YEI Markaziy Osiyo bilan hamkorlikka 12 mlrd yevro yoʻnaltirmoqda
Yevropa komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayen Oʻzbekiston Markaziy Osiyo davlatlarini yaqinlashtirish va mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashda muhim rol oʻynayotganini taʼkidladi. U Yevropa Ittifoqi Oʻzbekiston bilan transport, energetika, muhim xomashyo, raqamlashtirish va taʼlim sohalarida hamkorlikni yanada kengaytirish niyatida ekanini bildirdi.

Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyo bilan hamkorlikka 12 milliard yevro ajratmoqda
Yevropa komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayen Oʻzbekiston mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan "Dunyo" axborot agentligiga bergan intervyusida mamlakatdagi islohotlar, Yevropa Ittifoqi bilan munosabatlar va Markaziy Osiyodagi mintaqaviy hamkorlik haqida oʻz fikrlarini bildirdi.
Uning taʼkidlashicha, Oʻzbekistondagi keng koʻlamli oʻzgarishlar, ayniqsa, 2016-yildan keyin tezlashdi. Mamlakat iqtisodiy va xalqaro sheriklik nuqtai nazaridan dunyoga ochildi, qoʻshni davlatlar va xorijiy hamkorlar bilan aloqalar mustahkamlandi.
Fon der Lyayen Oʻzbekistonning Markaziy Osiyo mamlakatlarini yanada yaqinlashtirishdagi rolini alohida qayd etdi. Uning fikricha, mintaqaviy hamkorlikning yangi asosda tiklanishi soʻnggi yillardagi eng muhim oʻzgarishlardan biri boʻldi. Yevropa Ittifoqi bu jarayonlarni eʼtirof etadi va qoʻllab-quvvatlaydi.
"Biz Oʻzbekistonning Markaziy Osiyo doirasida mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashdagi rolini yuksak qadrlaymiz. Soʻnggi yillarda bu borada salmoqli yutuqlar qoʻlga kiritildi", - dedi Yevropa komissiyasi prezidenti.
U suv va energetika resurslarini boshqarish, transport va raqamli oʻzaro bogʻliqlik, iqlim oʻzgarishi, chegaralarni belgilash, xavfsizlik hamda iqtisodiy taraqqiyot kabi masalalar mintaqaviy hamkorlikni talab qilishini taʼkidladi.
Fon der Lyayen Samarqandda oʻtkazilgan birinchi "Markaziy Osiyo - Yevropa Ittifoqi" sammiti natijasida tomonlar oʻrtasida strategik sheriklik yoʻlga qoʻyilganini ham eslatdi. Uning soʻzlariga koʻra, transport, muhim xomashyo, suv, energetika, iqlim va xavfsizlik kabi yoʻnalishlardagi hamkorlik uchun Yevropa Ittifoqining Global Gateway tashabbusi doirasida 12 milliard yevro koʻzda tutilgan.
Yevropa komissiyasi rahbari Oʻzbekiston va Yevropa Ittifoqi oʻrtasidagi iqtisodiy hamkorlikka ham toʻxtaldi. 2025-yil oktabrda prezident Shavkat Mirziyoyevning Bryusselga tashrifi chogʻida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim imzolangan. Hujjat siyosiy muloqot, savdo va investitsiyalar, barqaror rivojlanish, tadqiqot va innovatsiyalar, taʼlim hamda atrof-muhit kabi yoʻnalishlarda yangi imkoniyatlar yaratadi. Yevropa Ittifoqi, shuningdek, Oʻzbekistonning Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlishini qoʻllab-quvvatlamoqda.
Transport sohasida Transkaspiy transport koridoriga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Fon der Lyayen Oʻzbekiston Markaziy Osiyoni Yevropa bilan bogʻlovchi ushbu yoʻnalishni rivojlantirishda hal qiluvchi oʻrin tutishini aytdi. 2024-yilda Yevropa Ittifoqi - Markaziy Osiyo transport investorlari forumida koridorni rivojlantirish uchun 10 milliard yevro jalb qilish majburiyati olingan, 2025-yil oxiriga kelib esa uning qariyb 2,5 milliard yevrosi aniq loyihalarga yoʻnaltirilgan.

