Yelvizak, muzqaymoq yoki konditsionerdan shamollab qolish mumkinmi?

Yelvizak, muzqaymoq yoki konditsioner sabab shamollash mumkinmi?
Ko‘pchilik sovuq narsa yegandan yoki qarama-qarshi eshik va derazalar ochiq joyda o‘tirgandan keyin shamollab qolish mumkin, deb hisoblaydi. Rostdan ham, konditsioner ishlayotgan xonada uzoq vaqt bo‘lgandan so‘ng burun oqishi, tomoq og‘rig‘i kabi belgilar paydo bo‘lishi mumkin. Ammo shamollash yuqumli kasallik bo‘lib, bunday holatlar O‘RVI rivojlanishiga olib kelmaydi.
Konditsioner tufayli shamollash mumkinmi?
Bunday xonada qolgan odam biroz vaqt o‘tgach o‘zini yomon his qila boshlaydi. Bemorda tomoq og‘rig‘i, burun bitishi, yo‘tal va aksirish kuzatiladi. Belgilar O‘RVI alomatlariga juda o‘xshagani uchun bu holat ko‘pincha shamollash deb qabul qilinadi.
Konditsionerlar havodagi namlikni tortib oladi va bu nafas yo‘llarining shilliq qavatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Natijada qurigan nafas yo‘llari suyuqlik ishlab chiqara boshlaydi va burun oqadi. Bunday holat mashinada uzoq yurganda ham tez-tez uchraydi. Agar siz konditsioner yoqilgan mashinani uzoq vaqt boshqarsangiz, tomog‘ingiz og‘rishi mumkin. Ammo mashinadan chiqqaningizda o‘zingizni yengil his qilasiz.
Shuningdek, odamlar ko‘pincha safar paytida kasal bo‘lib qoladi va bunga haroratning keskin o‘zgarishi sabab bo‘ldi, deb konditsionerni ayblaydi. Aslida esa ular gavjum joylarda juda ko‘p virusga duch kelishini o‘ylab ham ko‘rmaydi. Aeroportlar va vokzallarda kasallik yuqtirish ehtimoli yuqori.
Xulosa qilib aytganda, salqin havo zararli emas, biroq quruq havo va undagi viruslar kasallikka chalinish xavfini oshiradi. Infeksion xastaliklar rivojlanish ehtimolini kamaytirish uchun qo‘llarni doimo sovun bilan yaxshilab yuvish, sochiq va idishlarni alohida ishlatish, kir qo‘llar bilan ko‘z va burunga tegmaslik kerak.
Yelvizakdan shamollash mumkinmi?
Sovqotish, konditsioner ishlayotgan xonada o‘tirish yoki sochlarni yuvib ko‘chaga chiqish O‘RVI keltirib chiqarmaydi. Ammo nega sovuq mavsumda odamlar tez-tez kasal bo‘ladi?
Bir nazariyaga ko‘ra, sovuq havodan nafas olish burun va yuqori nafas yo‘llaridagi tomirlarning torayishiga olib keladi, bu esa qon oqimi va immunitetni pasaytiradi. Shu sabab qishda o‘tkir respirator kasalliklar soni ortadi.
Ko‘plab odamlar yelvizakdan qo‘rqadi va qishda tez-tez havo almashtirmaydi. Ammo yelvizak — bu odatiy va normal havo oqimi bo‘lib, xonalarni shamollatish viruslarga qarshi kurashishning eng yaxshi usulidir. Agar infeksiyalangan odam yopiq joyda qolsa, virusning tarqalishi va ko‘payishi tez sodir bo‘ladi va infeksiya yuqish xavfi yuqori bo‘ladi.
Xitoylik olimlar uch mingdan ortiq talaba ishtirokida tadqiqot o‘tkazdi va xona shamollatilmasa, kasallanish ko‘payishini aniqladi. Masalan, olti kishilik xonada yashovchilar uch kishilik xonada yashovchilarga qaraganda ko‘proq kasal bo‘lgan. Demak, uyga tashqaridan qanchalik kam havo kirsa, infeksiyani yuqtirish xavfi shunchalik yuqori bo‘ladi.
Muzqaymoq yeyish sabab kasal bo‘lish mumkinmi?
Tomoq og‘rig‘ining eng keng tarqalgan sabablari bakteriyalar, viruslar va chekishdir. Yaxna ichimliklar yoki shirinliklarni iste’mol qilish kasallik xavfini oshirmaydi.
Bundan tashqari, shifokorlar tomoqdagi noqulaylik va og‘riqni kamaytirish uchun salqin taomlarni iste’mol qilishni, hatto muzqaymoq yeyishni ham tavsiya qiladi.

