Yomg‘ir, sevgi va nostalgiya: kuzni sevib qolishingizga sabab bo‘ladigan 10 ta film

Yomg‘ir, sevgi va nostalgiya: kuzni sevib qolishingizga sabab bo‘ladigan 10 ta film
Kuz — yomg‘irli kunlar, sarg‘aygan barglar va issiq choy bilan birga sevimli filmlarni qayta ko‘rish uchun ham eng qulay fasllardan biri. Bu mavsumga xos sokin va biroz g‘amgin kayfiyat ayrim filmlarda yanada yorqinroq namoyon bo‘ladi. Romantik hikoyalar, sirli voqealar, ilhomlantiruvchi qahramonlar va nostaljik manzaralar kuzgi tomosha uchun alohida muhit yaratadi. Quyida aynan shunday kayfiyatni his qilishga yordam beradigan 10 ta filmni jamladik.
“Nyu Yorkdagi kuz” / Autumn in New York (2000)
Rollarda: Richard Gir, Vaynona Rayder, Entoni LaPalya, Ileyn Stritch, Vera Farmiga, Sheril Li
O‘rta yoshli muvaffaqiyatli tadbirkor Uill Keyn (Richard Gir) bog‘da 22 yoshli Sharlotta (Vaynona Rayder) bilan tasodifan tanishib qoladi va o‘sha kuni kechqurun uni o‘z restoranida yana uchratadi. Sharlottaning unga aytgan yangiligi Keyn uchun kutilmagan bo‘ladi: qiz og‘ir kasal va uning bir yil yoki undan ham kamroq umri qolgan edi.
“O‘lik shoirlar jamiyati” / Dead Poets Society (1989)
Rollarda: Robin Uilyams, Robert Shon Leonard, Itan Xok, Josh Charlz, Geyl Xansen, Dilan Kassman
Filmda Robin Uilyams ingliz adabiyoti o‘qituvchisi Jon Kiting rolini o‘ynaydi. Uning o‘quvchilari asta-sekin she’riyat va o‘z orzularidan ilhomlanib, intizom doirasidan chiqib ketishadi. Film uchta “Oskar” nominatsiyasiga ega bo‘lib, ulardan birida eng yaxshi ssenariy uchun g‘olib chiqqan.
“Tengi yo‘q janob Foks” / Fantastic Mr. Fox (2009)
Rollarda (ovoz berganlar): Jorj Kluni, Meril Strip, Jeyson Shvartsman, Bill Myurrey, Uillem Defo, Maykl Gembon
Mahalliy fermerlarni tunab kun kechirishga o‘rganib qolgan janob Foks bir kuni tuzoqqa tushadi. Biroq hammasi yaxshilik bilan tugaydi: Foks xotinining homilador ekanligini bilib qoladi va jinoiy hayot bilan xayrlashishga qaror qiladi.
Ikki yil (yoki 12 tulki yili) o‘tadi. Janob Foks xotini va o‘g‘li Esh bilan inida tinchgina yashaydi, mahalliy gazetaga rukn yozib boradi va boshqa shubhali ishlarga aralashmaslikka harakat qiladi. Ammo sarguzashtlarga bo‘lgan ishtiyoq va o‘tmish xotiralari baribir o‘z so‘zini aytadi: tulki uch fermerning mulkiga hujum qilishga qaror qiladi. Buning uchun u no‘noq do‘stlaridan iborat jamoani to‘playdi va xotini hech narsadan xabar topmasligi uchun ishni silliq bitirishga harakat qiladi. Albatta, yolg‘on tezda fosh bo‘ladi va janob Foksning hujumlaridan to‘ygan fermerlar ayyor dushmanni yo‘q qilishga qaror qilishadi.
“Fokus-pokus” / Hocus Pocus (1993)
Rollarda: Bett Midler, Sara Jessika Parker, Keti Najimi, Omri Kats, Tora Berch, Vinessa Shou
XVII asrda Massachusetsda uchta jodugar opa-singil Sandersonlar kichkina qizchaning hayotiy kuchini so‘rib olish va o‘z yoshligini qaytarish uchun uni kulbalariga aldab olib kelishadi. Singlisini qutqarishga uringan akasi boshqa bir afsun qurboniga aylanadi: jodugarlar uni qora mushukka aylantirib qo‘yishadi. Tez orada shaharliklar opa-singillarni tutib olib, o‘limga hukm qilishadi, ammo qatldan oldin ulardan biri afsun o‘qishga ulguradi: Xellouin tunda, agar bokira kishi ularning uyida qora alangali sham yoqsa, ular hayotga qaytishlari mumkin bo‘ladi. Shunda opa-singillar qabrlaridan bosh ko‘tarib, yana yosh bo‘lish uchun bolalarni ovlashga tushishadi.
Uch yuz yil o‘tgach, o‘smir Maks Dennison (Omri Kats), uning singlisi Denni (Tora Byorch) va yoqtirgan qizi Ellison (Vinessa Shou) tasodifan jodugarlar to‘dasini hayotga qaytarishadi. Endi opa-singil Sandersonlar zamonaviy dunyoga ko‘nikib, o‘zlarining eski va’dasini bajarishlari, Maks va uning do‘stlari esa ularni qanday qilib qabrga qaytarish yo‘lini o‘ylab topishlari kerak bo‘ladi. Albatta, bunda ularga qora mushuk ham yordam beradi.
“Sumerki” / Twilight (2008)
Rollarda: Kristen Styuart, Robert Pattinson, Billi Berk, Piter Fachinelli, Elizabet Rizer, Teylor Lotner
Garchi voqealari rasman bahor va qishda bo‘lib o‘tsa-da, “Sumerki” — kuzgi franshiza. Sovuq ranglar gammasi, rangpar Edvard Kallen, g‘amgin Forks, cheksiz o‘rmonlar, yomg‘ir, vampirlar va odam bo‘rilar — ijodkorlar kuzda biz yaxshi ko‘radigan barcha narsalarni bir joyga to‘plab, unga biroz o‘smirlar dramasini qo‘shib qo‘ygandek go‘yo.
Bella Svan seryomg‘ir Forksga, otasining oldiga ko‘chib o‘tadi va u yerda sirli hamda shubhali darajada rangpar Edvard Kallen bilan tanishadi. Tez orada Edvardning vampir ekanligi ma’lum bo‘ladi, ammo bu bir-birini sevib qolishiga xalaqit bermaydi.
“Mona Liza tabassumi” / Mona Lisa Smile (2003)
Rollarda: Juliya Roberts, Kirsten Danst, Juliya Staylz, Meggi Jillenxol, Jinnifer Gudvin, Marsiya Gey Xarden
Ushbu tarixiy drama voqealari 1950-yillarda bo‘lib o‘tadi. San’at tarixi o‘qituvchisi Ketrin Uotson (Juliya Roberts) konservativ Uelsli qizlar kollejiga ishga joylashadi. Talaba qizlarning salohiyatini ko‘rib, ularni ta’lim muassasasida qabul qilingan me’yorlardan ko‘ra kengroq va teranroq fikrlashga undaydi, bu esa rahbariyatning qattiq noroziligiga sabab bo‘ladi.
“Oktyabr osmoni” / October Sky (1999)
Rollarda: Jeyk Jillenxol, Kris Kuper, Laura Dern, Kris Ouen, Uilyam Li Skott, Chad Lindberg
Gomer Hikem (Jeyk Jillenxol) va uning akasi Jim (Skott Mayls) — g‘arbiy virjiniyalik konchining o‘g‘illari. Ularning otasi Jon (Kris Kuper) ikkalasi ham uning izidan borishiga umid qiladi, ammo Yerning birinchi sun’iy yo‘ldoshi — “Sputnik”ning uchirilishi Gomerni ilhomlantirgach, hammasi o‘zgaradi. Do‘stlari va o‘qituvchisi yordamida Gomer bosh sovrini kollejda o‘qish uchun stipendiya bo‘lgan milliy ilmiy ko‘rgazmada ishtirok etishni orzu qilib, raketalar yasashni boshlaydi.
“Zakovatli Uill Xanting” / Good Will Hunting (1997)
Rollarda: Mett Deymon, Ben Afflek, Robin Uilyams, Minni Drayver, Stellan Skarsgard, Keysi Afflek
Uill Xanting (Mett Deymon) — daho aqlga ega, ammo undan foydalanishga unchalik ishtiyoqi bo‘lmagan bostonlik yigit. Uning eng yaqin do‘sti Chakki Sallivan (Ben Afflek) bu holatga qo‘shilmaydi. Oxir-oqibat, Uillning hayotida kerakli muvozanatni ta’minlay oladigan inson — psixoterapevt Shon Maguayr (Robin Uilyams) paydo bo‘ladi. Shon Uillga psixologik muammolarini hal qilishda va uni haqiqatan ham nima bezovta qilayotganini tushunishga yordam berar ekan, asta-sekin o‘z dardi bilan ham yuzlashadi.
“Qinidan chiqqan pichoqlar” / Knives Out (2019)
Rollarda: Deniel Kreyg, Kris Evans, Ana de Armas, Jeymi Li Kertis, Maykl Shennon, Don Jonson
Syujetning boshlanishi oddiy tuyulishi mumkin: mashhur yozuvchi o‘ldirilgan, uning ko‘p sonli qarindoshlari esa voqea haqidagi o‘z versiyalarini bir-biridan o‘zib aytib berishadi. Ammo aynan detallar filmni haqiqatan ham qiziqarli detektiv hikoyaga aylantiradi. Uning davomlari, ehtimol, unchalik kuzgi va ta’sirli bo‘lmasa-da, o‘z tomoshabinini aniq topdi.
“Shirin noyabr” / Sweet November (2001)
Rollarda: Kianu Rivz, Sharliz Teron, Jeyson Ayzeks, Greg German, Loren Grem, Lienn Rims
Nelson Moss (Kianu Rivz) — San-Fransiskodagi reklama agentligining muvaffaqiyatli rahbari bo‘lib, u faqat ish bilan yashashga va doimo qayergadir shoshilishga odatlangan. Bir kuni haydovchilik imtihonida u Sara Diver (Sharliz Teron) bilan to‘qnash keladi. U Nelsonning butunlay aksi: g‘ayrioddiy, erkinlikni sevuvchi va Nelson yashaydigan qoidalarga mutlaqo qiziqmaydigan ayol. Tabiiyki, ular darhol janjallashishadi, ammo ko‘p o‘tmay Sara unga butun noyabr oyini o‘zi bilan o‘tkazishni taklif qiladi va shu oy ichida uning hayotini butunlay o‘zgartirishga va’da beradi.
Nelson avvaliga bu taklifga ishonchsizlik bilan qaraydi, ammo asta-sekin Saraning g‘alati qoidalariga o‘rganadi hamda uning yengilligi va kutilmagan harakatlarga bo‘lgan muhabbati ortida shaxsiy hikoya yashiringanini anglab yetadi. Natijada noyabr oyi uning uchun ishni ham, odatlarni ham, umuman insonni nima baxtli qilishi haqidagi tasavvurni ham qayta ko‘rib chiqishga to‘g‘ri keladigan oyga aylanadi.

