Mahalliy

«Yomgʻirli kunlarga qolib ketadi, deb qoʻrqyapmiz»: Chaqar mahallasi aholisi nimadan norozi?

Shayxontohur tumanidagi Chaqar mahallasida obodonlashtirish ishlaridan soʻng aholi noqulay sharoitda qolganidan shikoyat qilmoqda. Ularning aytishicha, hududdagi daraxtlar kesilgan, yoʻlak va asfalt qoplamalari buzilgan, qurilish ishlari esa vaqti-vaqti bilan toʻxtab qolmoqda. Masʼullar ishlarni yakunlashga vaʼda bergan. Kun.uz vaziyatni oʻrgandi.

«Yomgʻirli kunlarga qolib ketadi, deb qoʻrqyapmiz»: Chaqar mahallasi aholisi nimadan norozi?

Shayxontohur tumanidagi Chaqar mahallasida «Obod mahalla» dasturi doirasida daraxtlar kesilib, yoʻlaklar va asfalt buzilgan, ammo ishlar yarimta holatda qoldirilgan. Natijada chang-toʻzon va xavfsizlik bilan bogʻliq muammolar yuzaga kelmoqda. Aholi ishlarning oxiriga yetkazilishi va yashil hududlarning tiklanishini soʻramoqda. Mahalla raisi kechikishni issiq ob-havo hamda moliyaviy qiyinchiliklar bilan izohlagan, tuman hokimligi esa ishlar davom etayotganini bildirgan.

### «Buzib qoʻyib, tashlab ketish yaxshi emas»

Mahalla aholisidan biri avvalgi holatni eslab, hududni obodonlashtirish ishlari boshlanishidan oldin ham ayrim kamchiliklar boʻlganini, biroq hozirgidek noqulayliklar yoʻqligini aytdi. Uning soʻzlariga koʻra, mahallada daraxtlar koʻp boʻlgan, bolalar oʻynaydigan joylar mavjud edi, asfalt yoʻllar esa yaxshi holatda edi.

«Bu yerda bolalar oʻyingohlari bor edi. Daraxtlar juda koʻp edi. Koʻp daraxtlar kesilib ham ketdi. Asfaltlarimiz yaxshi edi. Hozir hamma yoqni buzishgan, uylar changga toʻlyapti. Ayniqsa, yoz oylarida juda qiynaldik. Mayli, sabr qilaylik, ish bitib qolar, deb kutdik. Lekin ish yurmadi. Taxminan bir oy oldin ayrim blogerlarga murojaat qildik. Ular kelganidan keyin biroz harakat boʻldi. Hokimiyatdan kelib, ikki oy ichida chiroyli qilib tugatamiz, ertadan 60–70 nafar odam ishga tushadi, deb vaʼda berishdi. Lekin toʻrt-besh kishi kelgan boʻldi, keyin yana jimlik. Ishning natijasi koʻrinmayapti», - deydi murojaatchi.

### «Hammasi aldaydi, faqat aldaydi»

Yana bir murojaatchi qurilish ishlari bir necha kun davom etib, keyin yana toʻxtab qolishidan norozi. Uning aytishicha, ishchilar kelib hududni oʻlchaydi, nimadir boshlayotgandek boʻladi, soʻng uzoq vaqt koʻrinmay qoladi.

«Hech qachon bunday sharoitga tushamiz, deb oʻylamagan edik. Hammasi aldaydi, faqat aldaydi. Toʻrtta odam kelib oʻlchadi. Men ulardan: “Bolam, ishlaysizlarmi?” deb soʻradim. “Ha, ishlaymiz”, deyishdi. Lekin keyin ular ham yoʻqolib qoldi. Har kuni vaʼda, har kuni aldash. Yana qishgacha qolib ketadi, deb qoʻrqyapmiz», - deydi u.

Aholi orasida qurilish hududida qoldirilgan armatura va boshqa qurilish materiallari sababli yiqilib tushish holatlari ham tez-tez uchrayotgani aytilmoqda. Bu esa, ayniqsa, hududda oʻynaydigan bolalar xavfsizligi borasidagi xavotirlarni kuchaytirmoqda.

«Shayxontohur tumani hokimining oʻrinbosari kelib, zudlik bilan toʻgʻrilab beraman, deb vaʼda berib ketdi. Lekin bunaqa boʻlmaydi. Hech kim biz bilan shugʻullanmayapti. Bu qachongacha davom etadi? Qachongacha bolalarni bemalol pastga tushirib, nabiralarimiz bilan aylanolmaymiz? Bolalar uchun juda xavfli. Koʻrib turibsizlar, toshlar yotibdi. Zinalar oldidan tushganda armaturalar bor. Bolalarning oʻzini qoʻyib yuborolmaymiz. Bolalar toshlarni otishadi, changda yiqilishadi. Oʻzimiz ham yiqilib, jarohat oldik», - deya norozilik bildirdi murojaatchi.

### «Loyiha biz bilan kelishilmagan»

Uchinchi murojaatchi qurilish loyihasi aholi bilan yetarlicha muhokama qilinmaganini ham aytdi. Uning soʻzlariga koʻra, loyiha tayyor holatda olib kelingan va tasdiqlangan. Aholi ayrim kamchiliklar yuzasidan takliflar bildirgan boʻlsa-da, ular inobatga olinganiga ishonch hosil qilmagan.

«Loyiha tasdiqlanishidan oldin biz bilan kelishishmagan. Men loyihachidan kim tasdiqlaganini soʻraganimda, hokim oʻrinbosari tasdiqlaganini aytdi. Lekin hokim oʻrinbosari bu yerda yashamaydi. Biz yashaymiz. Bizdan kelib soʻrashlari kerak edi», - deydi u.

Murojaatchining taʼkidlashicha, u loyihadagi ayrim kamchiliklarni koʻrsatib, ularni toʻgʻrilashni soʻragan. Biroq vaʼdalar berilgan boʻlsa-da, yakuniy natijada takliflar hisobga olinmagan.

U shuningdek, qurilish davrida aholini xabardor qilish, ekologik sharoitni hisobga olish va hududdagi oʻzgarishlar boʻyicha ochiq muloqot olib borish zarurligini taʼkidladi. U Konstitutsiyaning 49-moddasiga ham ishora qilib, atrof-muhitni muhofaza qilish va ekologik huquqlarga eʼtibor qaratish lozimligini bildirdi.

«Daraxtlar kesilayotgan paytda Ekologiya vazirligiga murojaat qilganman. Vazirlik vakillari kelib: “Kim ruxsat berdi?” deb soʻrashdi. Ruxsat yoʻqligini aytishdi. Shunda ular: “Ishimizga xalaqit berdingiz”, deb javob berishdi. Men esa ularga: “Agar bir daraxtni aylanib oʻtish qoʻlingizdan kelmasa, demak, tajribangiz yetmayapti. Chet davlatlarda koʻpriklarni ham aylanib oʻtishadi, bizda esa oddiy bruschatkani aylanib oʻtishning iloji boʻlmayaptimi?” dedim. Ular kesilgan daraxtlar oʻrniga 300–500 dollarlik daraxtlar olib kelib ekishlarini aytishdi. Lekin bu yerga qancha pulli daraxt olib kelib ekishmasin, ekologik vaziyatni tushunadigan odam bu joyga daraxt ekishning oʻzi yetarli emasligini anglaydi. Chunki yerning tagi, oʻzingiz koʻrib turibsiz, qurilish materiallari, chiqindilar va toshlarga toʻla», - dedi murojaatchi.

### Mahalla raisi: ishlar bir oy ichida yakunlanishi kerak

Mahalla raisi aholi fikri oʻrganilganini taʼkidlab, «Obod mahalla» dasturi doirasidagi loyiha boshlanishidan avval hokimlik va mahalla vakillari aholi bilan bir necha bor uchrashib, tushuntirish ishlari olib borgani, loyihalarni koʻrsatgani va aholi ularni maʼqullaganini aytdi.

«Aholi fikri oʻrganilgan, loyiha boshlanishidan avval mahalla va hokimlik vakillari aholi bilan bir necha bor uchrashib, tushuntirish ishlarini olib borishgan. Loyihalar koʻrsatilganida aholi rozi boʻlib, xursand ham boʻlgan. Yozdagi kuchli issiq sababli ishlar bir oyga toʻxtab qoldi, keyin moliyaviy masalada ham muammo boʻldi, lekin u hal qilindi. Hozirgacha ajratilgan mablagʻ hisobidan ishlarning 60–70 foizi bajarildi, qolgan ishlar uchun keyingi mablagʻni kutyapmiz. Shahar hokimligi hududni bir oy ichida toʻliq yakunlab, aholiga topshirishini aytgan. Bu yerda aholi dam oladigan joylar va bolalar maydonchalari tashkil etiladi. Bu avval qarovsiz joy edi, uni obodonlashtirish boʻyicha koʻp murojaatlar boʻlgan. Men mahalla raisi sifatida ishning boshidan javobgarlikni oʻz zimmamga olganman va oxirigacha javob beraman. Hudud tashlab qoʻyilmaydi, aholi xavotir olmasin», - dedi mahalla raisi.

### Hokimlik: «Ish toʻxtamagan»

Vaziyat yuzasidan tuman hokimligi matbuot kotibining ham fikri olindi. U qurilish ishlari toʻxtamaganini, quruvchilar faqat shanba va yakshanba kunlari dam olishini aytdi. Shu bilan birga, u obodonlashtirish ishlari uchun har bir fuqarodan alohida ruxsat olinishi shart emasligini bildirdi.

«Chaqar mahallasida ish ketyapti, ish toʻxtamagan. Shanba-yakshanba quruvchilar dam olishdi. Sizga notoʻgʻri axborot berishibdi. Boʻlmagan gap, yolgʻon gapirishgan sizga. Men oʻzim oʻtgan hafta borib, u yerda tasvirga olib keldim. Ish boʻlyapti», - dedi matbuot kotibi.

Uning taʼkidlashicha, hokim oʻrinbosari qurilish ishlari 15-noyabrgacha yakunlanishini bildirgan. Matbuot kotibi ushbu muddatga qadar ishlar koʻzga koʻrinadigan darajaga yetib borishini aytdi.

Kun.uz 13-sentabr kuni hududga borganda, joyida ishchilar koʻrinmagan va qurilish jarayoni toʻxtab turgan edi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.