Iqtisodiyot

Yiliga 25 mingdan ortiq yangi uskuna: Oʻzbekistonda $50 mln investitsiya hisobidan “NURA Electric” elektrotexnika majmuasi ishga tushirildi

Korxonada 1 mingdan ortiq ish oʻrni yaratilgan. Mahsulot tayyorlash va omborxona majmuasi 200 000 kvadrat metr maydonni egallaydi. Majmuada payvandlash, tayyorlov, tok shinalari, markirovkalash va montaj, boʻyoqlash hamda yigʻuv sexlari tashkil etilgan. Kun.uz muxbiri zavodning ochilish marosimida qatnashib, ish faoliyati bilan tanishdi.

Yiliga 25 mingdan ortiq yangi uskuna: Oʻzbekistonda $50 mln investitsiya evaziga “NURA Electric” elektrotexnika majmuasi ishga tushirildi

NURA Electric stanoklar parkiga 120 dan ortiq yuqori texnologik uskuna kiradi. Ular orasida Yaponiyaning AMADA kompaniyasiga tegishli raqamli dastur asosida boshqariladigan stanok va presslar, shuningdek, Turkiyada ishlab chiqarilgan DURMA va TESLABEND list buklash uskunalari ham bor.

Mazkur texnologiyalar yordamida korxonada yiliga 25 520 dan ortiq qurilma ishlab chiqariladi. Mahsulotlar assortimenti esa 1 500 dan ortiq turdan iborat.

Korxonada 10, 35, 110 hamda 220–500 kV kuchlanishli energetika obyektlari uchun komplekt taqsimlash qurilmalari, transformator nimstansiyalari, rele himoyasi va avtomatika shkaflari kabi mahsulotlar tayyorlanadi. Kompaniya loyihalashdan boshlab ishlab chiqarish va 24/7 servis xizmatigacha boʻlgan toʻliq siklni yoʻlga qoʻygan. Mahsulotlarning mahalliylashtirish darajasi 60 foizgacha yetkazilgan.

Korxona vakillarining aytishicha, NURA Electric 2021-yilda tashkil etilgan. Bugungi kunda majmuada 1 mingdan ortiq xodim ishlamoqda. Zavod yuqori va past kuchlanishli elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqarish bilan birga, ularni MDH va Yevropa davlatlariga eksport qilish imkoniyatiga ega. Loyiha doirasida xomashyoni qayta ishlashdan tortib tayyor mahsulotgacha boʻlgan jarayonlarni bir korxonaning oʻzida amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratilgan.

NURA Electric zavodi vakili Farrux Karimberdiyevning taʼkidlashicha, ishlab chiqarish majmuasining muhim jihatlaridan biri import oʻrnini bosish va texnologik mustaqillikni kuchaytirishdir.

“Korxonaga tayyor rulon koʻrinishidagi metall xomashyo kirib keladi va undan shu yerning oʻzida energetika tizimlari uchun zarur boʻlgan turli uskunalar va texnik yechimlar ishlab chiqariladi. Mazkur jarayonlarda mahalliy mutaxassislar faol ishtirok etmoqda. Ular zamonaviy texnologiyalar bilan ishlash boʻyicha tegishli tayyorgarlik va sertifikatlashdan oʻtgan. Bu orqali Oʻzbekistonda nafaqat zamonaviy elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda, balki yuqori texnologik ishlab chiqarish uchun zarur boʻlgan mahalliy mutaxassislar bazasi ham shakllanmoqda”, – deya taʼkidladi u.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.