«Yuragim tilka-pora boʻlgan». Ed Shiran Macklemore bilan bogʻliq holat uchun uzr soʻradi
Britaniyalik qoʻshiqchi Ed Shiran falastinliklarni qoʻllab-quvvatlovchi shiorlar tufayli konsert dasturidan chetlatilgan reper Macklemore bilan bogʻliq mojarodan keyingi ilk konsertini oʻtkazdi.

«Yuragim tilka-pora boʻlgan». Ed Shiran Macklemore bilan bogʻliq holat uchun uzr soʻradi
Shiran xato qilganini tan oldi va Yaqin Sharqdagi mojaro haqida fikr bildirdi.
«Men hech qachon aktivist-musiqachi boʻlishni xohlamaganman, ammo bu vaziyat tufayli soʻz erkinligi va sayyoradagi eng murakkab siyosiy masala haqidagi muhim va qizgʻin bahs markaziga tushib qoldim», – dedi Shiran Filadelfiyadagi konserti avvalida.
Loop Tour’ning 4-sentabr kuni Nyu Jersida boʻlib oʻtgan ilk konsertida davrani qizitish uchun sahnaga chiqqan amerikalik reper Macklemore «Falastinga ozodlik!» deya hayqirgandi.
U 2024-yilda Isroil harbiylarining Gʻazo sektoriga hujumi chogʻida halok boʻlgan besh yoshli qizaloq xotirasiga bagʻishlangan Hind's Hall nomli qoʻshigʻi taqdimoti vaqtida ham shunday yoʻl tutgandi. Ushbu qoʻshiq orqali musiqachi Kolumbiya universitetida Isroil harakatlariga qarshi norozilik bildirgan talabalarni ham qoʻllab-quvvatlagandi.
5-sentabr kungi konsertda esa Macklemore yahudiy muxlislarga murojaat qilib, «Isroil va aparteidni tanqid qilish, genotsidga norozilik bildirish – barcha yahudiylarni tanqid qilish emasligi»ni aytadi.
Isroil hukumati bir necha bor Gʻazoda aparteid va genotsid uyushtirish haqidagi ayblovlarni rad etgan.
Reperning bu xatti-harakati Isroilni qoʻllovchi guruhlar tanqidiga sabab boʻldi, jumladan, Macklemore’ni tur doirasidagi keyingi konsertlardan chetlatish talabi bilan petitsiya ham uyushtirildi.
Shundan keyin Macklemore’ning tur doirasidagi chiqishlari bekor qilindi, milliarder Robert Kraft esa oʻziga tegishli stadionda ushbu reperning qoʻshiq kuylashiga yoʻl qoʻymaslikni talab qildi.
Amerika yahudiylar jamoasiga mansub va Isroilni qoʻllab-quvvatlovchi Kraft reperni nafrat uygʻotishda aybladi. U qoʻshiqchi «faqat tanlab olingan maʼlumotlarni tarqatishi va Hamas harakatlarini eʼtiborsiz qoldirishi»ni taʼkidlagan.
Shundan soʻng, Shiranning konsertlarini qizdirish uchun jalb etilgan barcha sanʼatkorlar reper bilan birdamlik sifatida gastrolda qatnashishdan bosh tortdi.
Bu mojaro sabab Shiranning AQSH boʻylab gastrolining qolgan qismiga qiziqish pasaydi, narxi arzonlashtirilganiga qaramay, chiptalar sotilmay qoldi.

