Dunyo

Yevropaning beş davlati Rossiyani Yevroatlantika xavfsizligiga asosiy tahdid deb atadi

Buyuk Britaniya, Germaniya, Italiya, Polşa va Fransiya mudofaa vazirlari Rossiyani Yevroatlantika xavfsizligi va barqarorligi uçun eng keskin va uzoq muddatli tahdid deb baholadi. Parijdagi uçraşuvda Ukrainaga qişki yordam va uning havo mudofaasini kuçaytiriş masalalari ham muhokama qilindi.

Yevropaning besh davlati Rossiyani Yevroatlantika xavfsizligiga asosiy tahdid deb atadi

E5 guruhiga kiruvchi besh davlat mudofaa vazirlari 26-oktabr kuni Parijda uchrashdi. Yakunda qabul qilingan qo‘shma bayonotda Yevropa o‘z xavfsizligi uchun ko‘proq mas’uliyatni zimmasiga olishi zarurligi ta’kidlandi.

Hujjatga ko‘ra, bu, avvalo, NATO doirasida yevropalik ittifoqchilarning rolini kengaytirishdan boshlanishi kerak. Shu bilan birga, AQSh E5 davlatlari uchun o‘rnini bosib bo‘lmaydigan ittifoqchi bo‘lib qolishi qayd etilgan.

Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius uchrashuvdan so‘ng Ukraina uchun «qishki yordam paketlari» tayyorlanganini ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, E5 davlatlari AQShning Ukrainaga ta’minot, ayniqsa, razvedka va sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlari bilan ko‘maklashishda davom etishi uchun barcha imkoniyatlarni ishga soladi.

Pistorius besh davlat vakillari Ukraina bilan birgalikda Patriot komplekslari va boshqa mavjud tizimlarga qo‘shimcha ravishda ishlaydigan havo hujumidan mudofaa tizimini yaratish ustida ishlayotganini ham aytdi.

NATO bosh kotibi o‘rinbosari Radmila Shekerinskaya hamkorlarni Kiyevga yordamni hoziroq kuchaytirishga chaqirdi. U Rossiya hujumlari bosimi deyarli har kecha Ukraina shaharlarida sezilayotganini ta’kidladi.

Qo‘shma bayonotda Ukrainaga ko‘makni davom ettirishga sodiqlik yana bir bor tasdiqlandi. Vazirlar Ukrainaning hozir va kelajakda o‘zini himoya qila olishi jamoaviy Yevroatlantika xavfsizligi uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini bildirdi.

E5 davlatlari Kiyevning ishonchli xavfsizlik kafolatlariga asoslangan mustahkam tinchlikka erishish intilishini qo‘llab-quvvatlashini, buning uchun siyosiy, harbiy va moliyaviy yordam zarurligini qayd etdi.

Ukrainaga qish arafasida ko‘mak berish masalasi 15–16-oktabr kunlari Bryusselda o‘tgan Yevropa Ittifoqi sammitida ham asosiy mavzulardan biri bo‘lgan.

O‘shanda Germaniya kansleri Fridrix Mers Ukrainaga qishdan chiqish va keyingi yilga tayyorlanishda yordam berish uchun moliyaviy ko‘makni oshirishga chaqirgan. Yevrokomissiya raisi Ursula fon der Lyayen Ukrainaning 2026-yilgi moliyaviy ehtiyojlari qoplanganini bildirgan, Yevropa kengashi raisi Antoniu Ko‘sta esa 2027-yil uchun mablag‘ ajratish bo‘yicha aniq taklif kutayotganini aytgan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.