Zarafshon shahri hamda Tomdi, Qiziriq va Jarqo‘rg‘on tumanlari chegaralari o‘zgartiriladi
Navoiyda Tomdi tumani hududidan 2459 gektar yer Zarafshon shahri tarkibiga, Surxondaryoda esa Jarqo‘rg‘on tumanidagi 4740 gektar maydon Qiziriq tumaniga o‘tkaziladi. O‘zgarishlar sanoatni rivojlantirish va aholiga ma’muriy xizmatlarni yaqinlashtirishga qaratilgan.

Zarafshon shahri hamda Tomdi, Qiziriq va Jarqo‘rg‘on tumanlari chegaralari qayta ko‘rib chiqiladi
10-sentabr kuni Senat majlisida Navoiy viloyatining Zarafshon shahri va Tomdi tumani, shuningdek, Surxondaryo viloyatining Qiziriq va Jarqo‘rg‘on tumanlari chegaralarini o‘zgartirishga doir qarorlar ko‘rib chiqilib, ma’qullandi.
Qaror loyihasiga muvofiq, Navoiy viloyati Tomdi tumani hududidagi 2459 gektar yer maydonini Zarafshon shahri tarkibiga o‘tkazish nazarda tutilmoqda.
Senatdagi ma’ruzada ta’kidlanishicha, yangi hududlarda sanoat, ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish, servis, savdo-maishiy, ijtimoiy va uy-joy infratuzilmalarini joylashtirish rejalashtirilmoqda.
Xususan, yangi yer maydonlarida mavjud mineral xomashyo bazasidan foydalangan holda 250 dan ortiq sanoat va ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, yangi turar joy massivlari, ichki yo‘llar, elektr energiyasi, ichimlik suvi, kanalizatsiya va issiqlik ta’minoti tarmoqlarini bosqichma-bosqich barpo etish rejalashtirilmoqda.
Hududda 90 ta ijtimoiy soha obyekti, jumladan, maktabgacha va umumiy ta’lim, tibbiyot, madaniyat hamda sport obyektlarini tashkil etish ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, 500 dan ortiq savdo-maishiy va xizmat ko‘rsatish obyektlari tashkil etilishi, buning natijasida 15 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratilishi kutilmoqda.
Hududiy o‘zgarish Zarafshon shahrining investitsiyaviy jozibadorligini oshirish, mineral xomashyodan samarali foydalanish, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish va aholi yashash sharoitlarini yaxshilash uchun imkon yaratishi qayd etildi.
Surxondaryo viloyatida esa Jarqo‘rg‘on tumani hududidagi 4740 gektar yer maydonini Qiziriq tumani tarkibiga o‘tkazish taklif etilmoqda.
Mazkur hududda 4200 kishi, ya’ni 710 ta oila istiqomat qiladi. Ularning kundalik ijtimoiy hayoti Qiziriq tumani bilan bog‘langan. Biroq hudud ma’muriy jihatdan Jarqo‘rg‘on tumaniga qarashli bo‘lgani sababli aholi soliq va kommunal to‘lovlar, ijtimoiy nafaqalar, pensiya hamda boshqa rasmiy masalalarni hal qilish uchun Jarqo‘rg‘on tuman markaziga borishga majbur bo‘lmoqda.
Aholining tuman markazigacha borishi uchun 18−20 kilometr masofani bosib o‘tishiga to‘g‘ri keladi. Shu bilan birga, hududdagi bolalar Qiziriq tumanidagi maktab va maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ta’lim va tarbiya olmoqda.
Ma’ruzada ushbu hududdagi aholi tomonidan ma’muriy masalani hal qilish bo‘yicha ko‘plab murojaatlar kelib tushgani, jumladan, 816 ta uy-joy va boshqa xo‘jalik binosini Qiziriq tumaniga o‘tkazish yuzasidan murojaatlar bo‘lgani aytildi.
Chegaralar o‘zgartirilishi aholining davlat xizmatlaridan foydalanishini qulaylashtirish va ortiqcha vaqt hamda xarajat sarflashining oldini olishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
O‘tkazilayotgan hududda 4670 gektar qishloq xo‘jaligi yerlari mavjud. Ulardan samarali foydalanish chorvachilik va qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, aholi bandligi va daromadlarini oshirishga qo‘shimcha imkoniyat yaratishi kutilmoqda.
Xususan, “Chap tarmoq” kanaliga 4 ta suv nasos stansiyasi o‘rnatilishi hisobiga 500 gektardan ortiq yer maydonini o‘zlashtirish imkoniyati yaratiladi. Natijada poliz va sabzavot mahsulotlari yetishtirishni kengaytirish hamda chorvachilik bilan shug‘ullanuvchi xonadonlarning ozuqa bazasini mustahkamlash mumkin bo‘ladi.
Mazkur tadbirlar natijasida yiliga 1200 tonna mahsulot yetishtirish imkoniyati yaratilishi ko‘zda tutilmoqda.
Har ikki hudud bo‘yicha taklif etilayotgan o‘zgarishlar tegishli xalq deputatlari Kengashlari tomonidan muhokama qilingan va qo‘llab-quvvatlangan.

