Yevropa Ittifoqi va uning hamkorlari Gʻazo uchun 1 mlrd dollar ajratdi

Yevropa Ittifoqi va uning hamkorlari Gʻazo uchun 1 milliard dollar ajratdi
Yevropa komissiyasi va o‘ndan ortiq davlat 13-iyul kuni Gʻazoga urushdan keyin tiklanish maqsadida 1 milliard dollar yordam berish tashabbusini e’lon qildi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Falastinning HAMAS guruhi 2023-yil oktyabr oyida Isroilga hujum qilganidan so‘ng, boshlangan mojarodan Gʻazo hududi hali ham vayronagarchilik ichida qolmoqda. 2025-yilning oktyabridan buyon hududda sulh amal qilmoqda. BMT Gʻazoni qayta tiklash ishlarini qariyb 70 milliard dollar deb baholagan.
“Gʻazo jamoasi tashabbusi” nima bilan shug‘ullanadi?
Bryusselda donorlar yig‘ilishida boshlangan “Gʻazo jamoasi tashabbusi” (Team Gaza Initiative) bir qator muhim loyihalarni qo‘llab-quvvatlaydi. Yevropa komissiyasining bayonotiga ko‘ra, loyihalar quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
- suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimini tiklash;
- vayronalar va chiqindilarni tozalash;
- sog‘liqni saqlash tizimini qayta yo‘lga qo‘yish.
Tashabbusda Yevropa komissiyasi, Jahon banki, Yevropa investitsiya banki va bir qator davlatlar ishtirok etmoqda. Ular orasida Ispaniya, Daniya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Norvegiya, Finlyandiya, Italiya, Niderlandiya, Fransiya, Yaponiya, Shveysariya, Shvetsiya va Belgiya mavjud. Shuningdek, Avstraliya va Kanada ham ushbu tashabbusga qo‘shilishi kutilmoqda.
“Bizning maqsadimiz aniq: Falastin xalqi uchun umid, chidamlilik va yaxshi kelajak barpo etishga yordam berish”, dedi Yevropa ittifoqining O‘rta Yer dengizi bo‘yicha komissari Dubravka Shuika.
Yevropa komissiyasi har bir hamkor ushbu yangi tashabbusga qancha mablag‘ ajratishi haqida aniq ma’lumot bermadi.
Gʻazodagi vaziyat
Isroilning havo va quruqlikdagi bombardimonlari natijasida Gʻazoning qariyb 2 million aholisi butunlay uylarini tashlab ketishga majbur bo‘ldi. Hozirda ularning aksariyati chodirlarda yoki vayron bo‘lgan binolarda yashamoqda. Hududning o‘zi esa sezilarli darajada qisqargan va uni HAMAS boshqarmoqda.
Isroil qo‘shinlari hozirda Gʻazoning deyarli 70 foizini nazorat qilmoqda. Ular bosh vazir Binyamin Netanyaxu tomonidan HAMAS hujumlarining oldini olish uchun bufer zona deb atalgan hududda patrullik qilmoqda. Netanyaxu Isroil bu hududdan qo‘shinlarini olib chiqib ketmasligini ta’kidlab kelmoqda.
HAMAS 6-iyul kuni G‘azo sektorini qariyb yigirma yildan beri boshqarib kelayotgan ma’muriy organni tarqatib yuborishini e’lon qilgandi. Ushbu qaror mintaqada fuqarolik boshqaruvini joriy etish uchun texnokratik qo‘mitaga yo‘l ochadi.

