Yirik biznes uchun elektr energiyasi kunduzi arzonlashadi, kechasi esa — oddiy tarif boʻyicha boʻladi
Oʻzbekistonda yirik isteʼmolchilar uchun elektr energiyasining tabaqalashtirilgan tariflari oʻzgartirildi. Soat 9:00 dan 17:00 gacha ular uchun kamaytiruvchi koeffitsiyent qoʻllaniladi — tarif 1,5 baravar pasayadi. Tunda esa avvalgi chegirma bekor qilinadi va elektr energiyasi uchun toʻlov oddiy tarif boʻyicha amalga oshiriladi.

Yirik isteʼmolchilar uchun elektr energiyasi kunduzi arzonroq, kechasi esa oddiy tarifda boʻladi
Oʻzbekistonda yirik isteʼmolchilar uchun elektr energiyasining tabaqalashtirilgan tariflarini qoʻllash tartibi qayta koʻrib chiqildi. Ilgari tunda amal qilgan pasaytiruvchi koeffitsiyent endi kunduzgi soatlarga koʻchirildi. Bu prezidentning 22 sentyabrdagi yoqilgʻi-energetika tarmogʻini yanada rivojlantirish toʻgʻrisidagi farmonida nazarda tutilgan.
Oʻzgarishlar I tarif guruhi isteʼmolchilariga daxldor. Amaldagi qoidalarga koʻra, unga asosiy va zaxira elektr taʼminotining umumiy ulangan quvvati 750 kVA va undan yuqori boʻlgan, elektr energiyasi uchun tabaqalashtirilgan tarif boʻyicha haq toʻlaydigan isteʼmolchilar kiradi.
Bunda byudjet tashkilotlari, suv taʼminoti korxonalari, fermer xoʻjaliklari va suv isteʼmolchilari uyushmalarining nasos stantsiyalari, shuningdek, davlat byudjetidan moliyalashtiriladigan nasos stantsiyalari ushbu guruhga kirmaydi.
Shu paytgacha bunday isteʼmolchilar uchun sutka uchta tarif davriga boʻlingan edi. Soat 6:00 dan 9:00 gacha va 17:00 dan 22:00 gacha — eng yuqori yuklanish soatlarida — 1,5 baravar oshiruvchi koeffitsiyent qoʻllanilgan. Kunduzi soat 9:00 dan 17:00 gacha oddiy tarif, kechasi esa — soat 22:00 dan 24:00 gacha va 0:00 dan 6:00 gacha — 1,5 baravar pasaytiruvchi koeffitsiyent amal qilgan.
Yangi farmon oxirgi ikki shartni oʻzgartiradi. Kechasi pasaytiruvchi koeffitsiyentsiz belgilangan tarif amal qiladi, soat 9:00 dan 17:00 gacha esa tarif 1,5 baravarga pasaytiriladi. Ertalabki va kechki tigʻiz soatlardagi oshiruvchi koeffitsiyentni farmon oʻzgartirmaydi. Ushbu tuzatish Elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish qoidalarining 78-bandiga kiritilgan oʻzgartirishlarda koʻzda tutilgan.
Shu tariqa, I guruh isteʼmolchilari uchun sxema endi quyidagicha koʻrinishga ega:
1 iyundan boshlab I va II guruh isteʼmolchilari uchun elektr energiyasining bazaviy tarifi 1 kVt·soat uchun 1100 soʻmni tashkil etadi. Shundan kelib chiqib, tigʻiz soatlarda I guruh uchun elektr energiyasi 1 kVt·soat uchun 1650 soʻmga tushadi, 1,5 baravar pasaytiruvchi koeffitsiyent qoʻllanilganda esa — taxminan 733 soʻmni tashkil etadi.
Tuzatishlar qayta tiklanuvchi generatsiyaning tez surʼatlar bilan oʻsishi fonida joriy etilmoqda. Prezidentga 22 sentyabr kuni taqdim etilgan maʼlumotlarga koʻra, Oʻzbekistonda quyosh va shamol elektr stantsiyalarining umumiy quvvati 6,3 GVtdan oshdi. Rasmiylar, shuningdek, qayta tiklanuvchi energetikaning kengayishi tabiiy gazni tejash imkonini berayotganini taʼkidlashgan.
Bundan tashqari, farmonga muvofiq, rasmiylar har yili yoqilgʻi-energetika resurslariga boʻlgan talabning uch yillik prognozlarini va ular asosida — isteʼmolchilarni hamda istiqbolli investitsiya loyihalarini taʼminlashning uch yillik rejalarini tayyorlaydilar. Investitsiya rejasidagi loyihalar tanlov asosida amalga oshirilishi kerak, investorlar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralar olib borish va bunday loyihalar boʻyicha yakka tartibdagi imtiyozlar berish taqiqlanadi.
Bundan tashqari, 2027 yil 1 iyuldan boshlab Energetika sohasidagi Idoralararo tarif komissiyasining yagona raqamli platformasi ishga tushishi kerak. U orqali tartibga solinadigan korxonalar tarif buyurtmanomalarini hamda zarur moliyaviy va texnik maʼlumotlarni taqdim etadilar, tariflarni hisoblash esa avtomatlashtirilishi rejalashtirilgan.

