Yer qaʼridan foydalanish loyihalari uchun yangi toʻlovlar belgilanmoqda
Oʻzbekistonda xususiy tadbirkorlik subyektlarining yer qaʼridan foydalanish boʻyicha loyihalarini tasdiqlash va ekspertizadan oʻtkazish tartibini yangilash rejalashtirilmoqda. Loyihaga koʻra, geologik oʻrganish, konni oʻzlashtirish va texnik-iqtisodiy asoslarga oid arizalar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali qabul qilinadi, xizmatlar uchun esa loyiha qiymatidan kelib chiqqan holda toʻlov undiriladi.

Yer qaʼridan foydalanish loyihalari uchun yangi toʻlovlar joriy etilmoqda
Oʻzbekistonda yer qaʼridan foydalanish sohasida xususiy tadbirkorlik subyektlari loyihalarini tasdiqlash tartibini takomillashtirishga doir Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi tayyorlandi.
Hujjat bilan «Yer qaʼridan foydalanish boʻyicha loyiha hujjatlarini tasdiqlash tartibi toʻgʻrisida»gi nizomni tasdiqlash taklif qilinmoqda.
Yangi tartib yer qaʼrini geologik jihatdan oʻrganish va konni oʻzlashtirish loyihalarini tasdiqlashni, shuningdek texnik-iqtisodiy asoslarni koʻrib chiqish hamda ekspertizadan oʻtkazishni qamrab oladi.
Loyihaga muvofiq, bu ishlar Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi huzuridagi «Yer qaʼridan foydalanish markazi» davlat muassasasi tomonidan bajariladi. Togʻ-kon sanoati va geologiya sohasini nazorat qilish inspeksiyasi esa belgilangan masalalar yuzasidan xulosa beradi.
Geologik jihatdan oʻrganish va konni oʻzlashtirish loyihalari hamda texnik-iqtisodiy asoslarni tasdiqlash yoki ekspertizadan oʻtkazish uchun arizalar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali - YAIDXP orqali topshirilishi nazarda tutilgan.
Markaz koʻrsatadigan xizmatlar shartnoma asosida amalga oshiriladi. Shartnoma bo‘yicha xizmat haqi 100 foiz oldindan toʻlanadi.
Shu bilan birga, ariza topshirish uchun BHMning 50 foizi miqdorida alohida yigʻim undirilishi ham ko‘zda tutilgan.
Loyihada xizmatlar uchun toʻlovlar foydali qazilma turi va loyiha yoʻnalishiga qarab farqlanishi belgilanyapti.
Jumladan, noruda foydali qazilmalar boʻyicha geologik oʻrganish loyihasini tasdiqlash uchun loyiha investitsion qiymatining 0,06 foizi miqdorida toʻlov belgilanadi. Biroq u BHMning 20 baravaridan kam va 50 baravaridan koʻp boʻlmasligi kerak.
Foydali qazilmalarning asosiy turlari va uglevodorodlarni geologik oʻrganish loyihalari uchun ham 0,06 foizlik stavka taklif qilingan, bunda eng kam toʻlov BHMning 70 baravari, eng koʻp toʻlov esa 200 baravari boʻladi.
Noruda foydali qazilmalar boʻyicha konni oʻzlashtirish loyihasini tasdiqlash va texnik-iqtisodiy asosni ekspertizadan oʻtkazish uchun loyiha qiymatining 0,03 foizi undirilishi mumkin. Bu miqdor BHMning 70 baravaridan kam va 150 baravaridan koʻp boʻlmasligi belgilanmoqda.
Asosiy turdagi foydali qazilmalar va uglevodorodlar boʻyicha esa stavka 0,03 foizni tashkil etib, toʻlov BHMning 100 baravaridan 1000 baravarigacha boʻlishi mumkin.

