Dunyo

Yevroparlament Rossiya Davlat Dumasiga saylov natijalarini tan olmadi

Yevroparlament Rossiya Davlat Dumasiga oʻtkazilgan saylov natijalarini tan olishdan bosh tortdi va shakllantirilgan parlamentni legitim (qonuniy) emas deb hisoblashini bildirdi.

Yevroparlament Rossiya Davlat Dumasiga saylov natijalarini tan olmadi

8-oktabr kuni qabul qilingan hujjatni 482 deputat qoʻllab-quvvatladi, 41 nafari qarshi ovoz berdi, yana 39 nafari betaraf qoldi. Unda qayd etilishicha, «demokratik hamda urushga qarshi siyosiy kuchlarning muntazam ravishda chetlatilishi va taʼqib qilinishi, jiddiy qonunbuzarliklar hamda toʻlaqonli mustaqil kuzatuvning yoʻqligi» sababli saylov erkin va adolatli oʻtmagan.

Deputatlar, shuningdek, saylovchilarga bosim oʻtkazilgani, kuzatuvchilar faoliyatiga toʻsqinlik qilingani va siyosiy raqobat cheklanganini taʼkidlab, «Yabloko» partiyasining saylovdan chetlatilganiga alohida eʼtibor qaratishdi. Ovoz berish jarayonining Ukrainaning bosib olingan hududlarida, shuningdek, Dnestrboʻyi, Abxaziya va Janubiy Osetiyada oʻtkazilgani ham keskin qoralandi.

Shu va boshqa omillarni hisobga olib, Yevroparlament «rasmiy natijalar Rossiya xalqi siyosiy irodasining ishonchli ifodasi sifatida qaralishi mumkin emas»ligini bildirdi. Rezolyutsiyada aytilishicha, «Bu holatlar saylov natijasida shakllantirilgan Davlat Dumasini, shuningdek, u tomonidan qabul qilinayotgan qonunchilik hujjatlari va siyosiy qarorlarni demokratik legitimlikdan mahrum etadi».

Yevroparlament Yevropa Ittifoqi Kengashi va unga aʼzo davlatlarni ham xuddi shunday tan olmaslik siyosatini yuritishga, Davlat Dumasining yangi tarkibi bilan rasmiy aloqalardan tiyilishga, rossiyalik deputatlarning parlamentlararo assambleyalardagi ishtirokiga yoʻl qoʻymaslikka hamda «Rossiyada erkin va adolatli saylov oʻtkazish imkoniyatiga putur yetkazishga masʼul boʻlgan shaxslarga» qarshi sanksiyalar joriy etishga chaqirdi.

«Rossiya hukumati ushbu saylovni sahnalashtirish orqali faqat bitta maqsadni koʻzlagan - yaʼni Putinning saylov legitimligi, uning toʻxtovsiz ichki qatagʻon siyosati va eng asosiysi, Ukrainaga qarshi tajovuzkor urushi goʻyoki qonuniy ekani haqida soxta taassurot uygʻotish», - deyiladi hujjatda.

IX chaqiriq Davlat Dumasiga saylov 18–20-sentabr kunlari boʻlib oʻtdi. MSK rekord darajadagi 349 ta mandatni qoʻlga kiritgan «Yedinaya Rossiya» partiyasining gʻalabasini eʼlon qildi. Shu bilan birga, mustaqil saylov tahlilchilarining hisob-kitoblariga koʻra, hukmron partiya foydasiga 30 million «qogʻoz» ovozdan 18 milliondan ortigʻi soxta tarzda «tashlangan» boʻlishi mumkin, uning haqiqiy natijasi esa 35 foizdan oshmaydi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.