Yaponiyada kuchli yomg‘ir sabab Osiyo o‘yinlarida qatnashuvchi sportchilar evakuatsiya qilindi

Yaponiyada kuchli yomg‘ir tufayli Osiyo o‘yinlari ishtirokchilari evakuatsiya qilindi
Osiyo o‘yinlarida qatnashadigan yuzlab sportchilar 10-sentyabr kuni boshlanishi rejalashtirilgan ayrim musobaqalar arafasida, kuchli yomg‘ir Nagoyadagi sport inshootlariga zarar yetkazgani sababli vaqtincha xavfsiz joyga ko‘chirildi. Bu haqda Reuters nashri xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, 8-sentyabr kuni shaharda yog‘gan yomg‘ir bir soat ichida 104 millimetrga yetgan. Kuchli yog‘ingarchilikdan keyin shaharning ayrim hududlarida suv toshqini xavfi yuzaga kelib, mahalliy hokimiyat evakuatsiya e’lon qilgan.
Rasmiylar ma’lumotiga ko‘ra, Nagoya porti hududidagi vaqtinchalik turar joylarda yashayotgan 400 nafar sportchi va jamoa vakili qisqa muddatga balandroq hududga ko‘chirilgan. Evakuatsiya buyrug‘i taxminan ikki soatdan keyin bekor qilinib, sportchilar yana o‘z turar joylariga qaytarilgan.
Kuchli yomg‘ir musobaqa inshootlariga ham ta’sir ko‘rsatgan. Ayrim sport majmualarining tomidan suv o‘tgani qayd etilgan. Biroq shahar meri Ichiro Hirosava ta’kidlashicha, inshootlarga jiddiy zarar yetmagan va musobaqalarni belgilangan muddatda o‘tkazishga xalaqit beradigan holat kuzatilmagan.
Ma’lumot uchun, Osiyo o‘yinlarining rasmiy ochilish marosimi 19-sentyabr kuni bo‘lib o‘tadi. Ayrim musobaqalar esa oldinroq boshlanadi. Jumladan, basketbol bahslari 10-sentyabr, futbol uchrashuvlari esa 15-sentyabr kuni boshlanishi rejalashtirilgan. Osiyo o‘yinlarida 17 mingdan ortiq sportchi va rasmiylar ishtirok etishi kutilmoqda.

