Mahalliy

“Yashil” mahallam” dasturi doirasida mahallalarga kompleks xizmatlar koʻrsatiladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev “Yashil makon” umummilliy loyihasini yangi bosqichga olib chiqish, mahallalarda aholi uchun qulay ekologik muhit yaratish va innovatsion yechimlarni joriy etish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.

“Yashil” mahallam” dasturi doirasida mahallalarga kompleks xizmatlar koʻrsatiladi

Mamlakatda yashil hududlarni kengaytirish, daraxtzor va bogʻlar barpo etish boʻyicha keng koʻlamli ishlar olib borilmoqda. Biroq ekilgan koʻchatlarni saqlab qolish, ularni sugʻorish va parvarishlashni tizimli yoʻlga qoʻyishda ayrim kamchiliklar mavjud.

Oʻtgan yil bahorda ekilgan koʻchatlarning bir qismi qurib qolgan. Bunga hudud iqlimi va tuprogʻiga mos kelmaydigan daraxtlar tanlangani, suv taʼminoti yoʻq joylarga koʻchat ekilgani, kasallik va zararkunandalarga qarshi choralar yetarli boʻlmagani sabab boʻlmoqda. Orol dengizining qurigan tubida barpo etilgan oʻrmonlarni parvarishlash va himoya qilishda ham muammolar borligi qayd etildi.

Davlat rahbari ishlar samaradorligini ekilgan koʻchatlarning bir, uch va besh yildan keyingi holati asosida baholash zarurligini taʼkidladi.

Shu munosabat bilan koʻkalamzorlashtirish ishlarini ilmiy asosda tashkil etish, yerni tayyorlashdan boshlab sugʻorish tizimini yaratish va koʻchatlarni kamida uch yil parvarishlashgacha boʻlgan jarayonlarni qamrab oluvchi yondashuvlar taqdim etildi. Ekish muddatlarini har bir hududning ob-havo sharoiti va olimlar xulosasi asosida belgilash, mahalliy iqlimga mos, issiqlik, sovuqqa va suv tanqisligiga chidamli turlarga ustuvorlik berish rejalashtirilmoqda.

Ekologiya qoʻmitasiga har bir mahalla kesimida koʻchat turi, ekiladigan joyi va sugʻorish tizimi aks etgan “yashil xarita”larni ishlab chiqib, aholiga eʼlon qilish topshirildi. Mahalla raislari bilan birga har bir koʻchadagi daraxt va koʻchatlar holatini muntazam kuzatish, qurish sabablarini aniqlab, bartaraf etish vazifasi yuklatildi.

Daraxt ekish ishlarini, avvalo, aholi gavjum joylarda, piyodalar yoʻlaklari va tunu kun ishlaydigan koʻchalarda tashkil etish muhimligi taʼkidlandi. Bunday hududlarda soya beruvchi daraxtlarni koʻpaytirish orqali odamlarning yurishi va dam olishi uchun qulay sharoit yaratish zarurligi qayd etildi.

Taqdimotda “Yashil” mahallam” dasturi doirasida mahallalarga kompleks xizmatlar koʻrsatish takliflari koʻrib chiqildi. Mahalla buyurtmasi asosida sifatli koʻchatlar, organik oʻgʻit va suv tejovchi sugʻorish vositalarini yetkazib berish, daraxtlarni kasallik va zararkunandalardan himoya qilish xizmatlarini yoʻlga qoʻyish nazarda tutilmoqda.

Har bir mahallaga oʻrmonchi-murabbiy biriktirib, aholiga koʻchat ekish, sugʻorish va parvarishlashni oʻrgatish, uylar, maktab va bogʻchalar oraligʻida kichik daraxtzorlar hamda jamoat bogʻlarini barpo etish rejalashtirilgan. Bu ishlarga mahalla faollari va yoshlardan iborat koʻngillilar harakatlarini keng jalb qilish vazifasi belgilandi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.