Yuk mashinasi haydovchisi Qashqadaryodan Samarqandga elektr uzatiladigan tarmoqni oʻchirib qoʻydi
Uning oʻchishi Buxoro viloyatidagi shamol elektr stansiyalarining ishlab chiqarish quvvatiga ham taʼsir koʻrsatgan - natijada ushbu shamol stansiyalarning ishlab chiqarish hajmi 270 MVtga kamaygan.

Yuk mashinasi haydovchisi Qashqadaryodan Samarqandga elektr uzatadigan tarmoqni ishdan chiqardi
21-sentabr kuni soat 11:18da yuk avtomobili chiqindi to‘kish uchun kuzovini ko‘targan paytda Qashqadaryo viloyatidan Samarqand viloyatiga elektr energiyasi uzatiladigan 500 kV kuchlanishli «L-527» elektr uzatish tarmog‘iga tegib ketgan. Oqibatda ushbu tarmoq avariyaviy o‘chgan.
Mazkur tarmoq yagona 500 kVli elektr uzatish tizimi zanjirining bir qismi bo‘lib, uning o‘chishi Buxoro viloyatidagi shamol elektr stansiyalarining ishlab chiqarish quvvatiga ham ta’sir qilgan — natijada ushbu shamol stansiyalarning ishlab chiqarish hajmi 270 MVtga kamaygan.
Energetika tizimidagi avariyaga qarshi himoya tizimlari o‘z vaqtida ishga tushib, yirik nosozliklarning oldi olingan, zaxira quvvatlar hisobiga ushbu avariya iste’molchilarning elektr ta’minotiga hech qanday ta’sir ko‘rsatmagan.
Energetiklar tomonidan zarur choralar ko‘rilib, nosozlik soat 11:37da bartaraf etilgan va elektr uzatish tarmog‘i qayta ishga tushirilgan.
Energetiklar voqea joyiga yetib borganda, avtomobil haydovchisi voqea joyida bo‘lmagan.
Hodisa yuzasidan yuk avtomobili haydovchisining xatti-harakatlariga huquqiy baho berish uchun tegishli hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etilgan.

