Dunyo

Yerdan 350 metr balandda futbol: Saudiyaning noodatiy stadion loyihasi kechiktirildi

Saudiya Arabistonida 2034-yilgi futbol boʻyicha jahon chempionati uchun yerdan qariyb 350 metr balandlikda qurilishi rejalashtirilgan NEOM stadioni loyihasi nomaʼlum muddatga kechiktirildi. Reuters manbalariga koʻra, 46 ming tomoshabinga moʻljallangan arena qurilishi rejalari amalda toʻxtatib qoʻyilgan.

Yerdan 350 metr balandlikda futbol: Saudiyaning noodatiy stadion loyihasi kechiktirildi

Stadion The Line — «Koʻzguli chiziq» deb ataluvchi ulkan shahar loyihasining bir qismi boʻlishi kerak edi. Dastlabki rejaga koʻra, uzunligi 170 kilometrgacha yetadigan bu chiziqsimon shahar NEOM megaloyihasining markaziy obyekti sifatida taqdim etilgan.

Arena esa baland inshoot ichida, yer sathidan taxminan 350 metr yuqorida joylashishi rejalashtirilgan edi. Saudiya Arabistonining jahon chempionatini oʻtkazish uchun bergan arizasida u «dunyodagi eng noyob stadion» deb taʼriflangan.

Reuters vaziyatdan xabardor manbalarga tayanib, loyiha nomaʼlum muddatga toʻxtatilganini xabar qildi. Biroq Saudiya rasmiylari stadion qurilishining toʻxtatilgani haqida ochiq bayonot bermagan.

Bu xabar The Line loyihasining oʻzi ham kechikishlar va hajmini qisqartirish jarayonidan oʻtayotgan bir paytda tarqaldi. Shu sababli uni dastlab rejalashtirilgan koʻlamda amalga oshirish istiqboli ham savol ostida qolmoqda.

NEOM stadioni 2034-yilgi jahon chempionati uchun taklif etilgan 15 arenadan biri edi. Saudiya Arabistoni turnirni Ar-Riyod, Jidda, Al-Xubar, Abha va NEOM hududlarida oʻtkazishni rejalashtirgan.

Dastlabki rejaga koʻra, musobaqagacha 11 ta yangi stadion qurilishi, yana toʻrtta mavjud arena esa rekonstruksiya qilinishi yoki kengaytirilishi kerak.

Hozircha NEOM stadioni oʻrniga boshqa arena taklif etiladimi yoki turnirda foydalaniladigan stadionlar soni kamayadimi — nomaʼlum. Boshqa stadionlardagi qurilish va yangilash ishlari esa davom etmoqda.

2025-yilda Saudiya Arabistoni Davlat investitsiya jamgʻarmasi The Line loyihasining iqtisodiy maqsadga muvofiqligini baholash uchun maslahatchilarni jalb qilgan edi. Bu qadam ulkan loyiha xarajatlari va koʻlami qayta koʻrib chiqilayotganining belgisi sifatida baholangan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.