Mahalliy

Yaqin qarindoshlarni bitta uyda ro‘yxatdan o‘tkazishda uning maydoni bo‘yicha cheklov bekor qilinadi

O‘zbekistonda fuqarolarni yashash va turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish tartibini soddalashtirishga qaratilgan qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan ikkinchi o‘qishda ma’qullandi.

18-avgust kuni bo‘lib o‘tgan majlisda ko‘rib chiqilgan ushbu qonun loyihasi fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini to‘liqroq ta’minlashga qaratilgan uchta muhim yangilikni o‘z ichiga oladi. Xususan, oila a’zolari va yaqin qarindoshlarni turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olishda uy-joy maydonining ijtimoiy normasini qo‘llash bilan bog‘liq cheklovlar bekor qilinmoqda.

Bu shuni anglatadiki, er-xotin, ota-ona va farzandlar, buva-buvi va nevaralar, shuningdek aka-uka va opa-singillar bir-birining uy-joyiga ro‘yxatdan o‘tayotganda, xonadon maydoni belgilangan me’yordan kam bo‘lsa ham, bu holat ro‘yxatdan o‘tishga to‘sqinlik qilmaydi. Bu esa oila a’zolari va yaqin qarindoshlarni bir manzilda ro‘yxatga olishni osonlashtiradi.

Loyihada talabalar turar joylarida istiqomat qilayotgan talabalar uchun alohida huquqiy mexanizm joriy etilib, ularni ro‘yxatga olishda uy-joy maydonining ijtimoiy normasi qo‘llanilmasligi ham belgilangan. Bu, ta’kidlanishicha, oliy ta’lim muassasalarida talabalarni ro‘yxatga olish bilan bog‘liq mavjud amaliy muammolarni bartaraf etishga xizmat qiladi.

Majlisda bugungi kunda ipoteka krediti yoki subsidiya asosida uy sotib olgan ko‘plab fuqarolar o‘z uyida ro‘yxatdan o‘tishda qiyinchiliklarga duch kelayotgani, bu esa ularga farzandlarini maktab yoki bog‘chaga joylashtirish, poliklinikaga biriktirish, pensiya va boshqa ijtimoiy xizmatlardan foydalanishda muammolar tug‘dirayotgani qayd etildi.

Qonun loyihasiga ko‘ra, endilikda taqiq yoki xatlab qo‘yilgan turar joyda yashash joyi va turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tish uchun garovga oluvchining, taqiq va xatlab qo‘yishga yoki uni olib tashlashga vakolatli organning roziligini olish talab etilmaydi. Bu norma, avvalo, uy-joy mulkdori va uning oila a’zolarining o‘z uyida qonuniy ro‘yxatdan o‘tishiga imkoniyat yaratadi.

Ushbu qonun loyihasi deputatlar tomonidan 11-avgustda birinchi o‘qishda ko‘rib chiqilgan edi. 2026-yil may oyida O‘zbekistonda fuqarolarni yashash va turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish hamda ro‘yxatdan o‘tkazilganini bekor qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlangandi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.