Yaqin Sharqdan neft eksporti urushdan oldingi darajaga qaytdi
Taʼminot yoʻnalishlarining diversifikatsiya qilinishi hamda Hoʻrmuz boʻgʻozi orqali kemalar qatnovining qisman tiklanishi tufayli Fors koʻrfazi mamlakatlaridan neft eksporti urushdan oldingi koʻrsatkichlarga yetdi.

Yaqin Sharqdan neft eksporti urushdan oldingi darajaga qaytdi
Brent fyucherslari bir barrel uchun 100 dollardan pastlaganiga qaramay, yoqilgʻi narxlari hanuz rekord darajalarga yaqin turibdi. Hozir Yaqin Sharqdan asosan xom neft olib chiqilmoqda, chunki Eron zarbalari keltirgan zarar va yangi hujumlar xavfi sabab mintaqadagi koʻplab neftni qayta ishlash zavodlari yopiq qolmoqda. Shu bois dunyoda neft mahsulotlari tanqisligi saqlanib qolmoqda.
The Wall Street Journal Kpler maʼlumotlariga tayangan holda xabar berishicha, 21-sentabrdan 27-sentabrgacha boʻlgan bir hafta davomida mintaqadan 160 million barreldan ortiq, yaʼni kuniga 23,3 million barrel neft eksport qilingan. Xuddi shunday hajm fevral oyining birinchi yarmida ham tashilgan edi. Biroq hozir eksportning qariyb 55 foizi Eron toʻsishga tobora muvaffaqiyatsiz urinayotgan Hoʻrmuz boʻgʻozi ostonasidagi Oʻmon koʻrfazidan hamda Saudiya Arabistoni quvur orqali neft yetkazib berayotgan Qizil dengizdan amalga oshirilmoqda. Urushdan oldin esa neftning 80 foizdan ortigʻi aynan Hoʻrmuz orqali joʻnatilar edi.
Reuters agentligi qoʻshimcha qilishicha, sentabr oyida 14 kun davomida barcha yoʻnalishlar boʻyicha mintaqaviy eksport urushdan oldingi darajadan yuqori boʻlgan. Holbuki, urush boshlanishidan oldingi bir yil davomida bu koʻrsatkich kuniga 18 million barrelni tashkil etgan edi. Kpler tahlilchilariga koʻra, taʼminot hajmining yaqinda keskin oshishi Saudiya Arabistonining bozordagi oʻz ulushini tiklash maqsadida Hoʻrmuz orqali tankerlarda neft tashishni faollashtirgani hamda 10-sentabr kuni Iroq hududidan Eron qoʻllovidagi jangarilar tomonidan berilgan zarbadan soʻng qayta tiklangan quvur orqali neft haydashni koʻpaytirgani bilan izohlanadi.
Brent fyucherslari sentabr oyining birinchi yarmidan beri deyarli butun vaqt davomida bir barrel uchun 100 dollardan yuqori baholangan. Biroq seshanba kuni ularning narxi 98,1 dollargacha tushdi. Bunga saudiyaliklar tomonidan qoʻllab-quvvatlanuvchi Yaman hukumat qoʻshinlarining Qizil dengizga kemalar kiradigan Bob al-Mandib boʻgʻozi qirgʻoqlarini qaytarib olgani haqidagi xabarlar sabab boʻldi. Natijada Eron homiyligidagi husiylar guruhi sentabrda egallab olgan va kemalar qatnovini nazorat qilish imkonini bergan hududlarning aksariyat qismidan chekinishga majbur boʻldi.
Hozirgacha AQSH asosan qariyb 2 million barrel xom neft tashish quvvatiga ega supertankerlarga koʻmak berib kelayotgan edi.

