Dunyo

Zambiyaliklar kuydoʻrgi kasalligidan oʻnlab hayvonlar nobud boʻlganidan keyin oʻlik yovvoyi hayvonlar goʻshtini yemaslik haqida ogohlantirildi

Yovvoyi hayvonlar oʻlaksasidan olingan zararlangan goʻshtni isteʼmol qilganidan keyin kamida 12 kishi kuydirgi kasalligidan davolanmoqda.

Zambiyaliklar kuydirgi kasalligidan oʻnlab hayvonlar nobud boʻlganidan keyin oʻlik yovvoyi hayvonlar goʻshtini yemaslik haqida ogohlantirildi

Kuydirgi asosan oʻtxoʻr hayvonlarga taʼsir qiladi va toʻsatdan oʻlimga olib kelishi mumkin (arxiv fotosurati)

Zambiya rasmiylari kuydirgi kasalligi tarqalishi oqibatida oʻnlab yovvoyi hayvonlar, jumladan, begemotlar, fillar, buyvollar va bitta timsoh nobud boʻlganidan keyin aholini yovvoyi hayvonlar goʻshtini isteʼmol qilmaslikdan ogohlantirdi.

Ofatlarni boshqarish agentligi rasmiysi oʻtgan dam olish kunlari Munyamadzi daryosi hududida oʻlik yovvoyi hayvonlar goʻshtini yegan 12 kishi ushbu kasallikni yuqtirib olganini maʼlum qildi.

Mulozim jamoatchilikni tabiiy ravishda yoki nomaʼlum sabablarga koʻra nobud boʻlgan hayvonlar goʻshtini yemaslikka chaqirdi, shuningdek, odamlarni bu kabi holatlar haqida xabar berishga undadi.

Rasmiylar, shuningdek, kasallik koʻlami va u bilan bogʻliq xavflar aniqlanmaguncha, zararlangan hududda ov qilishni toʻxtatish kerakligini aytishdi.

Mutasaddilar soʻnggi epidemiyaning toʻliq geografik koʻlamini hali aniqlamagan, kuzatuv va laboratoriya tadqiqotlari hali ham davom etmoqda.

Kuydirgi Zambiya uchun endemik kasallik hisoblanadi, ammo odamlar oʻlimi kam kuzatiladi. 2023 yilda mamlakatda "misli koʻrilmagan epidemiya" deb taʼriflangan holat yuz berdi, buning oqibatida toʻrt kishi halok boʻldi va kasallik 10 ta viloyatdan toʻqqiztasiga tarqaldi.

Yana bir yirik epidemiya 2011 yilda qayd etilgan boʻlib, unda 500 dan ortiq kasallanish holati kuzatilgan va kasallangan begemotlar goʻshtini yegan besh kishi vafot etgan edi.

Muchinga viloyatidagi Munyamadzi qoʻriqxona hududida yuz bergan soʻnggi epidemiyada, Zambiyaning Ofatlarni boshqarish va oqibatlarini yumshatish departamenti maʼlumotlariga koʻra, iyul oyidan beri 46 ta begemot, sakkizta fil, beshta buyvol va bitta timsoh nobud boʻlgan.

"Ushbu yovvoyi hayvonlar oʻlimi bilan bogʻliq ayanchli holat shundaki, ularning jasadlari mahalliy aholi tomonidan yeyilgan — ular oziq-ovqat uchun shunga qarab qolishgan", dedi departamentning milliy koordinatori Norman Chipakupaku.

Odamlar orasida oʻlim holatlari qayd etilmagan va kasallangan 12 kishi hozirda davolanmoqda.

Kuydirgi Bacillus anthracis deb ataladigan bakteriya tomonidan qoʻzgʻatiladi, u asosan sporalar shaklida yashaydi va nafas olish yoʻllari yoki teridagi kesiq yoki jarohat orqali hayvon organizmiga kirishdan oldin tuproqda yillar davomida saqlanib qolishi mumkin.

U asosan oʻtxoʻr hayvonlarga taʼsir qiladi va toʻsatdan oʻlimga olib kelishi mumkin. U hayvonlardan odamlarga zararlangan hayvonot mahsulotlari bilan aloqa qilish orqali yuqishi mumkin.

Zambiyaliklar toʻsatdan yoki kuydirgi kasalligi gumon qilinib nobud boʻlgan hayvonlar goʻshtini isteʼmol qilmaslik, sotmaslik, tarqatmaslik yoki ularga tegmaslikka chaqirildi. Shuningdek, aholiga yovvoyi hayvonlarga yaqinlashmaslik tavsiya etildi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.