Yevroittifoq ChatGPT, Reddit va Roblox uchun eng qat’iy raqamli qoidalarni joriy etdi

Yevropa Ittifoqi ChatGPT, Reddit va Roblox uchun eng qat’iy raqamli qoidalarni joriy etdi. Yevropa Komissiyasi ChatGPT’ni juda yirik onlayn qidiruv tizimi, Reddit va Roblox’ni esa juda yirik onlayn platformalar qatoriga kiritdi. Bu ularning Yevropa Ittifoqining Raqamli xizmatlar to‘g‘risidagi qonuni (DSA) doirasidagi eng qat’iy nazorat rejimiga tushishini anglatadi, deya xabar beradi Evronews.
ChatGPT uchun bu qaror alohida ahamiyatga ega. Yevrokomissiya internetdan real vaqt rejimida ma’lumot izlab, foydalanuvchilar savollariga javob beradigan sun’iy intellekt chatboti tartibga solish nuqtai nazaridan qidiruv tizimi vazifasini ham bajaradi, degan xulosaga kelgan. Xabarda aytilishicha, "shu tariqa ChatGPT DSA doirasida bunday maqom olgan birinchi sun’iy intellekt chatboti bo‘ldi".
Reddit va Roblox esa foydalanuvchilarga kontent yaratish va uni ommaviy tarzda tarqatish imkonini bergani uchun juda yirik onlayn platformalar sifatida belgilangan.
DSA qonuniga ko‘ra, Yevropa Ittifoqida oyiga kamida 45 million foydalanuvchiga ega servislar juda yirik platforma yoki qidiruv tizimi deb e’tirof etiladi. Bu YI aholisining taxminan 10 foiziga teng. OpenAI ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil mart oyida yakunlangan olti oy davomida ChatGPT’ning qidiruv funksiyasidan Yevropa Ittifoqida oyiga o‘rtacha 159 million kishi foydalangan. Reddit o‘z auditoriyasini 57,2 million, Roblox esa qariyb 48 million deb ko‘rsatgan.
Kompaniyalarga yangi talablarni bajarish uchun 2026-yil noyabr oxirigacha muddat berilgan. Ular har yili o‘z xizmatlari va algoritmlaridan kelib chiqadigan tizimli xavflarni baholashi hamda ularni kamaytirish choralarini ko‘rishi kerak. Bunda noqonuniy kontent tarqalishi, voyaga yetmaganlarni himoya qilish, foydalanuvchilarning ruhiy va jismoniy salomatligiga ta’sir, asosiy huquqlar, saylov jarayonlari hamda jamoat xavfsizligi bilan bog‘liq xavflar nazarda tutiladi.
ChatGPT, Reddit va Roblox, shuningdek, mustaqil auditdan o‘tishi hamda nazorat organlari va tekshiruvdan o‘tgan tadqiqotchilarga zarur ma’lumotlarni taqdim etishi shart. ChatGPT va Reddit ustidan nazorat Yevrokomissiya bilan birga Irlandiyaning raqamli xizmatlar koordinatori Coimisiun na Mean, Roblox ustidan esa Niderlandiya Iste’molchilar va bozorlar boshqarmasi tomonidan amalga oshiriladi.
Yangi qarordan keyin DSA’ning eng qat’iy talablariga bo‘ysunadigan yirik platformalar va qidiruv tizimlari soni 28 taga yetdi. YI mazkur qonun doirasida texnologik kompaniyalarga jami qariyb 870 million yevro jarima solgan. Jumladan, 2026-yil iyulda AliExpress noqonuniy va qalbaki tovarlar savdosini yetarlicha cheklamagani uchun 550 million yevro, mayda Temu shunga o‘xshash qoidabuzarliklar uchun 200 million yevro jarimaga tortilgan. X platformasiga esa 2025-yil dekabrda kontent moderatsiyasi va shaffoflik talablarini buzgani uchun 120 million yevro jarima solingan. Qonun talablariga rioya qilmagan kompaniyalarga ularning global yillik aylanmasining 6 foizigacha jarima solinishi mumkin.
2025-yil dekabrda Yevrokomissiya X ijtimoiy tarmog‘ini aynan Raqamli xizmatlar to‘g‘risidagi qonun talablarini buzgani uchun 120 million yevro jarimaga tortgan. Komissiya X’dagi “ko‘k belgi” dizayni foydalanuvchilarni chalg‘itishi, reklama kutubxonasi yetarlicha shaffof emasligi va tadqiqotchilarga zarur ma’lumotlar taqdim etilmayotganini qayd etgan. Oradan ikki kun o‘tib, X Yevrokomissiyaning platformada reklama joylashtirish imkoniyatini cheklagan. Ilon Mask YI qarorini tanqid qilib, ittifoqni “tugatish”ga chaqirgan edi.
AQSH ma’muriyati ham Yevropa davlatlarining Amerika texnologik kompaniyalariga nisbatan raqamli tartibga solish siyosatini bir necha bor tanqid qilgan. 2026-yil iyunda Donald Tramp Amerika kompaniyalariga raqamli soliq joriy etgan davlatlarga nisbatan 100 foizlik boj kiritish bilan tahdid qilgan.

