YeIdan Rossiyaga qarshi rekord qadam: 1646 shaxs va tashkilot sanksiya roʻyxatiga kiritilishi kutilmoqda
Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi sanksiya roʻyxatlariga yana 1646 nafar shaxs va tashkilotni qoʻshishni rejalashtirmoqda. DW maʼlumotiga koʻra, bu Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi davomida roʻyxatlarning bir yoʻla eng katta kengaytirilishi boʻladi.

YeIdan Rossiyaga qarshi rekord chorasi: 1646 shaxs va tashkilot sanksiya roʻyxatiga kiritilishi kutilmoqda
YEI davlatlari elchilari ikkita yangi roʻyxat yuzasidan kelishuvga erishgan. Ular tashqi ishlar vazirlari tomonidan 12-oktabr kuni Lyuksemburgda rasman tasdiqlanishi kutilmoqda.
Ayni paytda Ukrainaning hududiy yaxlitligini buzish bilan bogʻliq sanksiya rejimi doirasida qariyb uch ming shaxs va tashkilotga cheklov qoʻyilgan. Yangi qaror qabul qilinsa, bu raqam birdaniga yarmidan koʻproqqa oshadi.
Mazkur qaror Rossiya iqtisodiyotining alohida tarmoqlariga qoʻshimcha cheklovlar kiritishni nazarda tutmaydi. Diqqat markazida asosan muayyan shaxslar va tashkilotlar turibdi.
DW’ning Yevropa diplomatik doiralaridagi manbalariga koʻra, asosiy roʻyxat 1569 ta nomdan — 743 nafar shaxs va 826 ta tashkilotdan iborat. Ularning aksariyati Rossiya harbiy-sanoat majmuasi bilan bogʻliq. Rossiya oligarxlari orasidan yangi shov-shuvli ismlar kiritilishi kutilmayapti.
Reuters maʼlumotiga koʻra, yangi roʻyxatga tushayotganlarning yarmidan koʻpi ballistik raketalar, jumladan, «Iskander-M» majmualarini ishlab chiqarishda ishtirok etadi.
Ular orasida raketa, raketa dvigateli va qattiq yonilgʻi ishlab chiqaruvchilar, maxsus materiallar hamda dronlar tayyorlovchi korxonalar, shuningdek, suvosti kemalariga xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlar bor.
Yana 77 nafar shaxs Ukrainaning vaqtincha egallab olingan hududlarida Rossiya Davlat dumasi saylovlarini tashkil etish va oʻtkazishda qatnashgani uchun sanksiyaga tushishi kutilmoqda. Bu roʻyxatga nomzodlar va saylov organlari vakillari kiritiladi.
Bundan tashqari, vazirlar Shimoliy Koreyaning Rossiya urushiga koʻmagi bilan bogʻliq yana yettita nomga nisbatan sanksiyalarni siyosiy jihatdan maʼqullashi kutilmoqda. Ushbu cheklovlarni rasman tasdiqlash keyinroq amalga oshiriladi.
Yevropa Ittifoqi Rossiyaning Yevropadagi gibrid hujumlariga javoban ham alohida roʻyxat tayyorlamoqda. 12-oktabr kuni bu yoʻnalishda, jumladan, Leypsigdagi hujum bilan bogʻliq 12 ta nom boʻyicha siyosiy kelishuvga erishilishi mumkin. Rasmiy tasdiq esa keyinroq, ehtimol, noyabrdagi tashqi ishlar vazirlari uchrashuvida boʻladi.
Yevropalik diplomatlarga koʻra, mazkur cheklovlar taniqli rossiyalik targʻibotchilar va ommaviy axborot vositalarini ham qamrab olishi mumkin. Roʻyxatga dezinformatsiya kampaniyalarini tashkil etish va tarqatishni taʼminlovchi asosiy tuzilmalarni kiritish ham rejalashtirilgan. Yakuniy tarkib va ismlar hozircha ochiqlanmagan.

