«Yoʻlni surishdi, demak bu yerda nimadir quriladi»: Toshkent tumanida aholi nimadan xavotirda?
Toshkent tumani, “Bogʻizilol” mahallasi Mustaqillik koʻchasida boshlangan "obodonlashtirish" ishlari aholida tashvish uygʻotgan. Surib tashlangan yoʻl oʻrnida "dom" qurilishi haqida gap-soʻzlar bor. Tuman hokimi Sardor Ergashev esa "yoʻl koʻchirilib, hudud obodonlashtirilib, suv boʻyida sayilgoh barpo etish rejasi borligini, "dom" qurilmasligini bildirdi. Aholining xavotirlari qanchalik oʻrinli? Kun.uz vaziyatni oʻrgandi.

«Yoʻlni surishdi, demak bu yerda nimadir quriladi»: Toshkent tumanida aholi nimadan xavotirda?
«Dom qurilishiga bu yerda hamma aholi qarshi»
Mahalla aholisi aytishicha, ularning bosh talabi — eski yoʻl oʻrnida koʻp qavatli uylar qurilmasligi va hududdagi transport muammosiga yechim topilishi.
«Xoʻsh, bizning shikoyatimiz – davlatga hech qanday qarshiligimiz yoʻq. Faqat kelib, shu yerdagi aholidan soʻrashsin: sizlarga nima qulay boʻlyapti? Lekin “dom” qurilishiga bu yerda hamma aholi qarshi. Bizga qolsa, yoʻlning bu betini ham, u betini ham bir tomonlama qilsin-da, oʻrtasini bogʻ qilib bersin.
Tuman hokimiga ham chiqildi. Tuman hokimi dom qurilmaydi, dedi, lekin men sizlarga yozma ravishda aytib berolmayman, tasdiqlamayman, dedi. Ammo hozircha dom qurilmaydi, deb aytdi. Lekin qoʻlimizda shunaqa loyiha bor, bizga kelib tushdi - “dom” quriladi bu yerga», - deydi mahalla aholisidan biri.
Fuqarolarning aytishicha, yaqin atrofda yangi turar joy majmualari ham bunyod etilmoqda. Ularning fikricha, bu hududda yana koʻp qavatli uylar qurilsa, aholi va avtomobillar oqimi yanada ortib, hozirning oʻzida mavjud tirbandlik jiddiy muammoga aylanishi mumkin.
Toshkent tumani hokimi Sardor Ergashevning tushuntirishicha, eski yoʻl suv boʻyida joylashgan. Uning aytishicha, yoʻlning oʻng tomonga koʻchirilishiga hududni obodonlashtirish va sayilgoh qilish rejasi sabab boʻlgan.
«Chunki u suvning boʻyida joylashgan joy, katta suv. U yerda biz sayilgoh qilyapmiz. Yaʼni oʻng tarafga yoʻlni surganimiz - u yer doimiy axlatxona, yaʼni qarovsiz, qurilish chiqindilari toʻkilib yotgan joy boʻlgan. Shuning uchun bu tarafni sayilgohga aylantirish maqsadida yoʻl oʻng tarafga koʻchgan», - dedi tuman hokimi.
Hokimning taʼkidlashicha, eski yoʻl oʻrnida turar joy qurilishi hozircha rasman belgilanmagan.
«Yoʻl tushganidan keyin u yerda savdo markazi boʻladimi, bogʻ, yashil makon, savdo-xizmat koʻrsatish kompleksi, sport maydonchasi boʻladimi - u narsa yoʻq, u “dom” boʻlmagan, auksionga chiqmagan. Shuning uchun “dom” haqida gapirilmagan, chunki u asossiz taxmin», - dedi tuman hokimi.
Yoʻlning kengligi borasida aholi va hokimlik maʼlumotlari bir-biridan farq qiladi.
Aholi eski yoʻl taxminan 11–14 metrgacha boʻlganini, yangi yoʻl esa 9 metr ekanini aytmoqda.
«Mana bu yangi yoʻl 9 metrli yoʻl, judayam tor. Na kirish, na chiqish bor. Agar mana shu yoʻl kengroq boʻlganda, mahallada hamma uchun qulay boʻlardi. Chunki xalq nimaga chiqyapti - xalqning dardini hech kim eshitmayapti, hokim ham koʻz yumyapti. Mana shu yerdan biz kirib, oʻzimning uyim oldida tursam ham, kirib-chiqishga judayam qiynalyapman.
Eski yoʻl boʻlsa, 14 metr, 12 metr atroflarida. Lekin bu yer qulay edi, unday tirbandlik ham yoʻq edi, bemalol mashina kirsa ham boʻlardi, chiqsa ham boʻlardi. Hozirgi yangi yoʻlda judayam odam qiynalyapti. Shunga bir yechimi bormi bu yerda? Keyin ham eski yoʻlni nima sababdan surishdi? Shu javob bizga kelmayapti. Shuning uchun xalq chiqib, bu yerda norozi, koʻpchilik xalq», - dedi u.
Tuman hokimi esa loyihaga koʻra yangi yoʻlning umumiy eni 16 metr ekanini, shundan 9 metri qatnov qismi, qolgan qismi piyodalar yoʻlagi, yashil hudud va lotoklardan iboratligini bildirdi.
«Hozirgi loyihamiz, qilayotgan yoʻlimiz jami loyihada 16 metr eni. Bu qatnov qismi 9 metr. Qolgan qismi piyodalar yoʻlagi, yashil yoʻlak, lotoklardan iborat. Avvalgi yoʻlni 12 metr deb aytyapsizlar, 12 metr boʻlmagan. Aytishyapti endi aholi 12 metr deyapti. 7 metr - avvalgi yoʻl kadastr hujjatida», - dedi u.
Fuqarolar yoʻl rekonstruksiyasi jarayonida mahalladagi bolalar maydonchasi ham buzib tashlanganini aytmoqda. Ularning soʻzlariga koʻra, avval bu maydonda mahallaning turli qismlaridan kelgan oʻnlab bolalar oʻynardi.
«Bizning mana bu yerda bolalar oʻynaydigan maydoncha bor edi. 70–80 ta bola kelardi, mana shu yerda oʻynardi, hamma mahalladagi bolalar chiqib oʻynardi. Maydoncha ham yoʻq, maydonchaning hammasini buzib tashladi. Soʻrasak, qilib beramiz, deb aytdi. Uni bilmadim, qachon qilib beradi, lekin qilib beramiz, deb aytdi. Bittasi keladi yoki qaysidir yordamchisi keladi. U aytadi: “yoʻq, maydonchani mana shu yerda oʻynayvering”, deb. Bittasi, yordamchisi keldi, “mana bu yerda oʻynasin bola”, dedi. Kichkinagina joy», - deydi mahalla aholisidan biri.
Aholi, shuningdek, hududdagi daraxtlar taqdiri va ular oʻrnida qanday ishlar amalga oshirilishi mumkinligidan ham xavotirda.
«Mana bu yerda 12 tup oʻrik daraxtimiz bor. Lekin oʻzimiz qarab, shu yerda mevasini olamiz. Kechagi yigʻilishda hokim boʻlsa, bu yerda oʻrik qilmaydi, meva solmaydigan daraxtlarni menga aytyapsan, dedi. Lekin bu yil sovuq kelgani uchun koʻp daraxtlarni sovuq urib ketgan edi, meva qilmadi.
Lekin shu daraxtlarni kesib, oʻrniga, qandaydir auksionga qoʻyib sotaman, tadbirkorlarga investitsiya kirgizamiz, ish oʻrinlari yaratamiz, deyapti. Lekin bu yerda unday sharoit ham yoʻq. Keyin uy quradigan boʻlsa, avtoturargohi yoʻq, avtoturargoh judayam tor. Keyin mana bu yerda pastimizda Mezana degan dom qurilyapti, lekin ularning ham kirib-chiqishini inobatga olishmayapti. Xalq judayam koʻpayib ketyapti. Erta kelajakni oʻylashimiz kerak», - deydi u.
Aholining asosiy xavotiri — eski yoʻl oʻrnida olti qavatli turar joy majmuasi qurilishi mumkinligi.
Fuqarolar bunday maʼlumotni yoʻl qurilishida ishlagan quruvchilardan eshitganini aytmoqda. Ayrim aholi vakillari hatto bunday qurilish aks etgan loyiha borligini ham taʼkidladi.
Biroq Toshkent tumani qurilish boshqarmasi maʼlumotiga koʻra, hozircha tuman hokimligidan ushbu hudud boʻyicha ularga hech qanday qurilish loyihasi kelib tushmagan.
Shu bilan birga, aholi yaqinda hududga mutaxassislar kelib, yerdan namunalar olganini aytmoqda. Ular bu ishlar kelgusida qurilish boʻlishi ehtimolini tekshirish bilan bogʻliq boʻlishi mumkinligidan xavotirda.
Hokimlik esa eski yoʻl oʻrnida qanday obyekt barpo etilishi hozircha hal qilinmaganini bildirmoqda. Avvalo hudud imkoniyatlari va cheklovlari oʻrganilib, tegishli komissiya xulosasi olinishi kerak.
Shunday qilib, hozircha Mustaqillik koʻchasida turar joy qurilishi rasman tasdiqlangani yoʻq. Ammo yoʻlning nega aynan shu tarzda koʻchirilgani, eski yoʻl oʻrnidan qanday foydalanilishi va aholining transport hamda obodonlashtirish boʻyicha takliflari ochiq qolmoqda.

