Yarim soniyada futbol maydonini bosib oʻtadi: Germaniyada oʻta tezkor dron sinaldi
Germaniyaning Quantum Systems kompaniyasi elektr motorli Apex Recordhunter tajriba droni sinovda soatiga 777 kilometr tezlikka erishganini bildirdi. Bu yarim soniyada qariyb 110 metr masofani bosib oʻtishga teng. Biroq natija rasmiy rekord sifatida tan olinishi uchun yana bir parvoz oʻtkazilishi kerak.

Yarim soniyada futbol maydonini bosib oʻtadi: Germaniyada oʻta tezkor dron sinovdan oʻtkazildi
DW xabariga koʻra, kompaniya bu haqda LinkedIn sahifasida maʼlum qilgan. 22-oktabr kuni bir qator OAV bu natijaga eʼtibor qaratgan.
Quantum Systemsning aytishicha, sinovni mustaqil ekspertlar kuzatgan. Koʻrsatilgan tezlik GPS maʼlumotlari va dronning bort qaydlagichi yozuvlari bilan tasdiqlangan.
Shunga qaramay, bu natija hozircha rasmiy rekord sifatida tan olinmagan. Buning uchun Apex Recordhunter qarama-qarshi yoʻnalishda ham uchishi kerak. Ikkinchi sinov shamolning tezlikka mumkin boʻlgan taʼsirini istisno qilishga xizmat qiladi. Kompaniya bunday parvozni yaqin kunlarda oʻtkazishini bildirgan.
Quantum Systems iyun oyida ham shu dron soatiga 699 kilometr tezlikka chiqqanini eʼlon qilgan edi. Yangi koʻrsatkich avvalgisidan 78 km/soat yuqori.
Iyun oyidagi xabarda tajriba apparatiga Porsche avtokonsernining shoʻba tuzilmasi — V4Smart kompaniyasi akkumulyatori oʻrnatilgani aytilgan. Biroq rekordchi dron bir marta quvvatlanish bilan qancha masofa ucha olishi hozircha oshkor etilmagan.
Quantum Systems 2015-yilda tashkil etilgan boʻlib, bosh qarorgohi Bavariyadagi Gilxingda joylashgan. Uning asoschilaridan biri — Germaniya qurolli kuchlarining sobiq ofitseri va harbiy uchuvchi Florian Zaybel.
Kompaniya dastlab qishloq xoʻjaligida foydalanish uchun uchuvchisiz apparatlar ishlab chiqishga ixtisoslashgan. DW maʼlumotiga koʻra, Rossiyaning Ukrainaga keng koʻlamli hujumidan keyin u harbiy yoʻnalishga eʼtiborini kuchaytirib, Kievga Rossiyaning Shahed dronlarini tutib qolishga moʻljallangan apparatlarni yetkazib bera boshlagan. Kompaniya Ukrainada ham dron ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻygan.
Yuqori tezlik tutuvchi dronlar uchun muhim xususiyat hisoblanadi: ular havodagi nishonga yetib olishi kerak. Biroq Apex Recordhunter tajriba apparati boʻlib, xabarda uning oʻzi Ukrainaga yetkazilayotgani yoki jangovar vazifalarda qoʻllanayotgani aytilmagan.

