Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish endi Turkiyaning ustuvor maqsadi emas – Erdo‘g‘an
Turkiya rahbarining fikricha, agar Yevropa Ittifoqi Turkiyani rad etishda davom etsa, o‘zi yutqazadi.

Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish Turkiya uchun endi asosiy maqsad emas, biroq Anqara bu imkoniyatni butunlay rad etmayapti, deya ma’lum qildi Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an 16-avgust kuni.
«Al Jazeera» telekanaliga bergan intervyusida Erdo‘g‘an shunday dedi: «Yevropa Ittifoqi endi bizning ustuvor yo‘nalishimiz emas». Uning so‘zlariga ko‘ra, Turkiya Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish g‘oyasidan voz kechmagan, ammo bu masala hozirda birinchi o‘rinda turmaydi.
Prezidentning fikricha, agar Yevropa Ittifoqi Turkiyani rad etishda davom etsa, bu ittifoqning o‘zi uchun yo‘qotish bo‘ladi.
Turkiya 1999-yildan beri Yevropa Ittifoqiga a’zolikka nomzod maqomiga ega. Ittifoqqa qo‘shilish bo‘yicha muzokaralar 2005-yilda boshlangan, ammo hozirda turli kelishmovchiliklar sababli deyarli to‘xtab qolgan.

