Yevropaning eng qimmat kompaniyasi bank emas: 670 milliard dollarlik ASML nima ishlab chiqaradi?
Yevropaning eng qimmat ochiq aksiyadorlik kompaniyasi - Niderlandiyaning mikrochip ishlab chiqarish uskunalarini yetkazib beruvchi ASML kompaniyasi boʻldi. Visual Capitalist reytingida uning bozor qiymati 670 milliard dollar deb koʻrsatilgan. Biroq Yevropa mamlakatlarining aksariyatida milliy fond bozori yetakchilari banklar, moliyaviy va energetika kompaniyalaridir.

Yevropadagi eng qimmat kompaniya bank emas: 670 milliard dollarlik ASML nima ishlab chiqaradi?
ASML nega shunchalik qimmat?
ASML ilgʻor mikrochiplar ishlab chiqarishda ishlatiladigan oʻta qisqa toʻlqinli ultrabinafsha nurli litografiya — EUV tizimlarining yagona yetkazib beruvchisi bo‘lgani uchun yarimoʻtkazgichlar sanoatida muhim mavqega ega.
Reytingga koʻra, u 42 mamlakat yetakchilari orasidagi yagona texnologik kompaniya hisoblanadi. Bozor kapitallashuvi boʻyicha esa dunyoda 20-oʻrinni egallagan.
ASML'ning 670 milliard dollarlik bahosi Buyuk Britaniya yetakchisi HSBC bankining 342,4 milliard dollarlik va Shveysariya yetakchisi Roche kompaniyasining 341,5 milliard dollarlik qiymatidan qariyb ikki baravar yuqori.
Yevropaning avvalgi yetakchisi qiymatining 70 foizidan koʻprogʻini yoʻqotdi
Daniyaning Novo Nordisk kompaniyasi 2024-yilda Yevropaning eng qimmat kompaniyasi boʻlgan. Oʻshanda uning bozor qiymati 650 milliard dollardan oshgan.
Yangi reytingda esa Ozempic va Wegovy preparatlarini ishlab chiqaruvchi kompaniyaning kapitallashuvi 168,6 milliard dollar deb ko‘rsatilgan. Bu avvalgi eng yuqori ko‘rsatkichga nisbatan 70 foizdan ortiq pasayishdir.
Maqolada bu oʻzgarish Eli Lilly kompaniyasining raqobatchi Mounjaro va Zepbound preparatlari bozordagi ulushini kengaytirayotgani bilan izohlangan. Shunga qaramay, Novo Nordisk Daniyaning eng qimmat kompaniyasi boʻlib qolmoqda.
Koʻp mamlakatlarda banklar yetakchi
Yevropaning 15 mamlakatida eng katta bozor qiymatiga ega kompaniya — bank. Sugʻurta va investitsiya kompaniyalari ham qoʻshilsa, moliya sektori 18 mamlakatda yetakchilik qiladi.
Yana 10 mamlakatda birinchi oʻrin energetika va kommunal xizmatlar kompaniyalariga tegishli. Demak, moliya hamda energetika-kommunal xizmatlar sohalari 42 milliy yetakchining 28 tasini tashkil etadi.

