YeIning barcha davlatlari rozi: Ukraina va Moldova uchun muzokaralarning yangi bosqichi ochiladi
Yevropa Ittifoqiga aʼzo barcha davlatlar Ukraina va Moldovaning Ittifoqqa qoʻshilishi boʻyicha muzokaralarda yana ikkita tematik klasterni ochishga kelishdi. Ular «Ichki bozor» hamda «Raqobatbardoshlik va inklyuziv oʻsish» yoʻnalishlarini qamrab oladi.

YeIga aʼzo barcha davlatlar rozilik bildirdi: Ukraina va Moldova uchun muzokaralarning yangi bosqichi ochiladi
DW xabariga koʻra, Irlandiyaning Yevropa ishlari boʻyicha vaziri Tomas Birn bu haqda 12-oktabr kuni X ijtimoiy tarmogʻida maʼlum qilgan.
Uning aytishicha, YeI davlatlari Ukraina va Moldova uchun ikkinchi va uchinchi klasterlarni ochish, Albaniya bilan muzokaralarda 17-, 18- va 19-boblarni, Chernogoriya bilan esa 20-bobni yopish borasida kelishuvga erishgan.
Ukraina uchun yangi klasterlarni ochishda Vengriyaning roziligini olishda taʼlim toʻgʻrisidagi qonunga kiritilgan oʻzgartishlar muhim rol oʻynagan.
12-oktabr kuni Ukraina Oliy Radasi milliy ozchiliklar huquqlariga oid ushbu oʻzgartishlarni ikki oʻqishda va butunlay maʼqullagan. Kechqurun deputat Yaroslav Jeleznyak qonunni prezident Volodimir Zelenskiy imzolaganini bildirgan.
YeIga qoʻshilish bo‘yicha muzokaralar oltita yirik tematik guruh — klasterga boʻlingan. Ular qonunchilik va davlat siyosatining turli yoʻnalishlarini qamrab oladi. Muzokaralar jarayonida nomzod davlatning YeI qoidalari va standartlarini qoʻllashga tayyorligi baholanadi.
Klasterlar «Asoslar», «Ichki bozor», «Raqobatbardoshlik va inklyuziv oʻsish», «Yashil kun tartibi va barqaror oʻzaro bogʻliqlik», «Resurslar, qishloq xoʻjaligi va hamjihatlik» hamda «Tashqi munosabatlar» deb ataladi.
Ukraina uchun birinchi — «Asoslar» klasteri 15-iyun kuni ochilgan edi. Yangi klasterlarni ochish aʼzolikka qabul qilishning oʻzi emas, balki tegishli sohalar boʻyicha muzokaralarni boshlash bosqichidir.
Avvalroq, 5-oktabrda YeIning kengayish masalalari boʻyicha komissari Marta Kos Ukraina va Moldova uchun ikki klasterni 13-oktabr kuni Lyuksemburgdagi hukumatlararo konferensiyada ochish mumkinligini aytgan edi. Konferensiya YeIning Umumiy ishlar boʻyicha kengashi yigʻilishi doirasida oʻtkazilishi rejalashtirilgan.
Kosning taʼkidlashicha, Ukraina va Moldova juda murakkab sharoitda tizimli islohotlarni amalga oshirmoqda. Shunga qaramay, ular YeIga qoʻshilish muzokaralarida yetakchilik qilayotgan toʻrt mamlakat qatoriga kiradi.
Yevrokomissiya nomzod davlatlardagi islohotlarning barcha yoʻnalishlari boʻyicha batafsil bahosini 28-oktabrda, kengayishga oid yillik hisobotida eʼlon qilishi kutilmoqda.
Marta Kos Ukraina bir vaqtning oʻzida oʻz mavjudligini saqlab qolish uchun kurashayotgani va YeIga qoʻshilish jarayonida ishtirok etayotganini taʼkidlagan. Uning aytishicha, Kiyev byudjet va armiya ehtiyojlari uchun qoʻshimcha mablagʻ olish maqsadida ham islohotlarni davom ettirishi kerak.

