Yoshlarga taklif qila oladigan eng yaxshi narsamiz nafaqa emas, balki ish oʻrnidir, deydi kantsler
Jon Xilining nutqi kelasi oydagi Byudjet taqdimoti arafasiga toʻgʻri kelmoqda, chunki u hukumatning qarz olish xarajatlarini kamaytirish bosimiga duch kelmoqda.

**Yoshlarga taklif qila oladigan eng yaxshi narsamiz nafaqa emas, balki ish oʻrnidir, deydi kantsler**
Kantsler Buyuk Britaniyaning nafaqalar boʻyicha xarajatlari oʻsib borishiga yoʻl qoʻyish va shu bilan birga yoshlarga imkoniyatlar bermaslikdan ogohlantirdi.
Jon Xili Leyboristlar partiyasining Liverpuldagi yillik konferentsiyasida ijtimoiy taʼminot xarajatlarini qisqartirish «shunchaki iqtisodiy zarurat emas, balki maʼnaviy burch» ekanini aytdi.
«Yosh yigit-qizga taklif qila oladigan eng yaxshi narsamiz nafaqa toʻlovi emas, balki kasbiy taʼlim va ish haqiga ega boʻlgan birinchi ish oʻrnidir», dedi u.
U Angliyadagi merlar uchun Mahalliy shogirdlik xizmati (Local Apprenticeships Service) kengaytirilishini eʼlon qilib, bu yoshlar uchun yana minglab shogirdlik oʻrinlarini yaratishini aytdi.
Xilining nutqi kelasi oydagi Byudjet oldidan davlat xarajatlarini qisqartirish yoki soliqlarni oshirish orqali hukumatning qarz olish xarajatlarini kamaytirish borasida bosimga uchrayotgan bir paytda yangradi.
Bozorlarni tinchlantirish uchun u hukumatning barcha vaʼdalari «fiskal intizom qoyasiga qurilishini» hamda u va Bosh vazir Endi Bernem «fiskal qoidalarga rioya qilishda hamfikr» ekanini aytdi.
Fiskal qoidalar — bu hukumatning xarajatlar va soliq qarorlarini boshqarish uchun oʻz zimmasiga olgan cheklovlaridir.
Byudjet «oilalar va korxonalarga bir oz nafas rostlash imkonini beradi», dedi kantsler.
U shuningdek, «90-yillarda Yangi Leyboristlarda boʻlgan mablagʻlar hozir shunchaki mavjud emasligini» tan oldi.
Xili Konservatorlar partiyasining hokimiyatdagi yillarini Buyuk Britaniyaning Ichki ishlar vazirligi, Mudofaa vazirligi va Adliya vazirligiga ajratilgan umumiy mablagʻdan koʻra qarzlarni toʻlashga koʻproq pul sarflashiga sababchi deb aybladi.
Bunga javoban, Torilarning soyadagi kantsleri Endryu Griffit «leyborist deputatlar nazoratdan chiqib ketgan ijtimoiy taʼminot xarajatlarini qisqartirishni hech qachon qoʻllab-quvvatlamasligini» va «Leyboristlar bilan agar ishlasangiz — doim koʻproq soliq, ishlamasangiz — koʻproq nafaqa toʻlanishini» aytdi.
Xili yoshlarni «raqamli texnologiyalar davrida tugʻilgan, oʻta aqlli, izlanuvchan, intiluvchan, jasur» deb taʼriflab, ular «xavf ostidagi avloddan umid avlodiga» aylanishi mumkinligini taʼkidladi.
Biroq u taʼlim olmayotgan, ishlamayotgan yoki kasb oʻrganmayotgan bir million yoshlarni (Neets deb ataladi) tilga olib, nafaqalar «tuzoq» emas, balki ishga oʻtish koʻprigi boʻlishini taʼminlash zarurligini aytdi.
«Tobora oʻsib borayotgan nafaqa xarajatlariga va daromad taklif qilib, kelajak taklif qilmaydigan tizimga yoʻl qoʻyish progressiv yondashuv emas», dedi u.
Mahalliy shogirdlik xizmati dastlab kam sonli hududlarda sinov tariqasida rejalashtirilgan edi, ammo endi u istagan har qanday ingliz meri uchun ochiq boʻladi, dedi u.
Gʻaznachilik maʼlumotlariga koʻra, 2027 yilning martidan boshlab butun Angliya boʻylab joriy etiladigan ushbu dastur doirasida mahalliy guruhlar yoshlarni ish beruvchilar, jumladan, ilgari hech qachon shogird olmagan kichik korxonalar bilan bogʻlaydi.
Vazirlikning maʼlum qilishicha, Mehnat va pensiya vazirligi tizimidagi tejamkorlik hisobidan «toʻliq moliyalashtirilgan» ushbu dasturga qoʻshimcha 100 million funt sterling ajratilmoqda.
Xili merlar ushbu dasturni amalga oshirish vakolatiga ega boʻlishini aytdi, chunki «ular qaysi firmalar ishga qabul qilayotganini, qaysi kollejlar taʼlim berayotganini, qaysi hududlar eʼtibordan chetda qolganini yaxshi bilishadi».
Ushbu eʼlon yaqin haftalarda sobiq vazir Alan Milbernning Buyuk Britaniyadagi 16 yoshdan 24 yoshgacha boʻlgan har sakkiz kishidan birini tashkil etuvchi Neets (oʻqimaydigan va ishlamaydigan yoshlar) muammosini hal qilish boʻyicha tavsiyalarni oʻz ichiga olgan yirik hisobotining yakuniy qismi kutilayotgan bir paytda chiqdi.
Xili bu yoshlar «hisobdan chiqarilgan, umid uzilgan» boʻlganini va Leyboristlar hukumati bu muammoni hal qilishini aytdi.
Fiskal tadqiqotlar instituti tahlil markazi direktori Helen Miller Bi-bi-siga faqat fiskal qoidalarga rioya qilishning oʻzi qarzni kamaytirish uchun yetarli boʻlmasligini, chunki bu «aslida qarzni ertaga kamaytirish haqidagi vaʼda» ekanini aytdi.
Uning soʻzlariga koʻra, nafaqa xarajatlarini qisqartirish, jumladan, ayrim toifadagi odamlarni qoʻllab-quvvatlashni toʻxtatish davlat qarzini tezroq kamaytirishning bir yoʻli boʻlishi mumkin.
Nutqining boshqa qismida Xili mamlakatni qayta industriallashtirish vaʼdasini takrorladi va Rolls Royce kompaniyasi Derbi, Bristol, Glazgo va Roteremdagi Britaniya zavodlariga yana 300 million funt sterling sarmoya kiritishini aytdi.
U shuningdek, sunʼiy intellekt davrida ishchilarning malakasini oshirishga yordam berish uchun 1998 yilda tashkil etilgan va torilar tomonidan bekor qilingan Angliyadagi Ittifoq taʼlim jamgʻarmasini (Union Learning Fund) qayta tiklayotganini maʼlum qildi. Buning qanday moliyalashtirilishi dastlab noaniq edi.

