Yevropada qaysi davlatda soliq turlari eng koʻp ekani maʼlum boʻldi
Yevropa davlatlarida alohida soliq va yigʻimlar soni keskin farq qilishi maʼlum boʻldi. 2024-yil boʻyicha mavjud maʼlumotlarga koʻra, Fransiyada 348 turdagi soliq hisoblangan boʻlsa, Estoniyada bu koʻrsatkich 34 tani tashkil etgan.

Yevropada qaysi davlatda soliq turlari eng koʻpligi aniqlandi
Tax Policy Associates yigʻgan maʼlumotlar asosida Yevropa mamlakatlaridagi alohida soliqlar soni solishtirildi
Unga koʻra, Fransiya 348 ta alohida soliq bilan boshqa Yevropa davlatlaridan ancha ajralib turadi. Ikkinchi oʻrindagi Daniyada 132 turdagi soliq bor. Yevropa boʻyicha oʻrtacha koʻrsatkich esa qariyb 90 tani tashkil etadi.
Fransiyadagi 348 ta soliqning 243 tasi byudjetga nisbatan kam daromad keltiradigan soliqlar toifasiga kiradi. Mamlakat byudjeti tushumlarining asosiy qismi esa yirik soliq turlari hisobidan shakllanadi.
Jumladan, 2024-yilda mehnat faoliyati bilan bogʻliq soliqlardan 800 mlrd yevrodan ortiq, tovarlar va xizmatlarga solinadigan soliqlardan esa qariyb 300 mlrd yevro tushum olingan.
Fransiyada soliqlar sonining koʻpligi turli davrlarda joriy etilgan tor sohaviy yigʻimlar bilan ham izohlanadi. Ular orasida sugʻurta, kasbiy taʼlim, savdo-sanoat palatalari, atom energetikasi va qimor oʻyinlari bilan bogʻliq maxsus soliq va yigʻimlar bor.
Reytingning pastki qismida Boltiqboʻyi davlatlari joylashgan. Latviyada 54 ta, Litvada 35 ta alohida soliq qayd etilgan. Estoniyada esa 34 ta soliq mavjud boʻlib, bu taqqoslangan Yevropa mamlakatlari orasidagi eng past koʻrsatkichdir.
Shu bilan birga, alohida soliqlar soni mamlakatdagi umumiy soliq yuki qanchalik yuqori yoki pastligini bevosita anglatmaydi. Bu koʻrsatkich, avvalo, milliy soliq tizimining tuzilishi va murakkabligini taqqoslash imkonini beradi.

