Dunyo

Zamonaviy urushlar qay tomon oʻzgarmoqda? Oqibatlar qanday boʻladi?

Insoniyat tarixida, har doim kuchlar nisbati oʻzgarayotganda, urushlar ehtimoli oshib borgan. Asosiy qudrat oʻz hukmronligini saqlab qolish uchun, yangi oʻsib borayotgan kuchlarni soʻndirish uchun urushlarga murojaat qilgan. Yangi oʻsib borayotgan qudratlar ham, oʻz mavqeyini rasmiylashtirish uchun, urushlardan manfaatdor boʻlgan.

Zamonaviy urushlar qaysi tomonga oʻzgarmoqda? Oqibatlari qanday boʻladi?

Bugun dunyoda bir qutblilik zaiflashib bormoqda. Ammo hali koʻp qutblilik toʻliq shakllanib ulgurmadi. Shu sharoitda soʻnggi davrlarda urushlar tobora odatiy holga aylanmoqda. Endi urushlar normal davlatlar oʻrtasidagi tabu hodisa emas. Tahlillarga koʻra, keyingi ikki-uch oʻn yillik ichida dunyo siyosiy maydonida urushlar koʻpayadi. Ana shu urushlar orqali yangi tartib yoki yangi global vaziyat shakllanib boradi.

Xoʻsh, bugun urushlarning shakli-shamoyili oʻzgarayaptimi, oʻzgarayotgan boʻlsa, qaysi yoʻnalishda? Chunki aynan hozirgi urushlar natijasida global geosiyosiy manzara shakllanadi, mintaqaviy va global kuchlar nisbati belgilab olinadi.

Ha, soʻnggi yillarda barchamizning koʻz oʻngimizda urushlar haqidagi tafakkur ham, texnika ham jiddiy oʻzgarmoqda.

Birinchidan, yaqin yillargacha hukmron boʻlgan “super qurollar” davri ortda qolib bormoqda. Yaʼni, masalan, uzoqqa uchuvchi, kuchli zarba beruvchi, biroq nihoyatda qimmat raketalar (Patriot, THAAD va h.k.) hamda aksilraketa tizimlari bugun urush taqdirini belgilab bermaydigan boʻlib qoldi. Aksincha, koʻp sonli, juda arzon, istalgancha ishlatish mumkin boʻlgan va katta qiyinchiliksiz oʻrnini toʻldirish mumkin boʻlgan qurol-aslaha tizimlari urush tashabbusini qoʻlga olishga yordam bermoqda.

Masalan, AQSHning Eronga qarshi urushidan koʻrdikki, AQSH kabi boy va qudratli davlatlar ham qudratli raketalarni tezda ishlatib yuboradi, ularning oʻrnini toʻldirish esa qimmat va koʻp vaqt talab qiladi. Aksincha, Eronning arzon dronlari, nisbatan arzonroq raketalari yetarlicha javob qaytarish imkonini berdi. Xuddi shunday, Ukraina ham Rossiyaning ogʻir qurolli armiyasiga yengil va koʻp sonli dronlar orqali javob berib, harbiy tashabbusni raqibga berib qoʻymayapti.

Albatta, davlatlar qimmat boʻlsa-da, anʼanaviy raketa tizimlaridan voz kechmayapti. Ularni kuchli himoyalangan nishonlar uchun ishlatmoqchi. Lekin asosiy zarba berish vazifasini arzon, nisbatan sodda va oʻrni tez toʻldiriladigan uchuvchisiz uchish apparatlariga yuklamoqda.

Ikkinchidan, davlatlar har doimgidek holdan toydiruvchi, surunkali urushlar girdobiga tushib qolishni istamagani uchun eskalatsiya taktikasiga koʻproq murojaat qilishga urinmoqda. Eskalatsiya — bu urushni kuchaytirish, bosimni oshirish va shu yoʻl bilan qarshi tomonni tezroq taslim qilish demakdir. Shu sababli urushayotgan tomonlar urushni konflikt chizigʻi boʻylab saqlab qolmasdan, zarbalarni dushman tarafning ichkarisiga olib kirishga harakat qilmoqda.

Rossiya Ukrainaning ichki hududlari va shaharlariga hujumlar qildi. Ukraina ham keyingi bir yil ichida urushni RF ichkarisiga olib kirdi, neft zavodlari va katta savdo tarmoqlariga zarbalar berdi. Bu bilan raqibning ruhiyatiga, aholi orqali ijtimoiy asoslariga zarba berishga urinmoqda. Urushlar pozitsion, yaʼni oʻzgarishi qiyin boʻlgan urush chiziqlari atrofida kechar ekan, urush tashabbusini oʻzgartirish uchun dushman davlat ichiga zarba berish va shu yoʻl bilan bosim oʻtkazish — mantiqan kutiladigan holat. Shuning uchun ham dunyo davlatlari uzoq masofaga zarba beradigan, yoʻlda urib tushirilmaydigan harbiy texnikalarga alohida sarmoya kiritmoqda.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.