Layfstayl

Zaynab Sadriyevaning qizi, Farmonbibining kelini — Dilbar Ismoilova 88 yoshda: aktrisaning oilasi, armonlari va bugungi hayoti haqida

Zaynab Sadriyevaning qizi, Farmonbibining kelini — Dilbar Ismoilova 88 yoshda: aktrisaning oilasi, armonlari va bugungi hayoti haqida

O‘zbekiston xalq artisti Dilbar Ismoilova “Mening yurtim” telekanalining “Izlarim” ko‘rsatuvida ota-onasi — marhum san’atkorlar Obid Hasanov va Zaynab Sadriyeva, turmush o‘rtog‘i hamda ijodiy yo‘li haqida gapirib berdi. Eslatib o‘tamiz, aktrisa mashhur “Kelinlar qo‘zg‘oloni” spektaklida onasi Zaynab Sadriyeva bilan bir sahnada chiqib, onasining kelini Lutfi obrazini gavdalantirgan.

### Aktrisa dadasi Obid Hasanov haqida

— Dadam rahmatli, Obid Hasanov juda yaxshi aktyor bo‘lgan. Xalq artisti edi, chollarning rolini juda chiroyli ijro etardi. Ayniqsa, “Boy va xizmatchi” spektaklida rolini chiroyli o‘ynagan. Keyin ovozlari ham juda zo‘r bo‘lgan. Dadamning ovoziga hamma havas qilardi. Ko‘pchilik meni onamga o‘xshatadi, lekin men dadamga o‘xshayman. Dadamning chiroyli ovozi menga o‘tgan. Buni onam ham aytardi, deydi Dilbar Ismoilova.

### “Onam aktrisa bo‘lishimni istamagan”

— Onam san’atkor bo‘lishimni istamagani uchun ulardan juda qattiq xafa bo‘lganman. Onam menga “maktabni oltin medalga bitirgansan. Chet tillar oliygohiga yoki TashGU (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti) ning jurnalistika yo‘nalishiga o‘qishga kirgin. San’at yo‘nalishida nima qilasan?”, derdi. O‘shanda onamga “o‘zingiz ham san’atkorsiz-ku, kasbingizdan norozimisiz?”, deb so‘raganman. Ular “yo‘q, unday emas, qizim, qiynalib qolishing mumkin”, degan. Shunda onamga “siz qiynalmadingiz, men ham qiynalmayman. Oltin medalni qaytarib olishsa olaversin, imtihon topshirib o‘qishga kiraman”, deganman.

Onam bir so‘zli ayol edi. Baribir “yo‘q, san’at yo‘nalishidan ketmaysan ketmaysan. Boshqa xohlagan yo‘nalishingda o‘qib, bitta stol egasi bo‘lasan. San’atning noni qattiq bo‘ladi. Birgina qiyinchilikka yengilsang, qolganiga ham chidolmaysan”, derdi. Onamga buni o‘zim hal qilishimni aytib, diplomimni olib “teatralniy” institutiga ketganman, deydi yoshlik yillarini xotirlagan aktrisa.

### “Turmush qurganimdan so‘ng familiyamni majburan o‘zgartirganman”

— Turmush o‘rtog‘im Arsen Fayzullayevich bilan olti yil uchrashib, so‘ng oila qurganman. O‘shanda onam turmush o‘rtog‘imga boshidan o‘z yo‘nalishimda ishlashim kerakligi haqida aytgan “hayotning achchiq-chuchugini bilsin, ertaga bolali bo‘lsa, uy-bola bilan o‘ralashib qoladi. Shuning uchun hali uning ishlay olish-olmasligini ko‘rishim kerak”, degan.

Turmushga chiqqunimga qadar teatrda 10 yil Dilbar Hasanova bo‘lib yurganman. Oilali bo‘lganimdan keyin ba’zilar “hali ham Hasanova bo‘lib yuribsan. Buning jarimasi katta bo‘lsa kerak, familiyangni turmush o‘rtog‘ingning familiyasiga o‘zgartir”, degan. Men esa o‘zimcha, baribir o‘zimning familiyamda qolaman, deb yuraverganman.

Hamza teatrida meni hamma Hasanova deb tanirdi. So‘ng birdaniga katta-katta sahna asarlarida Ismoilova familiyasi bilan chiqa boshladim. Bir kuni teatrga “Dilbar Hasanovani yo‘qotib qo‘ydik. Bu aktrisa teatrdan ketdimi?”, deb kelishgan. Mening oldimda shunday deyishganida, ularga turmushga chiqqanim sababli familiyam o‘zgarganini tushuntirganman, deydi u.

### “Onam ‘Sen Zaynab Sadriyevaning qizisan. Mendan o‘rnak ol’, derdi”

— Onam sahnada hech nima bo‘lmaganday yursa ham, ba’zida uyga kelganidan keyin yig‘lab olardi. Sababi, yuragida alami bo‘lardi. Orqavarotdan o‘zi haqida “biz o‘zbek bo‘lib o‘ynamagan rollarni u tatar bo‘la turib ijro qilib yuribdi”, degan gaplarni eshitgan. Bu gaplar, albatta, onamning nafsoniyatiga tekkan.

Shuning uchun menga ham “Dilbar, iqtidorli aktrisasan, katta rollarni ham me’yoriga yetkazib ijro etyapsan. Tomoshabin seni tan olyapti. Gazeta va jurnallarda noming chiqib turibdi. Elga yaqin bo‘lganing sari bu yoqda rashk paydo bo‘ladi. O‘zingning hamkasblaring orqangdan pichoq urishi mumkin. Menga juda ko‘p marta orqamdan pichoq urishgan. Hech qachon xafa bo‘lganingni birovga ko‘rsatma. Agar sumkangda bir so‘ming bo‘lsa ham, 100 so‘m pulim bor, deb ayt. Hammasi yaxshi, degin. Hech qachon hech kimga past ketma. Har doim g‘ururli bo‘lgin”, derdi. “Sen Zaynab Sadriyevaning qizisan”, deya onasining so‘zlarini eslaydi aktrisa.

### Onasining vafoti haqida

— Onamni oxirgi manzilga kuzatganimizga 35 yil bo‘libdi. Xuddi hammasi kecha bo‘lganday, hech esimdan chiqmaydi. Toshkent ko‘chalari bo‘ylab qabristonga ketar ekanmiz, nazarimda, butun shahar oyoqqa turganga o‘xshardi. Ketib borar ekanmiz, o‘tgan-ketgan xuddi sezgandek onam bilan xayrlashganday bo‘lgan. Keta-ketguncha yig‘idan bo‘shamaganman. Onamni yo‘qotishimga chidolmasam kerak, deb o‘ylardim. Inson ko‘nikuvchan bo‘larkan, ko‘nikdim. Ammo shu vaqtga qadar bir daqiqaga ham ularni unutganim yo‘q.

Onam vafotining oxirgi kunlari “Dilbar, yana bir marta ‘Kelinlar qo‘zg‘oloni’da rol o‘ynasam degandim. Iloji bo‘lmadi, endi buni shogirdlarimga topshiraman”, dedilar. Hamma narsaga chidash mumkin-u, onani yo‘qotishdan og‘iri bo‘lmas ekan. Ayam o‘tgan bo‘lsalar ham xotiralari tirik, hamon muxlislarining orasida yuribdilar. Ularning muxlislari qachon meni ko‘rishsa, “Zaynab opaning qizi”, deb aytishadi.

### “Oxirgi yillarda katta spektakllarda rol o‘ynolmayapman”

— So‘nggi vaqtlarda ancha qarib qoldim, tez-tez katta spektakllarda o‘ynolmayapman. Menga mos rollar bo‘lib turibdi. Nazarimda, endi ilgarigidek rollarni ijro etolmasam kerak, deydi u.

### “Sahna—mening hayotim”

— 70 yillik umrim sahnada o‘tdi. Bundan afsuslanmayman. Kasbimni yaxshi ko‘raman, teatr, sahna — mening hayotim. O‘ynagan rollarim qancha bo‘lmasin, bular mening hayotim, ularga jonimni, hayotimni, sog‘lig‘imni berdim. Necha marta sog‘lig‘im yomonlashib, sahnada yiqilganimda, sudrab olib chiqib ketishgan paytlarim bo‘ldi. Sidqidildan ishladim va hech ham buning uchun achinmayman. Qilgan mehnatimni xamir uchidan patir, deb hisoblayman. Lekin afsuski, yoshim yetib qoldi. Menga qo‘yib berishsa, yuzga kirganda ham sahnada rol o‘ynashni xohlayman. Lekin hayot baribir o‘zinikini ko‘rsatadi, deydi teatr va dublyaj aktrisasi Dilbar Ismoilova.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.