Yevropa Markaziy Osiyo metallarini qidirmoqda. Oʻzbekiston foydani mamlakat ichida qoldirmoqchi
Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyoning oʻta muhim metall va minerallariga boʻlgan qiziqishini kuchaytirib, mintaqani oʻzining raqamli va «yashil» transformatsiyasi uchun xomashyo manbalaridan biri sifatida koʻrmoqda. Biroq, gap tobora nafaqat konlarga kirish imkoniyati, balki geologiya-qidiruv va qazib olishdan tortib, qayta ishlash va mahsulot ishlab chiqarishgacha boʻlgan yangi ishlab chiqarish zanjirlarini yaratish haqida bormoqda — […]

Yevropa Markaziy Osiyodan metall izlamoqda. Oʻzbekiston foydani mamlakat ichida saqlab qolmoqchi
Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyoning oʻta muhim metall va minerallariga eʼtiborini kuchaytirib, mintaqani oʻzining raqamli va «yashil» transformatsiyasi uchun xomashyo manbalaridan biri sifatida koʻrmoqda. Bunda gap tobora nafaqat konlarga kirish, balki yangi ishlab chiqarish zanjirlarini — geologiya-qidiruv va qazib olishdan tortib, qayta ishlash va yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishgacha boʻlgan jarayonni yoʻlga qoʻyish haqida bormoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) boʻlim boshligʻi Shahnoza Qodirovaning fikricha, YEIning qiziqishi oʻta muhim resurslar yetkazib berishni diversifikatsiya qilish va cheklangan doiradagi yetkazib beruvchilarga qaramlikni kamaytirish istagi bilan bogʻliq.
Yevropa iqtisodiyoti uchun bu endi shunchaki savdo masalasi emas, balki sanoatning uzoq muddatli barqarorligi omilidir. Oʻta muhim minerallar raqamli texnologiyalar, energetika, elektr transporti va «yashil» iqtisodiyotning boshqa yoʻnalishlarini rivojlantirish uchun zarur.
Ushbu fonda Markaziy Osiyo Yevropa uchun yangi ahamiyat kasb etmoqda — nafaqat mineral xomashyo manbai, balki uni chuqur qayta ishlash va yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish uchun ehtimoliy maydon sifatida ham.
Oʻta muhim mineral resurslarning ortib borayotgan roli siyosiy kun tartibida ham sezilmoqda. Ekspertning soʻzlariga koʻra, ushbu sohadagi hamkorlik mavzulari «Yevropa Ittifoqi — Markaziy Osiyo» sammitlarida, shuningdek, Yevropaning Global Gateway tashabbusi doirasida tobora faolroq koʻtarilmoqda.
Shu bilan birga, siyosiy kelishuvlar asta-sekin aniq investitsiya loyihalariga aylanib bormoqda.
Bunday misollar qatoriga Germaniyaning HMS Bergbau AG kompaniyasining Qozogʻistonda litiy qidirishga kiritgan sarmoyalari va Frantsiyaning Orano kompaniyasining Oʻzbekistonda uran qazib olish boʻyicha «Navoiyuran» davlat korxonasi bilan tuzgan kelishuvini kiritish mumkin.
Bunda Yevropaning mintaqadagi ishtiroki faqat foydali qazilmalarni qazib olish bilan cheklanib qolmaydi. Hamkorlik sanoat, energetika va transport infratuzilmasini ham qamrab oladi, ularsiz toʻlaqonli ishlab chiqarish zanjirlarini shakllantirish imkonsiz.
Xususan, Germaniya banklari Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining mis eritish zavodi loyihasiga 146 million yevro yoʻnaltirdi. Yevropa Ittifoqi Qirgʻiziston va Tojikistonning energetika va transport infratuzilmasini modernizatsiya qilishga ham yordam bermoqda.
Oʻzbekiston uchun vazifa — ushbu yangi tizimda shunchaki ruda va kontsentratlar yetkazib beruvchi boʻlib qolmay, balki asta-sekin jahon yuqori texnologiyali sanoati talab qiladigan mahsulotlar ishlab chiqaruvchisiga aylanishdan iborat.
Shu maqsadda mamlakatda butun tsiklni — geologiya-qidiruv va qazib olishdan tortib, qayta ishlash va tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha boʻlgan jarayonni qamrab oluvchi ishlab chiqarish zanjiri shakllantirilmoqda.
Parallel ravishda yangi texnologiyalarni joriy etish, innovatsiyalarni rivojlantirish va fanning sanoat bilan yanada uzviy bogʻliqligini taʼminlashga qaratilgan tadqiqot markazlari va ilmiy-tadqiqot parklari tashkil etilmoqda.
Mohiyatan, gap xomashyo sektorining iqtisodiy logikasini oʻzgartirishga boʻlgan urinish haqida bormoqda: resurslarni shunchaki qazib olish va eksport qilish emas, balki mahsulot qiymatini maksimal darajada mamlakat ichida oshirish.
Bunday yondashuv oʻta muhim minerallar uchun kuchayib borayotgan raqobat sharoitida Oʻzbekistonga yanada kuchli pozitsiyalarni taʼminlashi mumkin.
Agar mamlakat toʻliq ishlab chiqarish tsiklini yoʻlga qoʻyishga muvaffaq boʻlsa, u nafaqat qazib olishdan tushadigan daromadlarga, balki keyingi bosqichlarda — qayta ishlash, materiallar, komponentlar va tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishda yaratiladigan qiymatning yanada yuqori ulushiga umid qilishi mumkin boʻladi.

