Siyosat

Yevgeniy Xmara Ukrainaning yangi mudofaa vaziri bo‘ldi

**Yevgeniy Xmara Ukrainaning yangi mudofaa vaziri etib tayinlandi**

Ukraina Oliy radasi 312 nafar deputatning ovozi bilan Yevgeniy Xmarani mudofaa vaziri lavozimiga tasdiqladi. Bu haqda RBK Ukraina xabar berdi.

Prezident Vladimir Zelenskiy Xmaraning nomzodini 18-avgust kuni parlamentga taqdim etgan edi. Ovoz berishdan avval deputatlar oldida so‘zga chiqqan Xmara harbiy xizmatdan bo‘shatilganini va hozirda fuqarolik maqomida ekanligini ma’lum qildi. Ukraina qonunchiligiga ko‘ra, amaldagi harbiy xizmatchi mudofaa vaziri bo‘lishi mumkin emas.

"Men sizning oldingizda fuqaro sifatida turibman. Harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risidagi qonunning 26-moddasiga muvofiq bo‘shatildim", — dedi Xmara parlamentdagi nutqida.

Yangi vazir o‘zining asosiy ustuvor yo‘nalishlari sifatida quyidagilarni sanab o‘tdi:

* Frontni mustahkamlash va harbiylarni tezkorlik bilan qurol-yarog‘ bilan ta’minlash;

* Rossiyaning harbiy va strategik obyektlariga chuqur zarbalar berish;

* Ukraina mudofaa sanoati kompleksini rivojlantirish va qurol ishlab chiqarishni oshirish;

* Harbiylarni himoya qilish va qo‘llab-quvvatlash, ularni tayyorlash hamda adolatli xizmat qoidalarini joriy etish;

* Prezident, parlament, hukumat, Bosh shtab, Mudofaa vazirligi, armiya, ishlab chiqaruvchilar va hamkorlar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish.

Xmara Ukraina urushda strategik tashabbusni o‘z qo‘liga olishi kerakligini, bunda mahalliy ishlab chiqarilgan qurollar va uzoq masofali zarbalar hal qiluvchi rol o‘ynashini ta’kidladi.

**Yevgeniy Xmara haqida ma’lumotlar:**

Yevgeniy Xmara professional harbiy va maxsus kuchlar xodimi hisoblanadi. U 2011-yildan Ukraina Xavfsizlik xizmatining "A" maxsus operatsiyalar markazida xizmat qilgan va 2023-yilda ushbu bo‘linmaga rahbarlik qilgan.

U Kiyev viloyati va Donbassdagi janglarda ishtirok etgan, shuningdek, Zmeiniy orolini ozod qilish bo‘yicha maxsus operatsiyaga boshchilik qilgan. Xmara "O‘rgimchak to‘ri" operatsiyasida va Rossiyadagi harbiy obyektlarga dronlar bilan zarbalar berishni tashkillashtirishda ham qatnashgan.

Manbalarga ko‘ra, Xmara boshchiligidagi "A" Markaziy harbiy tuzilmasi 5,5 milliard dollardan ortiq Rossiya texnikasini, jumladan, 1800 dan ortiq tankni yo‘q qilgan. U 2026-yil 5-yanvardan UXX rahbari vazifasini bajarib kelgan, Vazirlar Mahkamasidagi o‘zgarishlardan so‘ng esa Mudofaa vazirligini boshqargan.

Ma’lumot o‘rnida, Ukrainaning sobiq mudofaa vaziri Mixail Fedorov edi. Vladimir Zelenskiy uni iyul oyida ishdan bo‘shatgan. Bunga Ukraina Qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Aleksandr Sirskiy bilan ziddiyat sabab bo‘lgani aytilgan. Fedorovning iste’fosi tufayli ko‘chalarda norozilik namoyishlari boshlangan. Ko‘p o‘tmay, Sirskiy ham o‘z lavozimidan ozod etilgan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.