Yoqilgʻi-energetika tarmogʻini boshqarish tizimi isloh etilmoqda
Prezident farmoni bilan energetika sohasini rivojlantirishning yangi tamoyillari, jumladan, bozor meхanizmlarini kuchaytirish, raqobatni rivojlantirish va investitsiyalarni jalb etish belgilandi. 2026 yil yakuniga qadar iste’molchilarni 2050 yilgacha energiya resurslari bilan barqaror ta’minlash konsepsiyasini ishlab chiqish rejalashtirilgan.

Yoqilgʻi-energetika tarmogʻini boshqarish tizimi yangilanmoqda
Prezident 22.09.2026 yildagi «Yoqilgʻi-energetika tarmogʻini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi PF-202-son Farmonni imzoladi.
Hujjatda quyidagi asosiy maqsadlar belgilangan:
• mamlakat energetika xavfsizligini mustahkamlash va sohaning barqarorligini ta’minlash;
• energetika sohasida natijaga yoʻnaltirilgan boshqaruv tizimini shakllantirish;
• davlat va xususiy sektor oʻrtasidagi munosabatlarni «strategiya – tartibga solish – nazorat – ijro» tamoyili asosida yoʻlga qoʻyish;
• investitsiya jozibadorligi va shaffoflikni oshirish hamda adolatli raqobat muhitini yaratish;
• energetika sohasida raqobatni rivojlantirish va barcha uchun teng huquq hamda sharoitlar yaratish orqali zamonaviy ekotizimni joriy etish.
Energetika vazirligi energetika korxonalari va iste’molchilarga shartnomaviy, servis va boshqa iqtisodiy munosabatlarga yakka tartibdagi ruxsatnomalar berishni bekor qiladi.
Farmonga muvofiq mas’ul tashkilotlarga yangi vazifalar yuklatildi:
• Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligiga (tartibga soluvchi organ) – tabiiy va suyultirilgan gaz, shuningdek, elektr energiyasi yetkazib berish sohasida bozor tamoyillarini bosqichma-bosqich shakllantirish va tartibga solish;
• Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyalariga – preventiv nazorat modeli asosida ishlash;
• yoqilgʻi va energiya ishlab chiqaruvchi korxonalarga – oʻz yurisdiksiyasi doirasida yoqilgʻi-energetika resurslarini qazib olish, ishlab chiqarish, qayta ishlash, tashish, saqlash, uzatish, taqsimlash, yetkazib berish va sotish bilan bogʻliq faoliyat.
Farmon bilan quyidagi yoʻnalishlar belgilandi:
• Energetika vazirligi faoliyatining asosiy yoʻnalishlari;
• Energetika bozorini rivojlantirish va tartibga solish agentligi faoliyatining yangi yoʻnalishlari;
• Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi faoliyatining qoʻshimcha yoʻnalishlari.
2026 yil yauniga qadar 2050 yilgacha iste’molchilarni energiya resurslari bilan barqaror ta’minlash konsepsiyasi loyihasini taqdim etish rejalashtirilgan.
Respublika iste’molchilarini yoqilgʻi-energetika resurslari bilan ta’minlashni rivojlantirish rejasi tasdiqlanadigan sxemaga muvofiq ishlab chiqiladi. Har yili sektorlar va hududlar boʻyicha yoqilgʻi-energetika resurslariga boʻlgan talabning uch yillik prognozlari tayyorlanadi.
Bundan tashqari, energetika sohasida yuqori sifatli investitsiya loyihalari rejalarini ishlab chiqish va ular uchun tender hujjatlari toʻplamini tayyorlash ham yangi sxemaga muvofiq amalga oshiriladi.
Investitsiya rejasida har bir loyihaning asosiy texnik-iqtisodiy koʻrsatkichlari, loyihani amalga oshirish tamoyillari va moliyalashtirish manbalari, talab etiladigan yer maydoni, shuningdek, infratuzilma xususiyatlari aks ettiriladi.
Shu bilan birga, 2027 yil 1 iyuldan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Idoralararo tarif komissiyasi faoliyatining shaffofligi, samaradorligi va natijadorligini ta’minlash maqsadida energetika sohasida Idoralararo tarif komissiyasining yagona raqamli platformasi joriy etiladi.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 24.09.2026 yildan kuchga kirdi.

