Yozgi transferlar oynasidan keyin “Neftchi” O‘zbekistonning eng qimmat klubiga aylandi

Yozgi transferlar oynasi yakuniga yetgach, Farg‘onaning “Neftchi” jamoasi O‘zbekistonning eng qimmat futbol klubi maqomini qo‘lga kiritdi. Transfermarkt portalining so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, ayni damda O‘zbekiston Superligasida ishtirok etayotgan 16 ta jamoaning umumiy bozor qiymati 95,34 million yevroni tashkil etmoqda.
“Neftchi” klubining tarkibi umumiy qiymati 12,85 million yevroga yetib, bu ko‘rsatkich bo‘yicha uzoq vaqt davomida peshqadamlik qilib kelgan Toshkentning “Paxtakor” (12,28 million yevro) jamoasini ortda qoldirdi. Namanganning “Navbahor” klubi 9,63 million yevro bilan uchinchi o‘rinni egallagan. Kuchli beshlikni Qarshining “Nasaf” (8,45 million yevro) va Samarqandning “Dinamo” (6,78 million yevro) jamoalari yakunlagan.
“Neftchi”ning klublar reytingida birinchi o‘ringa ko‘tarilishiga asosan bitta muhim transfer – Koffi Kuaoning jamoaga kelishi sabab bo‘ldi. Kot-d’ivuarlik o‘ng qanot himoyachisining narxi 2,5 million yevroga baholangan bo‘lib, u hozirda O‘zbekiston Superligasining eng qimmat futbolchisi hisoblanadi.
Superliganing eng qimmat 10 nafar futbolchisi quyidagilar:
1. Koffi Kuao (“Neftchi”) — 2,50 mln yevro
2. Abduvohid Ne’matov (“Paxtakor”) — 1,50 mln yevro
3. Akmal Mozgovoy (“Paxtakor”) — 1,40 mln yevro
4. Hojiakbar Alijonov (“Paxtakor”) — 1,30 mln yevro
5. Sherzod Nasrullayev (“Paxtakor”) — 1,20 mln yevro
6. Lyupcho Doriyev (“So‘g‘diyona”) — 1,20 mln yevro
7. Hojimat Erkinov (“Paxtakor”) — 1,00 mln yevro
8. Jamshid Iskanderov (“Neftchi”) — 1,00 mln yevro
9. Dostonbek Hamdamov (“Paxtakor”) — 900 ming yevro
10. Bashar Resan (“Paxtakor”) — 800 ming yevro
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Superligasining amaldagi chempioni Farg‘onaning “Neftchi” klubi hisoblanadi.

