millionlab muxlislar muhokamasiga sabab boʻlgan iqtiboslarning manbasi topilmadi, ularni dastlab tarqatgan nashr esa bu gaplarni keyinchalik oʻchirdi.

Zidan Messi uchun «yuz marta ovoz berishga» tayyorligini aytganmi?
Ispaniyaning Marca gazetasi 8-sentabr kuni Fransiya milliy jamoasi bosh murabbiyi Zinedin Zidanga tegishli deyilgan Lionel Messi haqidagi fikrlarni oʻz ichiga olgan materialni eʼlon qildi.
Nashr talqiniga koʻra, Zidan goʻyo 2026-yilgi «Oltin toʻp» uchun argentinalikka «yuz marta ovoz berishga tayyorligini» bildirgan, uning 39 yoshdagi oʻyinlarini «gʻayrioddiy» deb atagan va Messining tarixdagi eng buyuk oʻyinchi maqomiga shubha qilish «futbolni tushunmaslik» ekanini taʼkidlagan.
Marca bu soʻzlarning manbasini koʻrsatmagan. Matnda na intervyu, na matbuot anjumani, na biror audioyozuv bor edi. Shu kuniyoq Marca’ga tayangan holda Goal, Yahoo, Gulf News va boshqa koʻplab nufuzli nashrlar bu iqtiboslarni qayta chop etib, tarqatdi.
Oradan bir kun oʻtgach, Marca saytida ushbu bahsli iqtiboslar yoʻqoldi. Tahririyat bu borada na raddiya berdi, na ularni olib tashlash sababini tushuntirdi. Zidanning oʻzi ham, Fransiya futbol federatsiyasi (FFF) ham vaziyat yuzasidan sukut saqladi.
Ushbu materialni tarqatgan Shveysariyaning Watson portali Marca tekshirilmagan maʼlumotni chop etgan boʻlishi mumkinligini taxmin qildi. Iqtibosning asl manbasi parodiya akkaunt, avtomatik yaratilgan matn yoki bayon qilishdagi xato boʻlishi ehtimoli ham aytildi.
Bunday shov-shuvga sabab nafaqat iqtibosning mazmuni, balki u nisbat berilgan shaxs hamdir. Zidan — «Real»ning sobiq oʻyinchisi va murabbiyi, Krishtianu Ronaldu bilan birga Chempionlar ligasining uch karra gʻolibi. «Barselona» va Messi esa qariyb yigirma yil davomida «Real»ning asosiy raqibi boʻlib kelgan. Zidan Madrid klubini boshqargan paytda «Ronaldu yoki Messi?» degan savolga boshqacha javob bergan: eng zoʻri — «Real»da oʻynaydigan futbolchi.
Shu sababli, Messi uchun yuz marta ovoz berish va GOAT (tarixdagi eng buyuk oʻyinchi) haqidagi bahsga nuqta qoʻyish haqidagi gaplar shaxsiy fikr sifatida emas, balki «qarorgohni oʻzgartirish» sifatida qabul qilindi. Aynan shu ziddiyat matnning tez tarqalishi va shov-shuvga sabab boʻldi.

