Yer shari qizishi uyqumizga qanday ta’sir qilmoqda?
2020 yildan 2025 yilgacha bo‘lgan davrda tungi yuqori harorat sababli sayyoramizdagi har bir inson yiliga

Yer shari isishi uyqumizga qanday ta’sir ko‘rsatmoqda?
O‘zbekistonning jazirama yozida quyosh tafti qaytmagan dim kechalar, terdan namlangan choyshablar, tuni bilan bir maromda aylanib issiq havoni haydayotgan parrak va uyqusizlik – bu manzara yurtimizda yashaydigan har bir insonga juda tanish. Butun yoz davomida bu holat har birimizni chetlab o‘tmadi, biroq bedorlik faqat bizga emas, balki butun dunyoga tahdid solayotgan global muammoning bir bo‘lagidir.
Olimlar va tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, dunyo bo‘ylab haroratning ko‘tarilishi sababli bedor kechalar odatiy holga aylanib bormoqda. Climate Central nodavlat tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, 2020-yildan 2025-yilgacha bo‘lgan davrda tungi yuqori harorat sababli sayyoramizdagi har bir inson yiliga o‘rtacha qariyb 56 soat uyqudan mahrum bo‘lgan.
Jazirama issiq kunduzi mudroq chaqirishi, lekin tunda to‘liq va sifatli uxlashga xalaqit berishi g‘alati paradoksdek tuyuladi. Aslida esa uyqu va tana harorati bir-biri bilan chambarchas bog‘liq. Organizm o‘z haroratini tartibga solish uchun ko‘p energiya sarflaganidan kunduzi uyqusiraydi. Uxlash va chuqur uyqu fazasida qolish uchun esa tana harorati pasayishi kerak. Tungi dim havo uyqungizni buzishi tufayli, tetiklik va ruhiy tiklanishni ta’minlaydigan chuqur uyqu fazalarini qisqartiradi.
Quruq havo nafas olishni qiyinlashtirsa, namlik yuqori bo‘lgan hududlarda ter samarali bug‘lanmaydi, bu esa tananing tabiiy sovishiga to‘sqinlik qiladi. Surunkali uyqusizlik vaqt o‘tishi bilan semirish, yurak-qon tomir kasalliklari, diabet va depressiya kabi jiddiy muammolarga olib kelishi mumkin.
Tadqiqotchilar 1970-yildan buyon dunyo bo‘yicha aholisi 500 ming kishidan oshadigan jami 1338 ta shaharni o‘rganib chiqdilar. Olimlar havo qanchalik issiq bo‘lsa, odamlarga uxlash shunchalik qiyinlashishini aniqladilar. Eng og‘ir ahvol Yaqin Sharqda — ayniqsa Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklarida, shuningdek, Hindistonning janubida, Janubi-Sharqiy Osiyo va G‘arbiy Afrikaning bir qancha mamlakatlarida kuzatildi. Eng kuchli ta’sir eng issiq mavsumlarda, yoz oylarida hamda musson oldi issiq va quruq davrda, shuningdek, aholining eng zaif qatlamlari: konditsioneri bo‘lmagan va uni sotib olishga moliyaviy imkoniyati yetmaydigan odamlar orasida qayd etildi. 2021-yilda butun dunyo bo‘yicha xonadonlarning bor-yo‘g‘i 35 foizga yaqini konditsionerga ega bo‘lgan, bu esa bevosita daromad darajasi bilan bog‘liqdir.
Mutaxassislar issiq kunlarda konditsionersiz ham uyquni yaxshilash uchun ba’zi oddiy tavsiyalarni berishadi: kunduzi kunchiqar derazalarni parda bilan to‘sish, oqshom salqin tushganda xonada shabada hosil qilish, issiq chiqaradigan maishiy texnikalardan foydalanmaslik hamda yengil va havo o‘tkazadigan choyshablardan foydalanish.
Shuningdek, ventilyatordan foydalanishda ham ehtiyotkorlik talab etiladi. Ventilyator havoni sovitmaydi, faqat terning bug‘lanishiga yordam beradi. Bu esa keksa yoshli yoki xasta insonlarda tananing suvsizlanishiga olib kelishi mumkin. Bundan tashqari, bozorda paydo bo‘lgan haroratni boshqaradigan qimmatbaho to‘shaklar ham tadqiqotlarga ko‘ra uyqu sifatining oshganini ko‘rsatmagan. Tadqiqotchilar qurilmalar orqali inson tanasidagi reaksiyani o‘rganishganda qimmat matras uyquning fiziologik sifatiga (yurak urishi, nafas olish, uyqu fazalariga) aslida hech qanday ta’sir ko‘rsatmagan. Lekin odamlar "bu qimmat, aqlli matras" degan ishonch va ixlos sababli o‘zlarini "yaxshiroq uxladim" deb his qilishgan.
Shunday qilib, tonggacha xona ichidagi issiq havoni aylantirib turgan parrak ostida miriqib uxlashga urinayotgan o‘zbekistonlik ham, dunyoning boshqa bir nuqtasidagi minglab odamlar ham bir xil tabiat sinovi qarshisida turishibdi. Iqlim o‘zgarishi global miqyosda davom etar ekan, salqin va tinch tungi uyqu insoniyat uchun borgan sari qimmat va kamyob ne’matga aylanib bormoqda.

