Yevropada 2026-yil boshidan beri qariyb 650 ming gektar hudud yonib ketdi

Yevropada 2026-yil boshidan beri qariyb 650 ming gektar maydon yonib ketdi
2026-yil boshidan buyon Yevropada o‘rmon yong‘inlari sabab qariyb 648 ming gektar hudud zarar ko‘rdi.
Bu raqam o‘tgan yilning shu davridagidan past. 2025-yilda ayni vaqtga kelib Yevropada qariyb 995 ming gektar hudud yong‘inlardan zarar ko‘rgan edi. Shunga qaramay, Janubiy Yevropaning bir qator davlatlarida yong‘inlar maydoni so‘nggi 20 yillik o‘rtacha ko‘rsatkichdan ancha yuqori bo‘lgan.
Eng katta zarar Ispaniyada qayd etildi — mamlakatda yong‘inlar 295 ming gektardan ortiq hududni qamrab oldi.
Fransiyada qariyb 96,5 ming gektar maydon yonib ketgan. Bu mamlakatda so‘nggi yillarning o‘rtacha ko‘rsatkichi 14,8 ming gektarni tashkil etadi. Italiyada esa yong‘inlar qariyb 105 ming gektar hududni qamrab olgan, holbuki ko‘p yillik o‘rtacha ko‘rsatkich qariyb 57 ming gektar.
Ayni paytda Portugaliya va Gretsiyada yong‘inlar oqibatida zarar ko‘rgan hudud maydoni ko‘p yillik o‘rtacha ko‘rsatkichdan past bo‘lgan.
Tadqiqotchilar og‘ir yong‘in mavsumini erta boshlangan jazirama va kuchli qurg‘oqchilik bilan izohlamoqda. Bunga qishda yog‘ingarchilikning ko‘pligi ham ta’sir qilgan. Nam qish o‘t-o‘lan va boshqa o‘simliklarning tez o‘sishiga olib kelgan, yozda esa ular qurib, yong‘in uchun oson alangalanadigan “yoqilg‘i”ga aylangan.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, yong‘inlarning aksariyatiga bevosita inson omili sabab bo‘lmoqda. Bunga ehtiyotsizlik yoki qasddan o‘t qo‘yish holatlari kiradi.
2026-yilda Fransiya va Ispaniyada anomal issiq, quruq havo va kuchli shamol sabab yirik o‘rmon yong‘inlari avj oldi. Ikki mamlakatda xavfli hududlardan 300 mingdan ortiq aholi evakuatsiya qilindi.
Bundan tashqari, Fransiyada 1 900-yildan beri eng issiq yoz kuzatildi. Mamlakatda iyun oxirida kuzatilgan issiq to‘lqini o‘zining yuqori darajadagi intensivligi bilan rekord o‘rnatgan. Ushbu davrda issiqlik bilan bog‘liq 2 025 ta qo‘shimcha o‘lim holati qayd etilgan. O‘limlar, ayniqsa, 45 yoshdan katta aholi orasida ko‘paygan.

