YUNESKO Oʻzbekistonning madaniy merosni himoya qilish boʻyicha tashabbusini maʼqulladi
YUNESKO Ijroiya kengashi Oʻzbekistonning madaniy merosni himoya qilish boʻyicha tashabbusini bir ovozdan maʼqulladi. 2027 yilda ushbu mavzudagi simpoziumni Xivada oʻtkazish rejalashtirilmoqda.

YUNESKO Oʻzbekistonning madaniy merosni muhofaza qilish boʻyicha tashabbusini qoʻllab-quvvatladi
YUNESKO Ijroiya kengashi Oʻzbekiston tomonidan taklif etilgan, globallashuv va iqlim oʻzgarishi sharoitida madaniy merosni saqlab qalish chora-tadbirlari samaradorligini oshirishga qaratilgan qaror loyihasini bir ovozdan tasdiqladi. Hujjat tashkilotning Parijdagi qarorgohida oʻtkazilgan kengashning 225-sessiyasi davomida qabul qilindi, xabar beradi «Dunyo» AA.
Tashabbus moddiy va nomoddiy madaniy merosni iqlim oʻzgarishlari, tabiiy ofatlar, jadal urbanizatsiya va ijtimoiy-iqtisodiy oʻzgarishlar oqibatlaridan himoya qilishda xalqaro hamkorlikni kuchaytirishni nazarda tutadi.
Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tegishli taklif bilan 2025 yil 30 oktyabr kuni Samarqandda YUNESKO Bosh konferentsiyasi 43-sessiyasining ochilishida chiqish qilgan edi.
Qabul qilingan qaror tashkilotga aʼzo davlatlar, xalqaro tuzilmalar va ilmiy hamjamiyat oʻrtasidagi hamkorlikni rivojlantirishni nazarda tutadi. Xavf-xatarlarning oldini olish va ularni boshqarish mexanizmlarini takomillashtirish, shuningdek, madaniy obʼyektlarni muhofaza qilish sohasida ilmiy bilimlar va ilgʻor tajribalar almashinuvini kengaytirish ustuvor yoʻnalishlar sifatida belgilangan.
2027 yilda Xivada YUNESKO bilan hamkorlikda globallashuv va iqlim oʻzgarishi sharoitida madaniy merosni saqlash boʻyicha xalqaro simpozium oʻtkazish haqidagi Oʻzbekiston taklifining maʼqullanishi asosiy bandlardan biri boʻldi.
Forum turli mamlakatlar mutaxassislari, xalqaro tashkilotlar, ilmiy muassasalar va ekspertlar hamjamiyati vakillarini bir joyga jamlashi kutilmoqda. Ishtirokchilar madaniy obʼyektlarni zamonaviy tahdidlardan himoya qilish yoʻllari, yangi texnologiyalarni qoʻllash, anʼanaviy bilimlarni saqlab qolish va mutaxassislar malakasini oshirishni muhokama qiladilar.
Simpozium yakunlari boʻyicha milliy xususiyatlar va xalqaro tajribani hisobga olgan holda madaniy merosni muhofaza qilish va boshqarish usullarini takomillashtirish boʻyicha amaliy tavsiyalar tayyorlash rejalashtirilgan.
Qaror loyihasini uning hammualliflari sifatida chiqqan YUNESKOga aʼzo 54 ta davlat qoʻllab-quvvatladi. Ular orasida Xitoy, Ispaniya, Gretsiya, Portugaliya, Turkiya, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Ozarbayjon bor.
Mamlakatlar vakillari tashabbusning dolzarbligini va uning tashkilot ustuvor yoʻnalishlariga mosligini taʼkidladilar. Ularning fikricha, iqlim oʻzgarishi va globallashuv bilan bogʻliq tahdidlar joʻgʻrofiy joylashuvi va iqtisodiy rivojlanish darajasidan qatʼi nazar davlatlarga taʼsir qiladi va muvofiqlashtirilgan xalqaro saʼy-harakatlarni talab etadi.
Delegatsiyalar, shuningdek, Oʻzbekistonning Buyuk ipak yoʻlining tarixiy-madaniy markazlaridan biri boʻlmish Xivada simpoziumni qabul qilish tayyorligini olqishladilar.
Tadbir YUNESKO Bosh konferentsiyasining Samarqanddagi sessiyasida boshlangan ishlarni davom ettirishi hamda global xavf-xatarlar sharoitida madaniy merosni saqlab qalish boʻyicha tajriba almashish va amaliy yondashuvlarni ishlab chiqish maydoniga aylanishi kutilmoqda.

