“Yaqinda Shohruxxon meni uyaltirdi”. Zebo Navro‘zova oilasi va qaynona-kelin munosabatlari haqida

“Yaqinda Shohruxxon meni uyaltirdi”. Zebo Navro‘zova oilasi va qaynona-kelin munosabatlari haqida
Aktrisa va rejissyor Zebo Navro‘zova “Navo” telekanalining “Mening oshxonam” dasturida mehmon bo‘lib, qaynona-kelin munosabatlari, kelinlik davrida orttirgan tajribalari hamda o‘g‘li Shohruxxon “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist” unvonini olgan paytda his qilgan quvonchi haqida gapirib berdi.
“O‘g‘lim O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist unvonini oldi”
— O‘g‘lim Shohruxxon O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist unvonini olganidan beri uyimizda bayram. Prezidentimiz unvonni o‘g‘limning ko‘ksiga taqib qo‘yganlarida, men u bilan faxrlandim. Albatta, ko‘z yoshlarim ham bo‘ldi. Chunki bu kunni uzoq yillar kutgan edik. Ushbu mukofot uning tinimsiz mehnatlari samarasidir. O‘sha paytda ko‘nglimdan kechgan tuyg‘ularni so‘z bilan ifodalash qiyin.
Ijodkorlarning har bir vakili o‘z muxlisiga ega. Xalqimizning ham o‘z suyukli san’atkorlari bor. Biroq Shohruxxon tinmay yangilik yaratadigan ijodkor. U uzluksiz ravishda yangi hit qo‘shiqlar, kliplar va filmlar ustida ishlaydi. Shu bois o‘zimni uning birinchi raqamli muxlisasiman, deb bilaman.
“Ayol kishining rejissyor bo‘lishi oson emas”
Ko‘plab aktyor va aktrisalar Zebo Navro‘zovani rejissyor sifatida ancha qattiqqo‘l deb ta’kidlashadi. Rejissyor esa ayol kishi uchun bu kasbni egallash qiyinligi, ba’zan mas’uliyat va majburiyat sabab shunday yo‘l tutishga majbur bo‘lishi haqida so‘zlab berdi.
— Qattiqqo‘lligim haqida gapiradigan bo‘lsam, ayol kishi uchun rejissyorlik oson kasb emas. Bu juda katta vaqt, kuch va fikriy quvvat talab qiladigan ish. Borlig‘ingiz bilan ishga kirishishingiz uchun chalg‘ituvchi narsalardan butunlay uzilishingiz kerak. Bu esa ayol kishi uchun biroz mushkul. Oila, ro‘zg‘or, uy yumushlari, dasturxon va farzandlar tarbiyasi bilan shug‘ullanish — bularning barchasi ayol zimmasidagi vazifalardir. Bundan tashqari, u mehmondorchiliklar va qarindoshlik rishtalarini ham mustahkam ushlashga mas’ul.
Rejissyorlikni tanlaganingizdan keyin yuqorida sanab o‘tilgan yumushlarning katta qismidan voz kechishga to‘g‘ri keladi. Bu esa oson kechmaydi. Menimcha, ayol rejissyorlarning kamligiga ham aynan shu omil sabab bo‘lsa kerak. Ba’zan ijodiy jarayonlar ichida yonib, o‘zimizni qo‘yarga joy topolmay qolamiz. Suratga olish maydonchasida aktyor hissiz va sovuq tursa, bir-ikki marta tushuntirib ko‘rasiz. Uchinchi va to‘rtinchi urinishda ham rolni ochib berolmagach, tabiiyki, jahl chiqadi. Har bir ishga mas’uliyat bilan yondashish shart bo‘lgani uchun ham ba’zan qattiqqo‘llik qilaman.
“Qaynona qanday bo‘lishidan qat’i nazar hurmat qilinishi kerak”
— Qaynona — bu ona. U qanday bo‘lishidan qat’i nazar hurmatga loyiq. Kelinlar qaynonani hurmat qilishga majbur, chunki u kelinining turmush o‘rtog‘ini voyaga yetkazib, bugungi darajasiga olib kelgan inson hisoblanadi.
Hayot davomida turli sinovlarni, yosh o‘tgani sayin esa turli xastaliklarni boshdan kechiramiz. Keksaygan sari inson fe’l-atvori o‘zgaradi. Kimdir muloyim tortsa, kimdir aksincha, jahldor bo‘lib qoladi. Shuning uchun kelinlardan iltimosim, bunday holatlarga ortiqcha e’tibor qaratib, ko‘ngilga olmaslik kerak. Qaynonaga ikki og‘iz shirin so‘z aytib, bir piyola issiq choy uzatilsa, uning kayfiyati ko‘tariladi, dilidagi g‘ashliklar tarqalib, keliniga jonini ham berib yuboradi.
“Hurmatli qaynonalar, keliningiz kelishi bilanoq unga o‘z qonunlaringizni uqtirmang”
— Masalaning ikkinchi tomoni ham bor. Kelin o‘zga bir muhitdan, boshqa bir oiladan xonadoningizga kirib keladi. Shuning uchun, hurmatli qaynonalar, u kelishi bilanoq qonun-qoidalaringizni uqtirishingiz to‘g‘ri emas. Tushuning, kelinni ozgina ayash kerak. O‘g‘lingizni urishib bersangiz, buni tezda unutib, yana “onajon” deb ketaveradi. Biroq kelin ota-onasi bag‘ridan ajralib kelganini yodda tutish lozim.
Shuning uchun biroz artistroq bo‘lish kerakdir, balki. To‘g‘ri, baribir ichi-ichida men, degan narsa turadi. Ertaga kelin ham o‘z menini qo‘yadi. Demoqchimanki, hamma narsada tarozi bo‘lishi kerak. Qonun-qoidalaringizni o‘rnatishning boshqa aqlliroq yo‘lini toping. Qonunlaringizdan hech kimning ko‘ngli og‘rib, dili xira bo‘lmasin. Aks holda bir oila barbod bo‘lishi mumkin. Uzoq yillardan buyon murabbiylik qilib kelayotganim ko‘pincha menga to‘g‘ri yo‘l tutishimda, o‘zimni boshqarishimda qo‘l keladi, deydi aktrisa va rejissyor.
“Qaynonamga ming rahmat deyman”
— Katta xonadonga kelin bo‘lib tushganman. Oilada uch ovsin edik. Qaynonamizning yoshi katta, qaynopalarim esa ko‘p edi. Uyimizda tez-tez yig‘inlar o‘tkazilib turilardi. Kattalarimizning boriga shukr, qaynonamga ming rahmat deyman. Qarindoshlik rishtalarini aynan kattalar bog‘lab turishar ekan. Bu urf-odatlar esa ulardan bizga meros bo‘lib o‘tadi. Boisi, qiz bola mustaqil hayotga qadam qo‘yib, yangi xonadonga kelgach, hayotiy o‘gitlarni onasidan emas, qaynonasidan ola boshlaydi.
Biz ham qaynonamizdan o‘rganib, dasturxonlarni bezatardik. Ovsinlar o‘rtasida kim ko‘p va mazali taom pishirishi bo‘yicha musobaqalar bo‘lardi. Dasturxonni bo‘sh joy qolmaguncha to‘ldirib tashlardik. Xona bo‘ylab yasatilgan uzun xontaxta atrofiga oilaning barcha a’zolari, hattoki bir yoshli go‘dak ham kelib o‘tirmagunicha, biz ham dasturxonga o‘tirmasdik. Bu balki qaynonam yoki yangi oila tomonidan qo‘yilgan qoida bo‘lgandir. O‘sha paytda balki bundan biroz ranjigandirmiz, biroq bugun o‘ylab qarasam, bu o‘zaro hurmat va mentalitetimizning yuksak madaniyati ekan, deydi u.
“O‘g‘lim Shohruxxon meni uyaltirdi”
— Afsuski, hozirgi kunda ishim va kasbim sababli ushbu an’analarni davom ettira olmayapman. Qarindosh-urug‘larni yig‘ib bayramlar o‘tkazishni, do‘stlarim davrasida bo‘lishni istayman-u, ammo bunga vaqtim yetmaydi. Ozgina bo‘sh vaqtim bo‘ldi deguncha uyga shoshaman. Kechasi ssenariy yozib, kunduzi syomkada bo‘laman. Mana shu yozuv-chizuv va suratga olish ishlari butun kunimni egallaydi. Shuning uchun ham yillar davomida mehmondorchiliklarni tashkil qila olmayapman.
Yaqinda katta o‘g‘lim Shohruxxon eng katta baraka, savob va boyligimiz — qarindoshlar o‘rtasidagi mehr-oqibatda, ya’ni siylai rahimda ekanini aytdi. Agar mening vaqtim bo‘lmayotgan bo‘lsa, kelinlarimga tayinlab, bu an’anani qayta tiklashim kerakligini eslatib, meni uyaltirdi, deydi aktrisa va rejissyor Zebo Navro‘zova.

