Dunyo

Yevroittifoq va Kanada yangi xalqaro alyans tuzmoqda. Unda AQSH, Xitoy va Rossiya yo‘q

Yevropa Ittifoqi va Kanada AQSH, Xitoy hamda Rossiyasiz yangi xalqaro alyansni yo‘lga qo‘ymoqda.

Yevropa Ittifoqi va Kanada P4M (Partners for Multilateralism — “Ko‘p tomonlama hamkorlik, xalqaro huquq, tinchlik va farovonlik yo‘lidagi hamkorlar”) nomli yangi xalqaro alyansni tuzishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Ushbu tashabbus 22-sentyabr kuni Nyu Yorkda, BMT Bosh Assambleyasi doirasida taqdim etiladi.

Yevroittifoq va Kanadadan tashqari bu tashabbusga Braziliya, Keniya, Hindiston hamda Avstraliya ham qo‘shilgan. Alyans ochiq formatda tashkil etilgan bo‘lib, kelajakda unga boshqa davlatlar ham a’zo bo‘lishi mumkin.

Tashkilot ishtirokchilari xalqaro hamkorlikni va BMTning mavqeyini mustahkamlashni maqsad qilgan. Shuningdek, ular sun’iy intellekt, iqlim o‘zgarishi va pandemiyalarga qarshi kurash bo‘yicha birgalikda ishlaydi. Tashabbuskorlar turli siyosiy an’analarga ega mamlakatlar o‘rtasida “ko‘priklar” qurish zarurligini ta’kidlamoqda.

Yangi tuzilma yirik davlatlar o‘rtasidagi raqobat kuchaygan va an’anaviy xalqaro formatlar inqirozga yuz tutgan bir davrda paydo bo‘lmoqda. Kelajakda u Katta yigirmalikka (G20) muqobil bo‘lishi mumkin. Chunki G20 doirasidagi hamkorlik qudratli davlatlar o‘rtasidagi kelishmovchiliklar sabab tobora murakkablashib bormoqda.

Avvalroq Yevroittifoq Kanadaga alyansning ilk “assotsiatsiyalangan” a’zosi bo‘lishni taklif qilgandi. Bu maqom iqtisodiyot, texnologiyalar, energetika hamda mudofaa sohalarida juda yaqin hamkorlikni nazarda tutadi. Shundan keyin AQSH prezidenti Donald Tramp bu taklifdan norozi bo‘lib, Yevropa Ittifoqiga qarshi bojlarni oshirish bilan tahdid qilgan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.