Yong‘oq insultdan keyin miya tiklanishini tezlashtirishi mumkin — tadqiqot

**Yong‘oq insultdan keyin miya tiklanishini tezlashtirishi mumkinligi aniqlandi — tadqiqot**
Monash universiteti olimlari tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, yong‘oq iste’moli insultdan keyin miyaning tiklanish jarayonini tezlashtirishi mumkin. Tadqiqotda o‘rtacha yoshi 61 yosh bo‘lgan 1771 nafar ko‘ngillining ma’lumotlari tahlil qilindi.
Ishtirokchilarning ovqatlanish tartibi haqidagi ma’lumotlari to‘plandi, shuningdek, ular xotira, axborotni qayta ishlash tezligi va mantiqiy fikrlash bo‘yicha testlardan o‘tkazildi. Olimlar MRT yordamida miya va gipokamp hajmini baholadilar, qolaversa, qonda asab tizimi va qon tomirlari salomatligi bilan bog‘liq oqsillarni o‘lchadilar.
Avval insultni boshdan kechirmagan 1742 nafar ishtirokchining ma’lumotlari tahlil qilinganda, yong‘oqni ko‘proq iste’mol qilish umumiy kognitiv ko‘rsatkichlarning yaxshiroq bo‘lishi bilan bog‘liq ekani aniqlandi. Bu bog‘liqlik, ayniqsa, ovqatlanish sifati past va jismoniy faolligi kam bo‘lgan odamlarda yaqqolroq kuzatilgan. Jismoniy faol ishtirokchilarda esa yong‘oqni ko‘proq iste’mol qilish miyaning umumiy hajmi kattaroq bo‘lishi bilan bog‘liq bo‘lgan.
Shu bilan birga, ularning qonida VEGF darajasi yuqoriroq ekani kuzatilgan. Olimlarning tushuntirishicha, ushbu oqsil yangi qon tomirlari hosil bo‘lishida ishtirok etadi va shikastlangan to‘qimalarning tiklanishiga yordam berishi mumkin.
Tadqiqotchilar yong‘oq tarkibidagi foydali yog‘lar, vitaminlar va minerallar miya salomatligini qo‘llab-quvvatlashi mumkinligini taxmin qilmoqda. Biroq, tadqiqot yong‘oq kognitiv funksiyalarni bevosita yaxshilashi yoki umuman insultning oldini olishini isbotlamaydi.

