Yetti o‘yin, yetti g‘alaba: O‘zbekiston Xitoyni yengib, shaxmat Olimpiadasida yetakchilikni saqlab qoldi
Shaxmat bo‘yicha O‘zbekiston-1 erkaklar jamoasi shaxmat Olimpiadasining 7-turida Xitoyni 3:1 hisobida mag‘lub etib, maksimal 14 ochko jamg‘ardi. Nodirbek Abdusattorov sobiq jahon chempioni Din Lijenni, Nodirbek Yoqubboyev esa Yuy Yan’ini taslim etdi. Javohir Sindorov Vey I bilan durang o‘ynadi.

Yetti o‘yin, yetti g‘alaba: O‘zbekiston Xitoyni mag‘lub etib, shaxmat Olimpiadasidagi peshqadamligini saqlab qoldi
O‘zbekiston-1 erkaklar milliy jamoasi Samarqandda o‘tayotgan shaxmat Olimpiadasining yettinchi turida Xitoy terma jamoasini yengdi. Jamoa barcha yettita uchrashuvda zafar quchib, maksimal 14 ochko jamg‘ardi va turnirdagi yakka yetakchiligini yanada mustahkamladi.
Joriy yilda jahon tojiga da’vogar Dommaraju Gukeshga qarshi dona suradigan Javohir Sindarov yettinchi turda Xitoyning eng kuchli grossmeysterlaridan biri Vey I (2752) bilan bahs olib bordi. Javohir bungacha uni Jahon kubogi va Nomzodlar turnirida mag‘lub etgan edi. Bu safargi uchrashuv durang bilan yakunlandi.
Yetti turdan keyin Sindarov hisobida 6 ta partiyada 4,5 ochko bor — uchta g‘alaba va uchta durang. Shu tariqa, grossmeyster o‘z uyida kechayotgan nufuzli musobaqada hali biror marta ham yutqazmagan. Sindorovning xalqaro turnirlarga, jumladan, ushbu shaxmat Olimpiadasiga tayyorgarligi va ishtiroki, shuningdek, murabbiylar bilan ishlashi O‘zbekiston Milliy banki ko‘magida amalga oshirilmoqda.
Nodirbek Abdusattorov va Din Lijen.
Yettinchi tur oldidan aynan Xitoy va Armaniston O‘zbekistonning eng yaqin ikki ta’qibchisi edi. Olti turdan so‘ng o‘zbekistonlik shaxmatchilar 12 ochkoga, xitoyliklar va armanistonliklar esa 11 ochkoga ega bo‘lib turishgan.
O‘zaro uchrashuvdagi asosiy ochkolarni ikki Nodirbek taqdim etdi.
Abdusattorov (2762) Din Lijenni (2733) mag‘lub etdi. Holbuki, xitoylik shaxmatchi avvalgi turda jahonning kuchli o‘nligidan joy olgan Vinsent Kaymerni yengib, Xitoyning Germaniya ustidan 3:1 hisobidagi g‘alabasiga hissa qo‘shgan edi.
Birinchi doskada Nodirbek Abdusattorov (2762) sobiq jahon chempioni Din Lijen (2733) ustidan g‘alaba qozongan bo‘lsa, Nodirbek Yoqubboyev (2685) Yuy Yan’ini (2710) yutdi. Javohir Sindarov (2778) hamda Muhiddin Madaminov (2611) esa mos ravishda Vey I (2752) va Syuy Syan’yuy (2631) bilan durang qayd etdi.
Ikki kun avval Nihal Sarin ustidan qozonilgan g‘alabasi bilan O‘zbekistonning Hindistonga qarshi muhim muvaffaqiyatini ta’minlagan Yoqubboyev (2685) bu gal Yuy Yan’idan (2710) ustun keldi.
Yakuniy hisob — O‘zbekiston foydasiga 3:1.
Yetti tur yakuniga ko‘ra, Rustam Qosimjonov shogirdlari yetti o‘yinda yettita g‘alaba qayd etib, maksimal 14 jamoaviy ochkoga ega bo‘lib turibdi. Bundan tashqari, o‘zbekistonlik shaxmatchilar mazkur Olimpiadada hali yakkalik bahslarida ham biror marta mag‘lubiyatga uchramagan.
Bungacha birinchi milliy jamoa ketma-ket Yamayka, Peru, Avstriya, Turkiya, Vengriya va amaldagi olimpiya chempioni Hindistonni mag‘lub etgandi.
O‘zbekiston ikkinchi erkaklar jamoasi 7-turda Olimpiadani 30-raqam ostida boshlagan bo‘lsa-da, musobaqada 9-raqam ostida saralangan kuchli Fransiya jamoasiga qarshi maydonga tushdi.
Dastlabki uch doskada durang qayd etildi. Jahongir Vohidov (2527) sezilarli ustunlikka ega bo‘lishiga qaramay, Maksim Vashe-Lagrav (2718) bilan ochkoni bo‘lishib oldi. Abdimalik Abdisalimov (2548) Maksim Lagard (2593) bilan, Muhammadzohid Suyarov (2540) esa Mark-Andria Mauritsi (2612) bilan durang o‘ynadi.
Material tayyorlanayotgan paytda Ortiq Nigmatov (2484) va Jyul Mussar (2602) o‘rtasidagi bahs hali davom etayotgan edi. Oraliq hisob — 1,5:1,5.
Olti turdan keyin O‘zbekiston-2 jamoasi 5 g‘alaba va 1 mag‘lubiyat bilan 13-o‘rinda borayotgan edi. Jamoa boshqa g‘alabalari qatorida Ispaniyani ham taslim etgan.
Uchinchi erkaklar jamoasi Janubiy Afrika Respublikasi (JAR) bilan kuch sinashmoqda. Bungacha Olimpiadadagi barcha 5 ta partiyasini g‘alaba bilan yakunlagan Asrorjon Omonov (2347) zafarli seriyasini davom ettirdi — u to‘rtinchi taxtada Charlton Mnyastuni (2236) mag‘lub etdi.
Olmos Rahmatullayev (2418) Kaleb Levi Levitan (2316) bilan durang o‘ynadi. Saidakabar Saydaliyev va Muhammadali Abdurahmonovning partiyalari material tayyorlanayotgan vaqtda hali yakunlanmagan edi. O‘zbekiston-3 hisobda 1,5:0,5 oldinda bormoqda.
O‘zbekiston birinchi ayollar jamoasi o‘tgan turda Gruziyadan uchragan mag‘lubiyatdan so‘ng Sloveniya ustidan 3,5:0,5 hisobida ishonchli g‘alabaga erishdi.
Jamoa safida Afruza Hamdamova, Gulruhbegim Tohirjonova va Guldona Karimova raqibalarini mag‘lub etdi, Nilufarxon Imomqo‘ziyeva esa o‘z bahsini durang bilan yakunladi.
Yetti turdan so‘ng birinchi ayollar jamoasi hisobida 11 jamoaviy ochko bor bo‘lib, ular maqola e’lon qilingan paytda turnir jadvalining 6-pog‘onasida turibdi.
O‘zbekiston ikkinchi ayollar jamoasi Tojikistonni 3:1 hisobida mag‘lub etdi. Madinabonu Xalilova Nozanin Mahmudovani, Mumtozbegim Mansurova Shukrona Mashabovani yutdi. Nilufar Yoqubboyeva Marvoriy Nasriddinzoda bilan, Marjona Malikova esa Nadejda Antonova bilan durangga imzo chekdi.
Uchinchi ayollar terma jamoasi Peruga qarshi yakunlangan ikki partiya natijasiga ko‘ra 0:2 hisobida ortda qolayotgan edi. Maftuna Bobomurodova Mariya Teresa Ximenes Salasga, Shohina Ahmedova esa Fiorella Kontrerasga imkoniyatni boy berdi. Zilola Aktamovaning Deysi Kori bilan va Ozoda Shahzodovaning Aleyla Ilario bilan partiyalari taqdim etilgan vaqtda hali davom etayotgan edi.
46-Butunjahon shaxmat Olimpiadasi Samarqandda 11 tur davomida o‘tkazilmoqda. Musobaqalar 27-sentabrda yakunlanadi.
Har bir jamoaviy bahsda to‘rt nafar shaxmatchi dona suradi, yana bir nafari esa zaxira a’zosi sifatida qayd etiladi. Jamoaviy g‘alaba uchun 2 ochko, durang uchun esa 1 ochko beriladi.
Vaqt nazorati: dastlabki 40 ta yurish uchun 90 daqiqa, so‘ngra partiya oxirigacha yana 30 daqiqa vaqt ajratiladi. Bundan tashqari, birinchi yurishdan boshlab har bir yurish uchun o‘yinchilarga 30 soniyadan qo‘shib boriladi.

