Sport

“Yopiq aylana”. Nega yangi top-klublar paydo bo‘lmaydi?

"Yopiq aylana": Nega yangi top-klublar paydo bo‘lmayapti?

Angliyada an'anaviy "Top-6" tushunchasi mavjud bo‘lib, unga "Manchester Yunayted", "Liverpul", "Arsenal", "Chelsi", "Manchester Siti" va "Tottenhem" klublari kiradi. O‘n besh yildan ko‘proq vaqt oldin bu ro‘yxat "Top-4"dan iborat edi. Keyinchalik "Manchester Siti" shayxlar tomonidan sotib olinib, yirik klubga aylantirildi, "Tottenhem" ham bu davraga qo‘shildi. Qizig‘i shundaki, Angliya chempionatining so‘nggi yetti yilida faqat bir marta turnir jadvalining eng yuqori olti pog‘onasini aynan shu jamoalar egallagan. Qolgan mavsumlarda "Lester", "Aston Villa", "Nyukasl" va hatto "Vest Hem" ham oltilikka kirishga muvaffaq bo‘lgan. Shunga qaramay, "Top-6" iborasi hali ham ishlatiladi va kelajakda ham shunday bo‘lib qolishi kutilmoqda.

Masalan, "Aston Villa" so‘nggi uch mavsumni Chempionlar Ligasi zonasida yakunladi, faqat bittasida to‘plar nisbati tufayli yo‘llanmadan mahrum bo‘ldi. Ular Yevropa Ligasini ham yutishdi. Biroq, ularning ikki muhim futbolchisi – Morgan Rojers "Chelsi"ga, Yuri Tilemans esa "Manchester Yunayted"ga o‘tib ketdi. Shuningdek, Lyuka Din Parijda, Konsani ham "Arsenal" olib qo‘yishi mumkin. "Villa" hozircha kichikroq klub bo‘lishi mumkin, ammo "Nyukasl" haqida nima deyish mumkin? Bir necha yil oldin Saudiya Arabistoni investorlari klubni sotib olganlarida, bizga yangi "Manchester Siti" loyihasi paydo bo‘layotganiga ishontirishgandi. Hatto tarkib evolyutsion yo‘l bilan asta-sekin kuchaytirilib, natijalar yaxshilanib borgan sari, bu loyiha ancha aqlli yuritilayotganiga amin bo‘lgandik. Quyida Eddi Hau kelganidan keyingi, ya’ni so‘nggi besh yildagi natijalar keltirilgan:

[Foto: Opta]

"Nyukasl" ham Chempionlar Ligasida munosib ishtirok etdi: "PSJ"ni mag‘lub etdi, "Barselona" bilan yaxshi o‘yinlar o‘tkazdi, Angliya Liga Kubogini ham qo‘lga kiritdi. O‘tgan yozda hatto hujumda Ekitike – Isak juftligini shakllantirishga urinib ko‘rdi. Katta transferlari ham yo‘q emas.

Ammo qarangki, bu yozda "Nyukasl"ni ham "talashmoqda": Gimaraes "Arsenal"ga, Tonali "Tottenhem"ga, Gordon esa "Barselona"ga ketdi. Eddi Hau ham yo‘q, endi hammasi boshqatdan boshlanishi kerak. Nega shunday bo‘lmoqda?

[Foto: Kollaj/"Daryo"]

Abramovich "Chelsi"ni sotib olganida, jamoa bugungi "Nyukasl" yoki "Villa"dan kichikroq edi. "Manchester Siti" undan ham kichik, "PSJ" esa Yevropada bugungidek nufuzga ega emasdi. Nega asr boshlarida muvaffaqiyatga erishish mumkin bo‘lgan loyihalar bugun o‘xshamayapti? Xato nimada?

[Foto: Getty images]

Bilamizki, hech kim xato qilmayapti, shunchaki, bugungi shartlarda yangi top-klub paydo bo‘lishining deyarli imkoni yo‘q, nazarimda. Asr boshlarida "Chelsi" hozirgidek faol edi, lekin ularning har bir transferi top darajada bo‘lgan. "Manchester Siti" Messiga bo‘sh chek jo‘natgan, deyishadi; biroz mubolag‘a bo‘lsa-da, ko‘pchilik bunga ishongan, zero klubning transfer siyosati mana shunday agressiv edi. Futbolga investitsiya kiritish obro‘li ishga aylangach, mana shunday investorlar paydo bo‘la boshladi va bu biz bilgan an'anaviy top-klublarni, jumladan, "Bavariya", "Real", "Manchester Yunayted" yoki "Barselona" kabi klublarni tashvishga sola boshladi. Ma'lum muhim davrdagi to‘g‘ri ishlari, ulkan fanbazasi va yuqori futbol daromadlari tufayli Yevropa futbolida gegemonga aylangan hamda har mavsum sovrinlardan tortib, eng yaxshi futbolchilarni ham pirog kabi bo‘lib oladigan bu klublarga yangi, radikal investorlar yoqmadi. Kuchlar teng emasdi: investorlar katta pullar bilan avval eng osoni – futbol yulduzlarini o‘z tomonlariga og‘dirishgan bo‘lsa, keyin futbol maydonida, marketing bozorida raqobat qila boshlashdi. Yakunda yangi avlod muxlislari ham e'tiborini qaratdi – dunyoning har chekkasida "PSJ" yoki "Manchester Siti" libosini kiyib yurgan yosh bolalarni ko‘p ko‘rasiz.

Xullas, yangi raqiblar va qo‘shimcha poyga katta klublarni tashvishga sola boshladi, ular asta-sekin UEFAni o‘z ta'siriga olishdi. Tabiiyki, doimiy muvozanat va barqarorlik UEFA uchun ham muhim, futboldan tashqaridagi investorlar esa mana shu barqarorlikni buzishardi. Bitta o‘xshagan "Chelsi" loyihasiga "Malaga" va "Portsmut" kabi inqirozlar ham to‘g‘ri kelardi. Demak, xarajatlar va daromadlar nazorat qilinishi shart.

Yevropada har yoz ko‘p bor tilga olinadigan "Moliyaviy feyr-pley" cheklovlari 2009-yildan 2013-yilgacha asta-sekinlik bilan joriy qilina boshlandi. Sababi, endi o‘sha tashqi pullar tufayli futbolda raqobat oshib, transfer va maoshlar keskin o‘sib ketgan, klublar daromadidan ko‘proq xarajat qilishga majbur bo‘layotgandi. 2009-yilga kelib Yevropa yuqori divizionlarining umumiy zarari 1,6 milliard yevroga yetgandi. Bunday davom etishi futbolni xavf ostiga qo‘yardi; rus va Qatar boylari bilan raqobatga kirishadigan professional klublar agar sarflashda davom etsa, oqibati yanada yomon bo‘lishi turgan gap edi. Yaxshisi, futbolni tashqi pullardan tozalab, sof va tabiiy yo‘l bilan rivojlanishga qo‘yib berish deb topildi.

[Foto: Getty images]

Ya'ni, har bir klub o‘zi ishlab topadigan futbol daromadlaridan ortig‘ini ishlata olmaydi. Abramovich o‘z biznesidan topgan puliga "Chelsi"ga futbolchi olib berishi mumkin emas. "Chelsi" faqat translatsiya huquqlari, marketing shartnomalari, chiptalar va transfer sotuvlari yordamida pul topib, faqat mana shu pullarni sarflashi mumkin. Abramovich shunchaki aqlli boshqaruvni yo‘lga qo‘yishi kerak, xolos. "Manchester Siti"ga qo‘yilayotgan 115 ta ayblovning ortida ham mana shu nazorat yotibdi – go‘yoki, klub soxta shartnomalar orqali o‘z daromadlarini yuqori qilib ko‘rsatgan yoki xarajatlarni kamaytirgan, turli aylanma yo‘llar bilan homiylardan pul olib kirgan va hokazo. Xullas, yangi davrga qadam qo‘yildi.

Bilamizki, doim bo‘lganidek, tanganing ikkinchi tomoni ham bor. "Futbol daromadlari" deyapmiz-u, uning hajmi baribir to‘g‘ridan to‘g‘ri fanbaza bilan bog‘liq. Klubning dunyo bo‘ylab muxlislari qancha ko‘p bo‘lsa, unga bo‘lgan qiziqish qanchalik yuqori bo‘lsa, klubning daromad olish imkoniyati yanayam oshadi, to‘g‘rimi? Muhim jihat shundaki, 80–90-yillarda top-klublar saralanib bo‘lgan: Italiya, Ispaniya va Angliya grandlari ma'lum, tabiiyki, butun dunyo ularga muxlislik qiladi, qiziqish bildiradi. Bu yerdan o‘z ulushini olish uchun klub bir necha yil o‘ta muvaffaqiyatli qatnashib, bir nechta muhim sovrinlarni qo‘lga kiritishi, futbol yulduzlarini jalb qila olishi kerak. "Chelsi" Mourinyo bilan juda qiziqarli jamoaga aylangan va barchaning e'tiborini qozongan, "Manchester Siti" tarkibi uchun katta pul sarflab sovrinlar yutishni boshlagan, Gvardiola jamoa g‘alabalarini barqarorlashtirdi, "PSJ" esa Enrike boshchiligida sovrin mashinasiga aylandi.

[Foto: Kollaj/"Daryo"]

Sezyapsizmi, qandaydir yopiq aylana paydo bo‘lyapti. Bir kichik klub, masalan, "Nyukasl" haqiqiy top darajaga chiqishi uchun bir necha yil barqaror shaklda yuqori o‘rinlar va sovrinlar uchun kurashishi kerak. Sovrinlar uchun kurashishning yo‘li – tarkibni kuchli futbolchilar bilan to‘ldirish. Kuchli futbolchilarni jalb qilish uchun esa katta pul sarflash kerak. Katta pullarni sarflay olish uchun esa klubning futbol daromadlari katta bo‘lishi zarur. Futbol daromadlari yirik bo‘lishi uchun esa klubning o‘zi ham katta bo‘lishi kerak. Klub katta bo‘lishi uchun esa... Yana eng boshiga qaytamiz, aylana yopildi. Bu yopiq aylanaga kirishning iloji yo‘q. Ilgari klublar "yuqori o‘rinlar uchun kurashishga kuchli futbolchilar kerak" degan bosqichda tashqaridan pul sarflab tarkibni kuchaytirib olishardi, xuddi "Chelsi" yoki "Manchester Siti" kabi. Hozir bunday pul ishlata olmas ekansiz, tabiiyki, aylanaga kira olmaysiz.

[Foto: Premier league]

Shuning uchun ham "Aston Villa" o‘tgan mavsum 4-o‘rinni olib, Chempionlar Ligasiga chiqqan bo‘lsa-da, Morgan Rojersni "Chelsi"ga sotishga majbur. Sababi, Morgan Rojersning o‘zi ham alohida bir loyiha: u ham futbolchi sifatida o‘sishni, sovrinlar yutishni istaydi. "Aston Villa" uni olib qolish uchun tarkibni kuchaytirishi, aytaylik, chempionlik uchun kurashishga tayyor ekanini Rojersga ko‘rsata olishi kerak. Lekin klubda yangi futbolchilarga sarflash uchun katta pul yo‘q, chunki daromad keltiradigan yirik marketing shartnomalari, ulkan fanbaza mavjud emas. "Chelsi" esa o‘tgan mavsum hatto 10-o‘rinni ololmagan bo‘lsa-da, o‘sha ishonchni Rojersga bera oladi, zero "Chelsi" qaysi o‘rinni olishidan qat'i nazar "Villa"ga nisbatan kattaroq daromad manbaiga ega. "Villa" yetakchi futbolchilarini sotishga majbur bo‘ladi va o‘rnini boshqalar bilan to‘ldiradi. Bu yo‘l bilan barqaror o‘sishga erishish qiyin, agar bir darajada ushlab turilsa ham katta muvaffaqiyat sanaladi. Eng yaxshi holatda "Aston Villa" yana 4-5-o‘rinlar uchun kurashishi mumkin va shuning o‘zi ham muvaffaqiyat sanaladi.

[Foto: Chelsea]

Ko‘ryapsizmi, o‘sha 2009-yilda o‘rnatilgan bugungi shartlarda yangi, barcha sovrinlar uchun kurashadigan top-klub paydo bo‘lishining iloji yo‘q. Kichik klublar birdaniga katta futbol daromadlarini topa olmaydi. Tashqaridan pul kiritish esa imkonsiz. Ulgurgan ulgurdi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.