Mahalliy

Yaqin qarindoshlarni ro‘yxatga olishda uy maydoni bo‘yicha cheklov bekor qilinadi

O‘zbekistonda fuqarolarni yashash va turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish tartibini soddalashtirishga qaratilgan qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda ma’qullandi. Ushbu loyiha yaqin qarindoshlarni ro‘yxatga olishda uy maydoni bo‘yicha cheklovlarni bekor qilishni nazarda tutadi.

Qonun loyihasi fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini to‘liqroq ta’minlashga yo‘naltirilgan uchta muhim yangilikni o‘z ichiga oladi. Xususan, oila a’zolari va yaqin qarindoshlarni turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olishda uy-joy maydonining ijtimoiy normasini qo‘llash bilan bog‘liq cheklovlar olib tashlanmoqda.

Uy-joy maydonining ijtimoiy normasi – bu qonunda belgilangan, bir kishiga to‘g‘ri kelishi kerak bo‘lgan eng kam uy-joy maydoni. O‘zbekistonda bu norma bir kishi uchun kamida 16 kvadrat metr, kreslo-aravachada harakatlanadigan nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun esa kamida 23 kvadrat metr etib belgilangan.

Qonun loyihasiga ko‘ra, er-xotin, ota-ona va farzandlar, buva-buvi va nevaralar, shuningdek, aka-uka va opa-singillar bir-birining uy-joyiga ro‘yxatdan o‘tayotganda, xonadon maydoni belgilangan me’yordan kam bo‘lsa ham, bu holat ro‘yxatdan o‘tishga to‘sqinlik qilmaydi. Bu esa oila a’zolari va yaqin qarindoshlarni bir manzilda ro‘yxatga olishni osonlashtiradi.

Loyihada talabalar turar joylarida yashovchi talabalar uchun alohida huquqiy mexanizm joriy etilib, ularni ro‘yxatga olishda uy-joy maydonining ijtimoiy normasi qo‘llanmasligi belgilanmoqda. Bu oliy ta’lim muassasalarida talabalarni ro‘yxatga olish bilan bog‘liq mavjud amaliy muammolarni bartaraf etishga xizmat qiladi.

Majlisda ta’kidlanishicha, bugungi kunda ipoteka krediti yoki subsidiya asosida uy sotib olgan ko‘plab fuqarolar o‘z uyida ro‘yxatdan o‘tishda qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Bu ularga farzandlarini maktab yoki bog‘chaga joylashtirish, poliklinikaga biriktirish, pensiya va boshqa ijtimoiy xizmatlardan foydalanishda muammolar tug‘dirmoqda.

Qonun loyihasiga muvofiq, endilikda uy-joyga taqiq qo‘yilgan bo‘lsa ham, mulkdor va uning yaqin qarindoshlarini taqiq yoki xatlov qo‘yilgan turar joyda ro‘yxatga olishda garovga olish, taqiq qo‘yish yoki bekor qilishga vakolatli organlar (bank, sud, MIB)ning roziligi talab etilmaydi. Bu tartib, avvalo, uy-joy mulkdori va uning oila a’zolarining o‘z uyida qonuniy ro‘yxatdan o‘tishiga imkoniyat yaratadi.

Shu bilan birga, garovga oluvchi va davlat organlarining qonuniy manfaatlarini ta’minlash maqsadida ro‘yxatga olinayotgan shaxsning oldindan yozma roziligi instituti joriy etilmoqda. Ushbu mexanizmga ko‘ra, garovga oluvchi yoki taqiq (xatlov) qo‘ygan vakolatli organning murojaatiga asosan ro‘yxatga olinganlik bekor qilinishi mumkin bo‘ladi. Mazkur huquqiy yechim bir tomondan fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini, ikkinchi tomondan kreditorlarning huquq va qonuniy manfaatlarini yetarli darajada himoya qilishni ta’minlaydi.

Muhokamalar davomida deputatlar qonun loyihasining ahamiyati va zarurati haqida to‘xtalib, undagi ayrim normalar bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalari, taklif va tavsiyalarini bildirdilar. Ular ushbu hujjat aholiga ko‘rsatiladigan davlat xizmatlarini yanada sodda va qulay qilishga, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini ishonchli ta’minlashga xizmat qilishini ta’kidladilar.

Eslatib o‘tamiz, 2026-yil may oyida O‘zbekistonda fuqarolarni yashash va turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish hamda ro‘yxatga olinganini bekor qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlangandi.